Isbotlashning umumiy shartlari – qonunda belgilangan qoidalar bo‘lib, ular isbotlashning o‘ziga xos jihatlarini ifoda etadi hamda dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash hamda qarorlar qabul qilish tartibiga nisbatan qo‘yiladigan qatʼiy protsessual talablarni belgilaydi.
Ular muayyan huquqiy qoidalarning tizimini tashkil etib, ularga quyidagilar kiradi: isbot qilish jarayoni (Jinoyat-protsessual kodeksining 85-moddasi), isbot qilish subyektlari va ishtirokchilari vakolat doirasi (Jinoyat-protsessual kodeksining 86-moddasi), dalillar to‘plash usullari (Jinoyat-protsessual kodeksining 87-moddasi), isbotlash jarayonida fuqaro, korxona, muassasa va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qo‘riqlash (Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi), davlat sirlarini qo‘riqlash (Jinoyat-protsessual kodeksining 89-moddasi), dalillarni bayonnomalarda qayd etish (Jinoyat-protsessual kodeksining 90–93-moddalari), dalillarni tekshirish (Jinoyat-protsessual kodeksining 94-moddasi), dalillarni baholash (Jinoyat-protsessual kodeksining 95-moddasi). Qonunga binoan isbotlashning barcha ishtirokchilarini shartli ravishda quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
ISBOT QILISH ISHTIROKCHILARI
(JPKning 86-moddasi)
Isbot qilish majburiyati yuklangan shaxslar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud.
Isbotlashda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar: gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, himoyachi, jamoat himoyachisi, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar
Isbotlashda ham huquq, ham majburiyatga ega bo‘lgan shaxslar: guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis fuqarolar, mansabdor shaxslar.
Birinchi guruh zimmasiga jinoyat ishini to‘la, har tomonlama va xolisona tergov qilish va ko‘rib chiqish, nafaqat jinoyat tarkibini, balki barcha boshqa holatlarni aniqlash majburiyati yuklatilgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud kiradi. Sanab o‘tilgan subyektlarning har biri isbotlashni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi (Jinoyat-protsessual kodeksining 86-moddasi 1-qismi).
Ikkinchi guruhni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, uning qonuniy vakili, himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi tashkil qiladilar (Jinoyat-protsessual kodeksining 86-moddasi 2-qismi). Ular uchun isbotlashda ishtirok etish majburiyat emas, balki huquqdir. Ular ishdan manfaatdor shaxslar sifatida tergov qilinayotgan va ko‘rilayotgan ishga taalluqli narsalar, hujjatlar taqdim etishlari, dalillarni talab qilib olish va ishga ilova qilish to‘g‘risida iltimosnomalar berishlari, dalillarning u yoki bu manbayini baholash bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qilishlari mumkin va hokazo.
Uchinchi guruhni isbotlashda ishtirok etishga jalb etiladigan guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, shuningdek fuqaro va mansabdor shaxslar tashkil etadi. Ular Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda isbot qilish jarayonida muayyan huquqlardan foydalanadilar.
Mazkur shaxslarni isbot qilish jarayonida ishtirok etishi samarasi nuqtayi nazaridan shartli ravishda 2 toifaga ajratish mumkin:
1. Daliliy ahamiyatga ega ma’lumotlar manbalari bo‘lgan shaxslar (guvoh va ekspert). Ya’ni bu shaxslar isbot qilish jarayonida faol ishtirok etib, aynan ular tomonidan beriladigan daliliy ahamiyatga molik ma’lumotlar ishning hal qilinishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin (masalan, jinoyat shohidi bo‘lgan asosiy guvohning ko‘rsatmalari, jinoyat ishi bo‘yicha ekspertiza tayinlanishi shart bo‘lgan holatlarda – ekspert xulosasi).
2. Dalillarni qayd qilish va mustahkamlashda ko‘maklashuvchi shaxslar (mutaxassis, tarjimon, xolis). Bu toifadagi shaxslar esa jinoyat hodisasi bo‘yicha obyektiv faktik ma’lumotlar manbalari bo‘lmasalarda, isbot qilish jarayonida texnik-tashkiliy yordam ko‘rsatadilar. Masalan, dalillarni mustahkamlashdagi mutaxassisning oqilona ko‘magi kelgusida mazkur dalillarning yaroqliligi va ulardan foydalanish samarasini belgilaydi (masalan, voqea joyini ko‘zdan kechirish, ekspertiza uchun namuna olish, eksperiment, guvohlantirish va boshqa tergov harakatlari o‘tkazishda). Tarjimon tomonidan ko‘rsatilgan xizmatning ahamiyati ham muhim hisoblanib, obyektiv va to‘g‘ri tarjima talablaridan biroz chetga chiqish ham isbot qilish jarayonida ish mohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin (masalan, yetkazilgan zararning miqdori, jinoyat sodir etgan shaxslar soni borasida tarjimadagi chalkashliklar). Xolislar isbot qilish jarayonining qay darajada protsessual shaklga muvofiq olib borilganligini tasdiqlash uchun ishda ishtirok etib, bir tarafdan tergov va protsessual harakatlarning qonuniy o‘tkazilishini ta’minlasa, ikkinchi tarafdan mazkur harakatlarning qonuniy o‘tkazilganligi yuzasidan kelgusida hech bir shubhalar kelib chiqmasligini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |