Fuqaroviy da’voning predmeti – bu moddiy (mulkiy), jismoniy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida sudga taqdim etilgan moddiy-huquqiy talabdir.
Fuqaroviy da’vo bo‘yicha ishni yuritish jinoyat protsessining bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab va asoslarning mavjud emasligi jinoyat protsessida fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqish va hal qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Jinoyat-protsessual kodeksining 276-moddasi 2-qismida to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan: fuqaroviy da’vo jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab to sud tergovi boshlangunga qadar taqdim etiladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 277-moddasiga asosan fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atilgan hollarda sodir etilgan qilmish oqibatida shaxsga mulkiy ziyon yetkazilgan deb hisoblasa, uni fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Qarorning yoki ajrimning nusxasi da’voni qo‘zg‘atgan shaxsga yoki uning vakiliga taqdim etiladi. Bunda fuqaroviy da’vogarga Jinoyat-protsessual kodeksining 57-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish rad qilingan shaxsga esa qaror ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
Ayblov hukmini chiqarishda, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash yoki sodir etgan qilmishning xususiyatiga va o‘zining ruhiy holatiga ko‘ra shaxs ijtimoiy xavfli bo‘lmagan hollarda bunday chorani qo‘llamaslik haqida ajrim chiqarishda sud asoslarning isbotlanishi va da’vo hajmini e’tiborga olib, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantiradi yoxud uni qanoatlantirishni rad etadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 283-moddasiga asosan sud oqlov hukmini chiqarayotganida, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ishni tugatish haqida ajrim chiqarayotganida fuqaroviy da’voni qondirishni quyidagi hollarda rad etadi, basharti:
1) jinoyat yoki ijtimoiy xavfli qilmish hodisasi yuz bermagan bo‘lsa;
2) sudlanuvchining yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash masalasi hal etilayotgan shaxsning sodir etilgan jinoyatga yoki ijtimoiy xavfli qilmishga daxli yo‘qligi aniqlangan bo‘lsa;
3) sudlanuvchining yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash masalasi hal etilayotgan shaxsning mulkiy ziyon keltirgan harakati zaruriy mudofaa chegarasidan chiqmagan holda sodir etilgan bo‘lsa.
Fuqaroviy da’voni ko‘rib chiqishda o‘zaro kelishuv bitimi tuzilishi ham mumkin. Jinoyat-protsessual kodeksining 282-moddasida ta’kidlanganidek, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning da’voni tan olganligi, shuningdek fuqaroviy da’vogar, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud fuqaroviy javobgarning o‘zaro kelishganlik to‘g‘risidagi arizasi fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi va surishtiruvchini, tergovchini fuqaroviy da’voga doir holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirish majburiyatidan, sudni esa fuqaroviy da’voni ko‘rish va hal qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |