Magistrlik dissertatsiyasi mavzusi:G’ovak muhitlarda ko’p bosqichli kinetika asosida anomal modda ko’chirish masalalarini sonli modellashtirish.
Muammoning dolzarbligi va ahamiyati: Jahon miqyosida olib borilayotgan koʼplab ilmiy-amaliy tadqiqotlar aksariyat hollarda bir jinsli boʼlmagan suyuqliklar filtratsiyasi nazariyasi masalalariga keltiriladi. Xususiy hosilali differensial tenglamalar sistemasi koʼrinishida ifodalanuvchi matematik modellar suyuqlik va gaz mexanikasi, gidrogeologiya, ekologiya kabi sohalardagi tadqiqotlarning obyektidir. Ichimlik va oqava suvlarni tozalash, neft-gaz konlari samaradorligini oshirishda gʼovak muhitlarda bir jinsli boʼlmagan suyuqliklarning sizish modellari va ularni sonli tadqiq etish usullari asos sifatida xizmat qiladi. Shuning uchun, gʼovak muhitlarda bir jinsli boʼlmagan suyuqliklar sizishi va modda koʼchishi jarayonlariga taʼsir etuvchi barcha asosiy omillarni hisobga olgan holda adekvat matematik modellar yaratish va tadqiq etish matematik modellashtirishning muhim vazifalaridan biri boʼlib qolmoqda.
Hozirgi kunda jahonda bir jinsli boʼlmagan suyuqliklar sizishi jarayoni mexanizmlarini chuqurroq oʼrganish, suspenziyadagi muallaq zarrachalarning gʼovak muhitlarda koʼchishi, ushbu zarrachalarning gʼovak muhit skeleti yuzasi bilan oʼzaro taʼsirlashuvini tadqiq qilish suyuqlik va gaz mexanikasining dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Suyuqlik va gazlarning sizish jarayonlarining matematik modellarini qurish va uni sonli tadqiq qilish filtratsiya nazariyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada:gʼovak muhitlarda ko’p bosqichli kinetika asosida anomal modda koʼchishi jarayonlarining takomillashtirilgan matematik modellarini yaratish, samarali hisoblash algoritmlari va qulay interfeysga ega dasturiy majmualar yaratish maqsadli tadqiqotlardan hisoblanadi.
Mamlakatimizda fundamental fanlarning ilmiy va amaliy ahamiyatga ega boʼlgan suyuqlik va gaz mexanikasining dolzarb yoʼnalishlariga eʼtibor kuchaytirildi. Jumladan, tutash muhitlar mexanikasi masalalarni yechishda matematik modellashtirish va hisoblash matematikasi usullaridan foydalangan holda nazariy tadqiqotlar hamda amaliy ishlanmalar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bir jinsli boʼlmagan suyuqliklarning gʼovak muhitlarda ko’p bosqichli kinetika asosida anomal modda koʼchishi jarayonlarini matematik modellashtirish muammolarini tadqiq qilish va dolzarb nazariy hamda amaliy masalalarni yechishda salmoqli natijalarga erishildi. “Dinamik tizimlar nazariyasi, amaliy matematika va matematik modellashtirish” fanlarining ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha xalqaro standartlar darajasida ilmiy tadqiqotlar olib borish amaliy matematikaning asosiy vazifalar va faoliyat yoʼnalishlari etib belgilandi . Qaror ijrosini taʼminlashda oqava va ichimlik suvlarini tozalash, neft va gaz konlariga suv haydash jarayonlarini modellashtirish va hisoblash eksperimentlarini oʼtkazish imkoniyatini beruvchi dasturiy majmualar yaratish muhim ahamiyatga ega.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyuldagi PQ-916-son «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni ragʼbatlantirish borasidagi qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi, 2017 yil 17 fevraldagi PQ-2789-son «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori va 2017 yil 8 fevraldagi PF-4947-son «Oʼzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʼyicha harakatlar strategiyasi toʼgʼrisida»gi farmoni hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu dissertatsiya tadqiqoti muayyan darajada xizmat qiladi.