Reabilitatsiya asoslari mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa jinoyat ishini taqdiri qanday hal qilinadi?
XIII BOB. PROTSESSUAL MUDDATLAR VA CHIQIMLAR
(muallif – K.T.Mavlanov)
Annotatsiya: mazkur mavzu doirasida o‘quvchi aynan jinoyat ishini yuritishda belgilangan protsessual muddatlarning ahamiyati, ularning turlari, muddatlarga rioya qilmaslik oqibatlari, shuningdek ish yuritish davomida kelib chiqadigan protsessual chiqimlar, ularni hisoblash va undirish tartibi to‘g‘risida zarur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ladi.
13.1. Jinoyat protsessida protsessual muddatlarning tushunchasi, ahamiyati va turlari
Protsessul muddatlar jinoyat ishlarini yuritishning vaqtini belgilab beradigan va shu orqali protsess ishtirokchilarini belgilangan tartibga amal qilishga undaydigan institutdir. Protsessual muddatlar jinoyat-protsessual qonunchiligimizda belgilangan bo‘lib, bu davr mobaynida ishtirokchilar muayyan protsessual harakatlarni bajarishi yoki bajarishdan tiyilishi lozim.
JPKda belgilangan muddatlar, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan tayinlangan muddatlar soat, sutka va oylar bilan hisoblanadi. Muddatlarni hisoblashda muddatning o‘tishi boshlangan soat, sutka hisobga olinmaydi, ammo bu qoida ushlab turish, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘ida va tibbiy muassasada bo‘lish muddatlarini hisoblashga taalluqli emas, ya’ni muddat o‘tishi ushbu turdagi majburlov choralari amalda qo‘llanilgan paytdan boshlanadi. Muddatlar sutkalar bilan hisoblanganda muddat oxirgi sutkada soat 24:00 da tugaydi. Tegishli harakat sudda, prokuraturada yoki boshqa davlat muassasasida bajarilishi lozim bo‘lsa, muddat ushbu muassasalarda ish vaqti tamom bo‘lishi bilan tugaydi.
Muddatni hisoblashda ishdan holi vaqt ham e’tiborga olinadi. Agar qonunchilikda muddatning hisoblanishi kun bilan belgilangan bo‘lsa, u soat 6:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat oxirgi oyning muddat boshlangan kuniga to‘g‘ri kelgan sanasida tugaydi, muddatning tugashi tegishli sanasi bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat shu oyning so‘nggi sutkasida tamom bo‘ladi. Muddatning tugashi ishdan holi kunga (dam olish, bayram kuniga) to‘g‘ri kelsa, muddat shundan keyingi birinchi ish kunida tugaydi, ushlab turish, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘ida va tibbiy muassasada bo‘lish muddatini hisoblash hollari bundan mustasno. Shuningdek, qonunchilik muddatlarni yillar bilan hisoblash tartibini ham nazarda tutgan. Jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan muddat protsessning manfaatdor ishtirokchisi qilgan iltimosga binoan muddatni belgilagan surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan uzaytirilishi mumkin. Shu bilan birga, uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddat ish yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan tiklanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |