Bu holda jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar sifatida kimni tan olish kerak? Fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atish tartibi qanday?
XI BOB. JINOYATLARNING OLDINI OLISH CHORALARI
(muallif – M.S.Salomov)
Annotatsiya: mazkur mavzu o‘quvchilarga jinoyatlarning oldini olish choralari tushunchasi, turlari va huquqiy oqibatlari hamda jinoyatlarni oldini olishning protsessual vositalari haqidagi bilimlarni samarali o‘zlashtirish imkonini beradi.
11.1. Jinoyatlarning oldini olish choralari tushunchasi,
turlari va huquqiy asoslari
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
296-moddasida jinoyat ishlarini yuritishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari shart ekanligini belgilangan. Ma’lumki, har bir jinoyatning sodir etilishiga muayyan sabablar hamda shart-sharoitlar ta’sir ko‘rsatadi. Shu shababli, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon yaratgan shart-sharoitlarni aniqlash majburiyati – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan jinoyat ishlarini yuritishda amalga oshiriladigan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ushbu faoliyatni amalga oshirishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat ishining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, turli protsessual harakat va vositalardan foydalanadi. Masalan, jinoyat sodir etilgan joyni ko‘zdan kechirish, ekspertiza o‘tkazish, tanib olish uchun ko‘rsatish, so‘roq qilish va h.k.
11.2. Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish shakllari va bu jarayonda surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning faoliyati
Jinoyat-protsessual qonunchiligida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon yaratgan shart-sharoitlarni aniqlash faoliyati ikki katta bosqichga – ishni sudga qadar yuritish va sudda ish yuritish kabi bosqichlariga bo‘linadi.
Ishni sudga qadar yuritish jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlar qabul qilingan paytdan boshlanadi hamda tergovga qadar tekshiruvni va jinoyat ishini tergov qilishni oʻz ichiga oladi.
Ishni sudga qadar yuritishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror isbotlash vazifasining predmeti bo‘lgan – jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlaydi. Buning uchun surishtiruvchi, tergovchi, prokuror dalillarni to‘plashi hamda kerakli tergov harakatlarini amalga oshirishlari, sud esa ana shu dalillarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirishi va o‘z ichki ishonchiga tayanib baholashi lozim. Aniqlangan holatlar bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tegishli davlat organiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, jamoaga yoki mansabdor shaxsga jinoyatning sababini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bataraf qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishi, sud esa shu haqida ajrim chiqarishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |