Isbotlashning protsessual shakli – qonun bilan belgilangan qoidalar tizimi hisoblanib, jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ularga qat’iy rioya qilish shartdir, ya’ni isbotlash jarayonining huquqiy tartibga solinishi jinoyat ishlari yurituvida haqiqatni aniqlash vositalari va usullarini protsessual normalarda mustahkamlaydi.
Mazkur mavzuni o‘rganishda o‘quvchilar isbotlash jarayoni, isbot qilish elementlari, isbotlash subyektlari, dalillarga baho berish va ularni protsessual mustahkamlash kabi masalalarda Oliy Sud Plenumining tegishli qarorlari va tarmoq qonunlarni qiyosiy-huquqiy tahlil etib, jinoyat ishlarini yuritishda isbotlash umumiy shartlari rolini aniqlashlari lozim.
Muammoli savollar va kazuslar
Jinoyat-protsessual isbotlash dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash kabi elementlardan iborat bo‘lib, barcha elementlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq va bir-birini taqozo etadi hamda yagona isbotlash jarayonining turli tomonlarini tavsiflaydi. Isbotlash jarayonining tuzilishi, elementlari va ularning o‘zaro munosabatini tahlil qiling.
Isbotlash jarayonining eng muhim elementi – dalillarni baholash hisoblanib, jinoyat ishini hal qilish uchun baholanishi lozim bo‘lgan dalillarga aloqadorlik, maqbullik, ishonchlilik va yetarlilik talablari qo‘yiladi. Mazkur mezonlarni tahlil qiling va dalillarni to‘plash va tekshirish usullari, tizimlarini tavsiflang.
Kazus
Sud hukmi bilan Xalilov uyida ko‘p miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini saqlaganlikda aybdor deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 276-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borishda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasi talablari bajarilmagan, dalillar to‘plashda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 82-,92-,94-moddalari talablariga rioya qilinmagan.
Jinoyat ishi materiallarida bo‘lgan Xalilovning uyida tintuv o‘tkazilganligi haqidagi bayonnomada uning xonasidan qizil tugunchada oq rangli kukun va bir dona oq rangli tugunchada bir dona oq rangli tabletka topilganligi ko‘rsatilgan.
Tintuvda qatnashgan xolis Kungurov ham shunday ko‘rsatma bergan. Ish bo‘yicha sud-kimyoviy ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi tergovchining qarorida Xalilovning aybdorlik masalasini avvaldan hal qilib, hali ekspertiza o‘tkazilmagan va uning xulosasi olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, uning uyida tintuv o‘tkazilganida 0,2 gr “geroin” giyohvandlik vositasi topilganligi, Xalilov o‘zining bu harakati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismining “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi to‘liq tasdiqlanganligini ko‘rsatib, Xalilovning uyidan olingan sakkiz bo‘lak tugunga o‘ralgan predmetni giyohvandlik vositasining qaysi turiga kirishini aniqlab berish so‘ralgan.
Ekspertiza xulosasida Xalilovning uyidan olingan yetti bo‘lak qizil rangli tugundagi moddalardan 6-sonli tugunda qizg‘ish, sariq rangli kukun bo‘lib, uning og‘irligi 0,2 gr. ekanligi, bu modda “geroin” giyohvand moddasi ekanligi, qolgan kukunlar tarkibida giyohvand moddasi topilmaganligi ko‘rsatilgan.
Tuzilgan bayonnoma va xolislar ko‘rsatmasida Xalilovning uyidan olingan yetti dona qizil rangdagi va bir dona oq rangdagi tugunchalarda oq rangli kukunsimon modda va bir dona tabletka topilganligi ko‘rsatilgan bo‘lib, qizg‘ish, sariq rangli modda haqida hech qayerda ko‘rsatilmagan. Lekin ekspertiza xulosasida aynan oq rangli kukun bor, deb ko‘rsatilgan 6-sonli tugunda qizg‘ish, sariq rangli kukun topilgan deb, ushbu kukunni “geroin” deb ko‘rsatilgan. Topilgan bir dona oq rangli tabletka tekshirilganligi yoki tekshirilmaganligi haqida ma’lumot mavjud bo‘lmagan.
Mazkur jinoyat ishi mahkumning shikoyati asosida kassatsiya bosqichida ko‘rilib, dastlabki tergov organlari tomonidan Jinoyat protsessual kodeksi talablari jiddiy buzilganligi sababli sud qarori bekor qilinib, jinoyat ishi qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun yuborilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |