6.3. Dalillarni baholash
Isbotlash jarayonining eng muhim elementi – dalillarni baholash boʻlib, ularning ishonchliligini, kuchini, ish bo‘yicha xulosalar uchun asos bo‘lib xizmat qilishga loyiqligini aniqlash demakdir.
Dalillarni baholash – sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchining fikrlash, mantiq bilan bog‘liq faoliyati bo‘lib, u shundan iboratki, ular ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqishga asoslangan holda qonunga va huquqiy ongga amal qilib o‘zlarining ichki ishonchlari negizida isbotlash predmetiga kiradigan holatlarni aniqlash uchun har bir dalilning ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi hamda ular yig‘indisi yetarliligi haqida ishonch hosil qilishidir.
Jinoyat-protsessual qonuni matnida protsessual maʼnodagi qarorni qabul qilish uchun, shuningdek jinoyat ishini hal qilish uchun baholanishi lozim bo‘lgan dalillarga qo‘yilgan talablar: aloqadorlik, maqbullik, ishonchlilik va yetarlilik tushunchalari bevosita bayon qilingan.
Dalil jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etiladi.
Dalillar belgilangan tartibda to‘plangan va Jinoyat-protsessual kodeksining 88-,90-,92-,94-moddalarida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bo‘lsagina, ular maqbul deb e’tirof etiladi (Jinoyat-protsessual kodeksining 95-moddasi 3-qismi).
Dalillar maqbulligi deganda dalilni qonunda belgilangan manbadan, faqat vakolatli shaxslar tomonidan olish usullari hamda qayd etish nuqtayi nazaridan tavsiflovchi sifat tushuniladi.
Jinoyat ishlari yurituvida qonunni buzgan holda olingan dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dalillarni maqbul deb e’tirof etish shartlari quyidagilardir:
dalil tegishli subyekt tomonidan, ya’ni dalilni olish bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual harakatni o‘tkazishga vakolatli mansabdor shaxs tomonidan olingan bo‘lishi;
faktga oid ma’lumotlar faqat Jinoyat-protsessual kodeksi 81-moddasining ikkinchi qismida qayd etilgan manbalardan olingan bo‘lishi;
dalil uni olish bilan bog‘liq protsessual harakatni o‘tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya etilgan holda olingan bo‘lishi;
dalilni olishda tergov va sud harakati jarayoni va natijalarining qayd etilishiga doir qonunning barcha talablariga amal qilingan bo‘lishi shart.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonunni aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’iy nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning nomaqbul (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi.
Jinoyat-protsessual qonuni talablari buzilgan tarzda olingan boshqa hollarda ham dalillar nomaqbul deb topilishi mumkin.
To‘g‘ri protsessual qaror chiqarishning zaruriy sharti – ishonchli dalillarning mavjudligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |