O‘zi yangrovchi tilli chertma changqo‘biz cholg‘usining ham ko‘pgina turlari mavjud. U boshqirlarda umi, totorlarda qo‘biz deyiladi. Qo‘biz – ko‘pgina mamlakatlarda vargan nomi bilan ham mashhur. Kambodjiya angkuti, Oltoy qomusi, Boshqirdiston, totor qo‘bizi, Belorus, Bali varganlari, Nepal va Hindiston murchungasi, rus vargani (zubanka), yoqutlar xomusi, Gutsul drimbasi, vender dorombi o‘z yurtlarida keng tanilgan. Ular bir-biridan hajmi, korpusining ingichka - yo‘g‘onligi, tilchasining yumshoq-qattiqligi bilan farqlanadi. Ayrimlarining (Baliy varganida) tilchasida torlari ham bor.
T.Vizgoning kitobida Markaziy Osiyo hududidan surnaysimon cholg‘ularning ham dunyo bo‘ylab tarqalganligi haqidagi fikr-mulohazalarni o‘qiymiz. Unda surnaysimon Avlos (grekcha nomlanishi) cholg‘usi, uning quvur qismi alohida, puflanadigan qismi alohida tayyorlanishi, ya’ni asosiy tovush surnay va goboydagi singari “nay pachoq” qismi bilan bog‘liq ekanligi haqida ma’lumotlar berilgan. Greklarning yana bir damli cholg‘usi - Pan fleytasi (grekcha) esa bir-biriga birlashtirilgan quvurlardan iborat bo‘lib, ularning har birida alohida tovush hosil qilinishi aytib o‘tilgan. Uning nomlanishi grek xudosi Pan nomi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu Xudo doimiy ravishda mazkur cholg‘uni ushlagan holda tasvirlanadi. Farmerning “... greklar Sharqqa bergandan ko‘ra ko‘proq narsani olgan” degan fikridan, grek mualliflari bu cholg‘ular ularning yurtiga Sharq mamlakatlaridan kirib kelgan, degan so‘zlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu ikki cholg‘uning asl vatani Markaziy Osiyo ekanligi ayon bo‘ladi. Hozirda avlos va Pan fleytasi turidagi cholg‘ular Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Koreya, Yaponiya, Turkiya kabi bir qator Sharq xalqlarida uchraydi.
Markaziy Osiyo saurnaylarining qarindoshlari orasida hind shexnayi, turk, ozarbayjon, armaniston, qurdlar zurnalarini, kavkaz xalqlari dudukini, yaponlar xidiriki va fuesini aytib o‘tish lozim. Bu cholg‘ular o‘zining baland va jarangdor yangrashi, yuqori registrlarni chala olishi bilan ajralib turadi. Ular asosan ochiq havoda chalinadi.
Turk zurnasining tuzilishi, tovushqatori Markaziy Osiyo surnaylariga o‘xshash. Uzunligidan kelib chiqqan holda Turkiyada zurnaning 3 turi kaba zurna (qo‘pol zurna), O‘rta zurna va Jur zurna (yorqin yangrovchi zurna) farqlanadi. Undan tashqari bu mamlakatda mey cholg‘usi – zurnaning kichik turi mavjud. U nayga o‘xshagan bo‘lib, tana, trubka va qisqichlardan tashkil topgan. Tanaga qistirilgan qisqichlarni yuqori va pastga surib bir tonga farq qiluvchi akkordni chalish mumkin. U 8 ta tovush chiqarish teshigiga ega (7 tasi ustida, 1 tasi ostida). U ham zurna singari 3 turga ega. Ozarbayjonda may balabon deb ataladi.
Xitoy madaniyatida guan damli cholg‘usi mavjud. U tsilindrsimon ko‘rinishdagi 8 yoki 9 teshikli, yog‘och, qamish yoki bambukdan yasaladi. U ikkita qamishli tilchaga ega bo‘lib, toraygan qismi ip bilan bog‘lanib cholg‘u tanasiga kiritiladi. Uning ikkala chetiga ham qalaydan yasalgan xalqalar kiydiriladi. Uzunligi 200-450 mm, gacha bo‘ladi. Zamonaviy guan xromatik diapazonga ega.
Karnay cholg‘usi milliy madaniyatimizda alohida o‘rin tutadi. U o‘ziga xos chaqiriq, xabarchi vazifasini bajaradi. Boshqa xalqlarda ham uchraydigan mana shunday cholg‘u Trembita deb nomlanadi. Bunday mundshtukli cholg‘u ukrain, polyak, venger, xorvat, dalmat, rumin xalqlarida mavjud. Misli karnaydan farqli o‘laroq bu cholg‘u chaqmoq urgan daraxtlar po‘stlog‘idan yasaladi. Uzunligi 4 metrgacha, diametrik 30 mm. atrofida bo‘lib, kengayib boradi. Trembitaning tor tomoni uchida metal tilcha qo‘yiladi. Tilchaning hajmi tovushqatorning balandligini belgilaydi. Alp shoxlari ham bu cholg‘uga o‘xshaydi.
Qadimgi davrlarda keng tarqalgan urma zarbli musiqa cholg‘ularidan biri bu doyradir. Markaziy Osiyo xalqlari orasida daff, dapp, deyra, debu, childirma, chirmanda, dov kabi nomlar bilan atalib kelinadi. Uning paydo bo‘lishi eramizdan avvalgi ikki minginchi yilga borib taqaladi. O‘tmish davrdagi doyralarning ko‘rinishi va hajmi hozirgi o‘zbek doyralaridan juda kam farqlanadi.
Xitoy manbalarida ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoda eramizdan uch ming yil oldin ham cholg‘ular chetga tarqalgan yoki chetdan kirib kelgan hollari kuzatilgan. A.Nazarov doyraga sig‘inish qadimgi turkiy xalqlar va Xitoy diniy an’analariga xos tog‘ va qoyalar ruhi bilan bog‘liq odat bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Haqiqatdan ham, doyra diniy marosimlarning eng muhim jo‘rnavozi hisoblanadi. Bu hol ayniqsa shamanlar faoliyati bilan bog‘liq. Shamanlar nafaqat Markaziy Osiyo, Xitoy davlatlarida, balki Rossiyaning shimoliy hududlarida ham mavjud. Bu esa doyrasimon cholg‘ularning rus xalqi orasida ham keng tarqalganligidan dalolat beradi. Rus va g‘arb madaniyatida buben cholg‘usi ham keng tarqalgan bo‘lib, ular gardishi atrofida juft metal doyrachalar bilan to‘ldirilganligi va jarangdorligi bilan ajralib turadi.
Markaziy Osiyo doyralariga o‘xshash cholg‘ularni biz ko‘pgina xalqlar madaniyatida uchratamiz. Turk doyrasi ikki xil bo‘ladi. Bular: gardish atrofida joylashgan kichgina dayrachaki doyra va gardishiga faqat teri tortilgan doyra. Ikkinchi ko‘rinishi o‘zbek doyralariga yaqindir. Biroq uning gardishi ichida milliy doyramiz singari temir xalqachalari yo‘q. Turklarning birinchi ko‘rinishidagi bubenlar esa slovyan, kavkaz xalqlarida, shamanlar ijodida kent rivoj tarqalgan.
Nog‘oralarning turli shakl va ko‘rinishlari dunyo xalqlari musiqa madaniyatidan chuqur o‘rin olgan. Xalq orasida qo‘llaniladigan nog‘oralarni yasash va ularni chalish qiyin emas. Shuning uchun ularning turlari juda ko‘p va rang-barangdir. Afrika, Lotin amerikasida nog‘oralarning har xil ko‘rinishlarini uchratish mumkin. Yaponlarda tayko, xitoylarda bangu, paygu, hindlarda table, mridanga, kavkazlarda dxol, turklarda dumbek, darbuk kabi urma cholg‘ulari mavjud.
Qo‘sh nog‘ora Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatidan tashqari hindistonda, ozarbayjonda keng rivojlangan. Bu cholg‘ular hajmining katta-kichikligi, yasalish materiali, yuziga tortiladigan teri tulari bilan ajralib turadi. Hing qo‘sh nog‘orasi barmoqlar va kaft bilan chalinsa, qolgan xalqlarda taxali tayoqchalar bilan chalinadi. Qo‘shnog‘oraning ovozi baland va jarangdordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |