3.2 An’anaviy milliy cholg‘ular
An’anaviy milliy cholg‘ular deganda biz ko‘p asrlardan buyon professional ijrochilik san’atida qo‘llanib kelinayotgan sozlarni tushunamiz. Nay, qo‘shnay, chang, qonun, rubob, dutor, tanbur, g‘ijjak, sato, doyra mana shunday cholg‘ulardan hisoblanadi.
Markaziy Osiyo musiqa cholg‘ularining butun dunyo bo‘yicha tarqalganligi, ularning negizida yangi-yangi cholg‘ularning kashf etilganligi xorijiy adabiyotlarda ham aytib o‘tilgan. Xususan, Koreya milliy cholg‘usi bo‘lmish yonggeumning kelib chiqishi Markaziy Osiyoning chang cholg‘usidan ekanligi haqidagi ma’lumot “Koreya milliy musiqasi muzeyi” katalogida aytib o‘tilgan. Bu cholg‘uning tuzilishi har tomonlama chang cholg‘usiga monand. Kitobda changsimon cholg‘ular “Markaziy Osiyodan Yevropaga, Xitoyga va Koreyaga keng tarqalgan”1ligi ham alohida qayd etiladi. Shu bilan bir qatorda sibizg‘asimon Mesenko, surnaysimon sona, pipa nayi suratlarini uchratamiz. Koreya xalq musiqa tarixiga bag‘ishlangan muzey katalogida Markaziy Osiyo changida kuy ijro etayotgan changchining surati ham berilgan.
Markaziy Osiyo madaniyati tarixini aks ettiruvchi Naysa ritonlarida boshqa cholg‘ular qatorida tarelkalar ham tasvirlangan. Ular raqqosa ayollar qo‘lida piyolasimon shaklda va cholg‘uchilar qo‘lidagi yassi ko‘rinishda aks ettirilgan. Birinchisi ispan kastanettalarining ilk ko‘rinishlari bo‘lsa, ikkinchisi hozirda yevropa oskestri tarkibida keng qo‘llaniladigan katta tarelkalar avlodidir. Bunday likopchalar arablarda sagata deb atalib, ular qorin raqsiga tushishda raqqosalar tomonidan chalinadi.
Qadamiy urma cholg‘ular qatoriga qoshiqlar ham kiradi. Bu cholg‘uni biz turklarda, slovyan musiqasida, Amerika folklorida ko‘p uchratamiz. Ularning ko‘rinishi, har xil matodan yasalishi va soni jihatdan bir-biridan ajralib turadi.
Markaziy Osiyo hududida ilk namunalari topilgan cholg‘ulardan yana biri bu arfadir. Arfaning paydo bo‘lish tarixini kamon va yoy bilan bog‘lashadi. Kamondan yoy otilganda yoy kamonning toriga tegib ajib, kuychan bir ovoz chiqaradi. Keyinchalik kamon ipidan signal sifatida foydalanishgan. Arfaning birinchi kashfiyorchisi kamonga 3-4 ta ipni tortgan odamdir. U kamonga tortgan iplarning uzunligi har xil bo‘lgan va har xil balandlikdagi ovozlarni chiqargan. Shu tariqa ilk arfa paydo bo‘lgan2.
Ma’lumki arfa cholg‘usi tarixiy rivojlanish jarayonida har xil shakl va ko‘rinishlarga ega bo‘lgan. Qolaversa, turli davlatlarda arfasimon cholg‘ular mavjud bo‘lgan. Ko‘pgina qadimiy manbalarda arfa cholg‘usi lira, kifara, chang nomlari bilan atalgan. Ularning shakli, hajmi, torlarining soni, ijro etayotganda ushlab turish holati har xil bo‘lgan.
Jahon tarixiga oid adabiyotlarda arfa cholg‘usining vatani Misr ekanligi ta’kidlanadi. Markaziy Osiyo hududida olib borilgan arxeologik qazilmalar paytida topilgan tarixiy ashyolar esa, bu mintaqada ham qadimgi davrlardan arfa cholg‘usi mavjud bo‘lganligini isbotladi. Bunga Afrosiyob xarobalarida topilgan musiqa cholg‘ulari tasvirini, Xorazm madaniyatiga oid yodgorliklarni misol keltirishimiz mumkin. Qo‘y qirilgan qal’a va Tuproq qal’ada topilgan terrakotalardagi arfa, kifara va boshqa musiqa cholg‘ularining tasviri eramizdan oldingi IV-III asrlarga oid ma’lumotlarni beradi. Old Osiyoda olib borilgan qazilmalar natijasida eramizdan oldingi 3 ming yillikka oid tarixiy ashyolar, xususan, Ur sulolasining birinchi vakili, Shumer malikasi xilxonasidan 11 torli nafis bezakli arfa topilgan. Bunday bebaho tarixiy topilma arfa cholg‘usining tarqalish hududini yanada kengaytirdi. Bu manba cholg‘uning kelib chiqishi nafaqat Misrga, balki Old Osiyoga ham tegishli bo‘lishi mumkinligini bildiradi. A.Lutfullayev o‘zining ilmiy (qarashlarida) izlanishlarida arfa cholg‘usining 5 xili, ya’ni, 3 ta burchakli va 2 ta yoysimon arfalar tasvirlari Markaziy Osiyo xalqlariga tegishli ekanligi mutaxassislar tomonidan isbotlanganligini aytib o‘tadi. T.Vizgoning ta’kidlashicha, burchakli arfa yoysimon arfadan keyin paydo bo‘lgan va u Misrga Osiyodan keltirilgan. Shuning uchun ham uni “Osiyo arfasi” deb atashgan.
Arfa cholg‘usi takomillashuvi natijasida chang, qonun cholg‘ularining yaratilganligi bizga ma’lum. Bu turdagi cholg‘ularni biz rus, belorus, ukrain xalqlari, Hindiston, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlar musiqa madaniyatida ham ko‘ramiz. Slovyan xalqlarida gusli, simbala cholg‘ulari mashhur, Eron, Hindiston, Armanistonda changsimon santur, Hindistonda qonunsimon svarmandal, Xitoyda changsimon yantsin, qonunsimon chugjen cholg‘ulari xalq orasida ommalashgan.
Xitoy Yatsini chang cholg‘usining o‘zginasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu cholg‘uning shakli, ko‘rinishi, torlarining soni – barcha-barchasi changdan olingan.
Slovyanlarning simbala cholg‘usi markaziy Osiyoning urma torli cholg‘usi changning prototipini tashkil etadi. Changga o‘xshab tsimbala ham tayoqchalar yordamida chalinadi. Ularning tuzilishi, tovush chiqarish xususiyatlari, torlarining joylashuvi bir-biriga juda o‘xshaydi. Farqli tomoni – chang korpusiga oyoqlar o‘rnatilgan bo‘lib, ijrochi cholg‘uni oldiga qo‘yib chaladi, simbalani cholg‘uchi oldiga qo‘yib ham, oyog‘i ustiga qo‘yib ham, ipi bilan bo‘yinga ilib ham chalishi mumkin.
Hindiston Santuri ham qonun chol’gusiga har tomonlama o‘xshaydi. Unda 100 ta tor bo‘lib, 25 ta xarrak ustidan o‘tkazilgan. Santur ham tayoqchalar yordamida torlari urib chalinadi.
Qonunsimon cholg‘ular Evropada sitra nomi bilan mashhur. Sitra Avstriya va Germaniyada XVIII asrda tarqalgan. U yassi, noaniq shaklga ega bo‘lgan korpus, grif ustiga tortilgan 30 dan 45 tagacha (asosiy ijro etiladiganlari 4-5 ta) similar va pardalardan iborat. Cholg‘uga kuy o‘ng qo‘l bosh barmog‘iga taqilgan noxun bilan ijro etiladi. Boshqa barmoqlarda chertib chalinadigan tovushlar akkord, yoki jo‘rovoz vazifasini bajaradi.
Slovyan xalqlarida qonun xususiyatlarini o‘zida mujassamlagan gusli cholg‘usi keng tarqalgan. Gusli ham trapetsiya shakliga ega bo‘lib, korpusi ustiga simlar tortilgan vat emir qoziqchalarga ulangan. Gusli torlari barmoqlar bilan chertib chalinadi. Slovyan xalqlari guslisi fin kantelesi, latish kuklesi, litva kanklesi bilan bir qator o‘xshash jihatlarga ega. Torlarning yelpig‘ichsimon joylashuvi, mix qoziqchalar qaroti va torlar ostida joylashgan rezonatorlar bu va boshqa arfasimon cholg‘ularni o‘zaro birlashtiradi.
Kareliya xalqi va finlarda Kantele cholg‘usi mavjud. Bu cholg‘u ham Markaziy Osiyodagi qonun cholg‘usiga juda o‘xshaydi. U yoysimon shaklga ega bo‘lib, taxta ustiga 34 tagacha misli simlar tortilgan. U archa, qoraqarag‘ay, olxa, qayin daraxtlaridan yasaladi.
Koreys xalqida Kayagim cholg‘usi mavjud bo‘lib, u ham qonun cholg‘usi oilasiga mansub. Uning yaratilish tarixi XVI-asrga borib taqaladi. U tekis rezonatorli uzunchoq tuzilishdagi, bir tomonida ikkita teshigi bor qutidan iborat. Cholg‘u torlarining soni har xil bo‘lishi mumkin. 12 torli Kayagim ko‘proq tarqalgan. Hab bir tor ostida o‘ziga mos harakatlanuvchi xarraklar qo‘yilib, ular cholg‘uni sozlashga xizmat qiladi. Cholg‘u o‘tirgan holatda torlarni chertib chalinadi.
Kayagimga o‘xshagan cholg‘ular Yaponiyada, Xitoyda, Vyetmanda ham uchraydi. Yaponlarda koto, xitoylarda sisyansin, vyetnamlarda danchan cholg‘ulari mavjud.
Koto pavloni yog‘ochidan yasaladi. Uning o‘rtacha qalinligi 180 sm.ni, eni 24 sm.ni tashkil etadi. Cholg‘uning pastki yassi dekasida ikkita cho‘zinchoq, biroz buklangan resonator teshiklari mavjud. Yaxlit yog‘ochdan yasaluvchi ustki dekasi esa qubbali shakl ko‘rinishiga ega. Uning bundayko‘rinishdagi tuzilishidan cholg‘uning musiqiy akustikasi shakllanadi.
Kotoning bir nechita turlari mavjud bo‘lib, ular 13, 17, 80 tagacha ipak yoki sintetik torlarga ega bo‘ladi. Ularning har biri ostida harakatlanuvchi xarraklar o‘rnatilib, xarraklar cholg‘uni sozlashga xizmat qiladi. Koto qonunga o‘xshab barmoqlarga taqiladigan, fil suyagidan yasalgan noxunlar bilan chertib chalinadi.
Xitoy sisyansin cholg‘usi ham kotoga o‘xshab ketadi. Boshqa qonunsimon cholg‘ulardan farqli o‘laroq tsisyantsin qalinligi har xil bo‘lgan 7 ta ipak tordan iborat. Bu cholg‘u ham uzunchoq figurali shaklga ega, uzunligi 100-120 sm, eni 20 sm. Deka qismida 13 ta pardasi mavjud. Uni ijro etish texnikasi – bir qo‘l bilan torlar ushlab turiladi, ikkinchi qo‘l bilan barmoqlar yordamida chertiladi.
Marhum ustoz san’atkorimiz Turg‘un Alimatov chet el sahnalarida o‘tgan konsertlarda milliy musiqa cholg‘ulari bo‘lmish dutor, tanbur, sato cholg‘ularini yuksak mahorat bilan ijro etib, yevropalik taniqli san’at ustalari va muhlislarini behad hayratga solgan1.
Do'stlaringiz bilan baham: |