Yaponlarda ham udsimon cholg‘u mavjud bo‘lib, u “biva” deb ataladi. Tarixchilarning yozishicha, bu cholg‘uning paydo bo‘lishiga IX-X asrlarda Yapon imperatorlariga qimmatbaho sovg‘alar qatorida ud cholg‘usi ham tortiq qilinganligi sabab bo‘lgan. Hozirda bivaning gakubiva, gogenbiva va tikudzenbiva turlari mavjud.
Ud Armaniston, Ozarbayjon, Eron, Turkiyada ham keng tarqalgan.
Ud yevropa lyutnasining avlodi bo‘lib, u Yevropaga arablarning Ispaniyani bosib olishi vaqtida olib kelingan. XV asrning oxirlarida polifonik kuylarni ijro etish uchun lyutnada barmoqlar bilan ijro qilish texnikasi yo‘lga qo‘yilgan. Uyg‘onish davrining oxirlarida lyutna torlari o‘n juftlikkacha, barokko davrida esa 14 juftgacha (ba’zi hollarda 19 tagacha) oshdi. Keyinchalik takomillashgan 25-30 torli lyutnalar cholg‘u tuzilishining o‘zgarishini talab etdi.
Mandolina cholg‘usi ham udning ajdodlaridan bo‘lib, XVI asrda Italiyada kashf etilgan. Ispan bandurasi ham mandolinaga o‘xshab ketadi. Bundan kelib chiqadiki, bu cholg‘u ham udning o‘zgargan, takomillashgan va yangi xususiyatlarni o‘zida mujassamlagan ko‘rinishidir.
O‘rta asrlarda Ispaniyada kashf etilgan 5 ta juft torli Gitara cholg‘usining yaratilishiga ham ud cholg‘usi asos bo‘lib xizmat qilganligi tarixiy manbalardan ma’lum. Asrlar davomida gitara cholg‘usi takomillashib bordi. XVII asrda ispan gitarasi Angliyaga tarqaldi. XVIII asr oxirida 6 torli gitara yasala boshlandi va Rossiya hududiga ham keng tarqaldi. XIX asrga kelib Rossiyada ingliz va ispan gitaralari xususiyatlarini o‘zida mujassamlagan yetti torli gitara keng takomillashdi. XIX asrda ispan gitara ustasi Antonio Torres gitarani zamonaviy shakl va hajmda yasadi. XX asrda esa elektr quvvatining paydo bo‘lishi va tovushlarni qayta ishlash natijasida elektrogitara kashf etildi. Bugungi kunda yetti torli gitara va elektrogitaralar dunyo bo‘yicha keng tarqalgan. Elektrogitara ayniqsa estrada musiqasida ommalashgan.
Ayritom hududida topilgan udning ko‘rinishi yevropa cholg‘ulari - skripka, violonchel va kontrabasga juda o‘xshab ketadi. Bu o‘xshashlik cholg‘u kosaxonasining o‘rta qismi ingichkalashib ketganligidadir. Xuddi shunday torayishni ozarbayjon, turk va armanlarning tor cholg‘ularida ham kuzatiladi. Skripkasimon cholg‘u kosaxonasining o‘rta qismidagi torayish unda kamonni erkin yuritish uchun mo‘ljallanganligini inobatga oladigan bo‘lsak, ham kamon bilan ijro etish uslubi mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin. Skripka oilasidagi cholg‘ularning kamon yordamida ijro etilishi ularning ko‘proq g‘ijjak cholg‘usi ajdodi ekanligiga asos beradi.
Markaziy Osiyoda keng tarqalgan do‘mbira cholg‘usi boshqa xalqlarda ham uchraydi. Bu cholg‘u asosida O‘zbekistonda dutor, tanbur, sato yoki setor cholg‘ulari kashf etildi. O‘zbek va qozoq do‘mbirasi asosida rus domrasi va balalaykasi kashf etildi. Qadimgi Rusda domra cholg‘usi xalq musiqachilari va aktyor-skomoroxlarning asosiy cholg‘usi bo‘lgan. Ular qishloqma-qishloq, shaharma-shahar yurib hajviy tomoshalar ko‘rsatishgan. Ko‘p hollarda zodagonlar, cherkov a’yonlari ustidan kuladigan sahnalar qo‘yishgan. Bu hukmdorlarning qahrini keltiradi va XVIII asrda skomoroxlarni surgun qilishni yoki qatl qilishni boshlashadi. Shu tariqa domrani ham “qatl” qilinadi. Ko‘p asrlar davomida domra cholg‘usi rus xalqi madaniyati va tarixidan yo‘qoldi. Bu cholg‘u haqidagi ma’lumotlar Rossiyada qadimgi saroy qo‘lyozmalarida saqlanib qolingan. Polshada Semyon Budnoy tarjimasidagi Bibliya kitobi nashri (Nesvijslaya, 1571-1572 yillar) saqlab qolingan. Unda “domra” cholg‘usining nomi “organum”, ya’ni “cholg‘u” so‘zining tarjimasi deb aytib o‘tilgan. Osha davrlarda Litvada keng tarqalgan bo‘lgan1. Boshqirdistonbda esa do‘mbirani rekonstruktsiya qilish ishlari 1980- yillarda V.Shugayupov tomonidan olib borilgan. U yozma manbalar va yoshi kattalarning hikoyalariga asoslangan holda cholg‘uni qayta tiklagan. Shu bilan bir qatorda cholg‘u ustalari G.Kubagushev, Yu.Zirin, A.Ovchinnikiv, V.Zubchenko, A.Parayevlar ham do‘mbirani takomillashtirish ustida ishlar olib borganlar. 1992 - yilda Ufa davlat san’at institute qoshida boshqir do‘mbirasi va qil-qo‘biz ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba laboratoriyasi tashkil etildi. Bu yerda R.Galimov, A.Yangujin, A.Bayramgulov, S.Baymuhamedovlar ish olib bordilar.
Zamonaviy cholg‘u ayrim o‘zgarishlarga yuz tutdi. Bugungi kunda do‘mbira yakka tarzda ham, cholg‘ular ansambli tarkibida ham qo‘llaniladi. Do‘mbiraning orkestr uchun soprano, alt, bas turlari yaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |