3.3 Zamonaviy takomillashtirilgan cholg‘ular
Zamonaviy takomillashtirilgan cholg‘ular haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalombor bu cholg‘ularning qanday va kimlar tashabbusi hamda say-harakatlari natijasida paydo bo‘lganligi tarixiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
ХХ asrning 30 - yillariga kelib milliy cholg‘ularni o‘rganishga alohida ahamiyat berildi. Markaziy Osiyo madaniyati g‘arb olimlari, sayohatchi-etnograflar e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Marko Polo, Vamberi, Ankomin, Leysek, Eyxgorn kabi sayohatchi etnograflar, tarixchilar, kopelmeysterlar Markaziy Osiyo madaniyati, musiqa tarixi va cholg‘ulari haqida ko‘pgina ma’lumotlar yig‘dilar va nashr etdilar. Eyxgorn Markaziy Osiyo davlatlarini aylanib chiqib milliy cholg‘ular kollektsiyasini yig‘di va bir qator shaharlarda namoyish etdi.1.
1930-1940-yillarda musiqa cholg‘ularini takomillashtirish yo‘lida bir qator sa’y-harakatlar olib borildi. Bu davrda ustoz sozgarlar milliy cholg'ularni yasash, ularni takomillashtirish yo'lida bir qator ishlarni amalga oshirdilar. Xususan, musiqa cholg‘ulari sozgari ustasi Usta Usmon Zufarov (1892 -1981 yil) ko‘plab dutor, tanbur, g‘ijjaklarning turdosh oilasini yaratdi.
Matyusuf Xarratov changni takomomillashtirish ustida ishladi. U davrda chang kichik diapazonga ega edi. Izlanishlar natijasida M.Xarratov changning yuqori registrini qo‘shimcha torlar va xarraklar hisobiga kengaytirdi.
O‘zbekiston radiosi qoshidagi xalq cholg‘ulari ansamblining rahbari Yunus Rajabiy, Usta Usmon Zufarov bilan hamkorlikda dutor bas (katta dutor), g‘ijjak bas (katta g‘ijjak), g‘ijjak alt namunalarini yaratdilar. Bu cholg‘ular unison va ansambl jo‘rligida, keyinchalik orkestr tarkibiga kiritildi.
Bu davrda musiqa cholg‘ularini yasash uchun maxsus ustaxonalar ochila boshlandi, Namangandagi musiqa ustaxonasiga taniqli xalq sozandasi Usta Ro‘zimat Isaboyev (1885-1964 yil) boshchilik qildi. U xromatik tovushqatorga ega bo‘lgan chang cholg‘usini yasadi. Buxorolik Usta Hoji ota, Usta Tohirjon Davlatov, Usta Najmiddin Nasriddinov, Usta Ma’rufjon Toshpo‘latovlar bir qancha o‘zbek xalq musiqa cholg‘ularini hozirgi zamonaviy yangi turlarini yaratdilar.
Toshkentda taniqli sozandalar Xayrulla Ubaydullayev, Usta Qayum surnaychi qo‘shnay va surnay cholg‘ularini takomillashtirishga harakat qildilar.
Xalq ustalari tomonidan olib borilgan ishlar cholg‘ular tovushini kuchaytirish, diapazonini kengaytirish, ko‘rinishini yashilashga qaratilgan edi. Lekin bularning barchasi zamonaviy professional ijrochilik talablariga javob bera oladigan o‘zbek xalq cholg‘uchiligining sifatli rivojlanishi masalasini yecha olmadi.
A.I.Petrosyans1 rahbarligida bir guruh sozgarlar Usta Usmon Zufarov, V.A.Romanchenko, A.A.Kevkoyans, S.Ye.Didenko, V.V.Andreyevning tajriba va ijodiy yutuqlariga tayanib, dutor va tanburni turdosh oilalarga bo‘lishga harakat qildilar. Bu cholg‘ular 12 pog‘onali teng temperatsiyalangan tovushqatorga asoslandi.
Keyinroq g‘ijjaklarning kvarta, kvinta sozli turkumi yaratildi, dutor, ruboblar takomillashtirildi, prima (kichik rubob) ixtiro qilindi. Yangi musiqa cholg‘ulari avvaliga A.I. Petrosyans tashabbusi bilan Toshkent Davlat musiqa bilim yurtida tashkil qilingan o‘quv cholg‘u orkestr sinfida sinaldi. Keyinchalik O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi orkestri cholg‘ularni rekonstruktsiya qilish tajribaxonasi vazifasini o‘tadi.
1943- yilga kelib xalq cholg‘ularining rivojlangan turlari anchaga ko‘paydi. 1950-yillarda tajriba laboratoriyasida Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qoraqalpog‘iston xalq musiqa cholg‘ulari ham rekonstruksiya qilindi. Qirg‘iziston uchun qo‘bizlar: prima, sekunda, alt, (pardali va pardasiz) bas va kontrabas turlari, torli mizrobli qobizlar: prima, tenor, alt, kamonchali qobizlar; alt, kontrabaslar, Qoraqalpoq cholg‘ularidan dutorlar turkumi, mizrobli dutorlar yaratildi. Bunday cholg‘ularning paydo bo‘lishi xalq cholg‘ulari orkestrlari tuzilishida katta rol o‘ynadi.
A.Petrosyans xalq cholg‘ularini yevropa an’analariga asoslangan professional ijrochilik darajasiga ko‘tarish uchun bir qator samarali ishlarni olib bordi. Jumladan:
- damli cholg‘ularda applikatura ijro usullarini qayta ishladi va umumlashtirdi;
- doira uchun yangi musiqiy nota yozuvi tizimini yaratdi;
- cholg‘ularda sof temperatsiyaga erishdi (bu turli ansambl va orkestr jamoalarini birlashtirish imkonini berdi);
- qayta ishlangan xalq kuylaridan tashqari O‘zbekiston kompozitorlari tomonidan
rekonstruktsiya qilingan xalq cholg‘ulari jamoalari uchun maxsus yaratilgan yangi ijro dasturini shakllantirdi.
Xalq cholg‘ulari xilma-xil bo‘lganligi uchun uni takomillashtirish nihoyatda qiyin vazifa edi. Asta-sekinlik bilan an’anaviy cholg‘ularning eski namunalari o‘rniga zamonaviy ijrochilikning talablariga javob bera oladigan yangi namunalar paydo bo‘la boshladi. Bu namunalar yanada takomillashtirildi. Chang, g‘ijjak kabi cholg‘ularga qo‘shimcha torlar qo‘yilishi natijasida ularning ohang doirasi ancha kengaydi. Bunday takomillashtirish ishlari cholg‘ularning ifodaviy hamda texnik imkoniyatlarini kengaytirdi. Shuningdek, cholg‘ularda yangi ijro usullarining yuzaga kelishi o‘zbek cholg‘u ijrochiligi san’atini yangi bosqichga olib chiqdi.
Mustaqillik shrofati bilan chet davlatlar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlandi. Iste’dodli san’atkorlar, xonanda va sozandalar, san’at arboblari, oskestr jamoalari xalqaro festivallarda, tanlovlarda qatnashib o‘zbek madaniyatini keng namoyish etishga muyassar bo‘ldilar. Bunday ijodiy aloqalar turli xalqlarning milliy madaniyati bilan yaqindan tanishishga, milliy cholg‘ularni hajonga targ‘ib etishga, bevosita cholg‘ular mushtarakligining (o‘xshashlik xususiyatlarini o‘rganish) guvohi bo‘lishga yordam berdi.
Milliy cholg‘u ijrochiligi san’atini dunyoda targ‘ib etishda “Sug‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestrining hissasi katta. Mazkur orkestr O‘zbekiston san’at arbobi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, dirijyor Feruza Abdurahmonova rahbarligida 1991-yilda tashkil etildi. Bu “jamoa nafaqat O‘zbekistonda, balki chet davlatlarda ham keng konsert faoliyatini olib bordi. Xalqaro festivallarda, o‘zbek cholg‘u madaniyati loyihalarida qatnashib jahon musiqa madaniyati merosining ajralmas bo‘lagiga aylandi”1.
Milliy cholg‘ular, ularning takomillashuvi va ijrochilik amaliyotida keng qo‘llanilishi, milliy madaniy merosimizni asrab avaylash, xalqaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish XXI-asrda ham davom etmoqda. Milliy cholg‘ular tarixini chuqur o‘rganish, ularni yig‘ish va jamoatchilik e’tiboriga havola etishda 2004 - yilda ochilgan “Milliy cholg‘u” ilmiy-ishlab chiqarish tajribaviy laboratoriyasining o‘rni katta. Mazkur muzey Mustaqil O‘zbekistonning moddiy va ma’naviy madaniyatida beqiyos o‘rin tutadi. Shuning qatorida, milliy cholg‘ular ko‘rgazmalarini boshqa davlatlarda, chet ellarda tashkil etishda, o‘zbek xalq cholg‘ulari muzeyi muhim o‘rin tutadi. Muzeyning faoliyat yurutishi o‘zbek musiqa san’atini o‘rganish va keying rivojida katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Mazkur muzeyning faoliyat olib borishida 1943-yilda A.Petrosyans rahbarligida tashkil etilgan va bugungi kunda ham faoliyat olib borayotgan ilmiy-ishlab chiqarish tajribaviy laboratoriyasi katta rol o‘ynaydi. Uning asosiy vazifalaridan biri an’anaviy (etnografik) cholg‘ularning tembr xususiyatlarini o‘rganish va yaxshilash, zamonaviy ijrochilik talablariga javob bera oladigan xalq cholg‘ularini takomillashtirish ustida ish olib borishdan iborat.
An’anaviy va zamonaviy xalq cholg‘ularini targ‘ib etishda mazkur muzey tomonidan ko‘pgina samarali ishlar amalga oshirildi. Chet ellik olimlar, jumladan, Hindiston (Sangit Natak Akademiyasi), Germaniya (Noybranderburg musiqa akademiyasi), Frantsiya (A.Glazunov nomidagi Parij milliy konservatoriyasi), AQSh (Kaliforniya universiteti), Yaponiya (Nafis san’at va musiqa universiteti), Koreya (Seul universiteti) olimlari va musiqachilari bu muzeyga tashrif buyurib o‘zbek xalq cholg‘ulari, uning tarixi bilan yaqindan tanishdilar. Hamkorlikda xalq cholg‘ulari ko‘rgazmalari tashkil etildi, kollektsiyadan o‘rin olgan cholg‘ular xususiyatlarini namoyon etuvchi konsertlar uyushtirildi1. Bunday xalqaro hamkorlik chet ellik hamkasblarni milliy cholg‘ularimiz bilan yaqindan tanishtirishga, ularning o‘z yurtlarida o‘zbek musiqa cholg‘ularini, tarixini targ‘ib qilishlarida muhim rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |