O‘ZBEK XALQI MODDIY MADANIYATIDA QADIMIY DINIY TASAVVURLAR VA QARASHLARNING ARXAIK IZLARI
REJA:
1. Moddiy madaniyat namunalarining inson bilan aloqadorligi.
2. Etnologiya sohasini rivojlantirish muammolari
1-masalaning bayoni: Umuman olganda, insoniyatning bir necha ming yillik tarixi davomida turli-tuman madaniyatlar mavjud bo‘lgan. Har bir madaniyat, shubhasiz, ma’lum bir etnos yoki etnik jamoa ta’sirida shakllanadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qadimiy diniy e’tiqodlar, marosimlar hukmron sinflar yoki biror-bir shaxs tomonidan o‘ylab topilmagan, balki o‘tmishning o‘ziga xos tarixiy burilish davrida – insoniyat taraqqiyotining ma’lum bosqichida yangi ma’naviy va ruhiy zarurat, fikriy va hissiy izlanishlar ehtiyojiga javob sifatida paydo bo‘lgan. Bu moddiy madaniyat namunalari bevosita inson bilan aloqador bo‘lgan. Qolaversa qadimiy diniy e’tiqodlar o‘zining qadimiy ildiziga ega; ularda tabiat va jamiyat, makon va zamon to‘g‘risidagi qadimiy tasavvurlar hamda ularga ta’sir qilish yo‘llari aks etgan. Mintaqaga islom kirib kelishi bilan ular butkul unutilib yo‘q bo‘lib ketmagan, balki, islomiy an’analar va rasm-rusumlarga moslashib, o‘zaro uyg‘unlikda yangicha marosimiy-dunyoqarash simbiziozini tashkil qilgan va to bugungi kunga qadar qorishgan tarzda “xalqona islom” ko‘rinishda saqlanib kelmoqda. O‘z navbatida shuni ta’kidlash kerakki, “xalqona islom” nafaqat shariat qoidalari, balki islomgacha bo‘lgan qadimiy diniy e’tiqodlar va tasavvurlarni ham mujassamlashtirgan sinkretizmdan iborat.
Insoniyatning ilk diniy e’tiqodlaridan biri fanda totemizm nomi bilan mashhurdir. Totemizm e’tiqodi dunyoning turli mintaqalarida turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib, turkiy xalqlar, shu jumladan, o‘zbek xalqi totemistik qarashlari asosan ikki yo‘nalishda taraqqiy etgan. Bulardan biri qondosh ajdod boshi – bobokalon totemlar, boshqasi esa kishilarga homiy do‘st jonivor va o‘simliklardan iborat bo‘lgan.
Totemizmga daxldor fikrlarni to‘ldirish va dalillashda ibtidoiy zamonga oid turli hayvonlar tasvirlari alohida ahamiyat kasb etgan. Bu borada akademik S.P. Tolstov ko‘pgina arxeologik ashyolar va tarixiy manbalar asosida SHarq xalqlari, xususan, turkiy qavmlar hayotida ot, ilon, ho‘kiz va boshqa hayvonlar totemiga sig‘inish hamda ularni ilohiylashtirish hollari tarixiy haqiqat ekanligini e’tirof etadi. Tarixiy etnografik va arxeologik manbalardan ma’lumki, qadimgi turkiylar turmush tarzida bo‘ri, ot, burgut, baliq, ilon, daraxt kabi totemlarga sig‘inilgan. O‘zbek etnosining muhim komponentlaridan biri – qipchoqlar orasida ot totemi bilan bog‘liq to‘rt ayg‘ir, samanotli, qorabaytal, qulon kabi bir qator urug‘lar bo‘lgan. Ot qadimda qipchoqlar va ularning ba’zi bir urug‘larida urug‘ ajdodi – totemi hisoblangan. Ot totemiga bo‘lgan e’tiqod izlari o‘zbeklar an’anaviy turmush tarzida bola tug‘ilishdan tortib to motamgacha bo‘lgan marosimlarda hanuzgacha saqlanib qolganligini qator etnografik materiallar ham tasdiqlaydi.
Umuman olganda, totemistik e’tiqodiy qarashlar va ular bilan bog‘liq urf-odatlar tahlili shundan dalolat beradiki, totemizm e’tiqodining asosiy mazmun-mohiyatida nafaqat biror-bir jonzotni ilohiylashtirish, yoki u bilan g‘ayriilohiy tarzda shajaraviy bog‘lanish, shu bilan birga inson va tabiat, insoniyat va hayvonot olami o‘rtasidagi munosabat, hayvonot olamiga bo‘lgan taqlid va hurmat va etnomadaniyatning ayrim ko‘rinishlari hamda dunyoqarash tizimini ko‘rish mumkin.
So‘nggi yillarda olib borilayotgan etnografik ilmiy izlanishlar, xususan birgina Farg‘ona vodiysi shomon-baxshilari faoliyatini tadqiq qilish asnosida quyidagi etnokal xususiyatlar a) vodiy shomonlariga xos lokal xususiyat ular tomonidan “ko‘chirma”, “haqiqat”, “bandi-bast”, “issiq-sovuq” kabi irim-sirim va urf-odatlarini bajarishida; b) mahalliy shomon baxshilarning shomonlik marosimlari, seanslari va psixoterapevtlik vazifalarini faqat kunduz kuni, ya’ni quyosh botgunga qadar bo‘lgan paytda o‘tkazishida; v) ularning asosiy atributlari doira, tasbeh, turli diniy kitoblar, tol novdasi bo‘lganligida aniqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |