144-mashq. Undalmalar ishtirok etgan gaplarga misollar keltiring. Ularning nima maqsadda ishlatilganligini ayting.
145-mashq. O‘qing. Undalmali gaplarni ajratib ko‘rsating. Undalma bilan boshqa bo‘laklar o‘rtasida qanday tinish belgisi qo‘yganingizni va buning sababini tushuntiring.
Ey, mening buyuk va ozurda yurtim, qudratli va jafokash Vatanim.
Sen o‘z zanjirlaring ichida eng uqubatlisi, eng og‘riqlisi bo‘lgan tobelik va mutelik zanjiridan xalos bo‘lding. Ozodlik kuning asr desa asr, ming yillik desa ming yillik ichida eng buyuk kundir. U sening yangi tarixing, mening yangi umrim boshlangan kun. Milodiy va hijriy yil hisobi yonida qalbimning o‘z yil hisobi bor. Yangi yilning — milodiy ikki ming birinchi, hijriy bir ming to‘rt yuz-u yigirma birinchi, ozodiy — o‘ninchi yil bo‘ladi.
Ey, mening suyukli O‘zbekistonim. Zamonlar kelarki, botiniy zanjirlaring ham yechilar. Kelajak haqiqiy hur dunyo ichida, sen ham chinakam ozod mamlakat bo‘larsan. Zamonlar kelarki, insoniyat mojarolarini, qon to‘kishlarni unutar, olamda mehr-u saxovat, poklik va ezgulik g‘olib bo‘lar.
Bizning bu g‘urbat to‘la asrda matonat bilan yashagan avlodning uyg‘oq ruhi ul zamon aytar: «O‘lmagan qul shunday kunga ham yetib keldi-ya!»
Shu umidbaxsh tuyg‘u bilan bugun: «Assalom, kelajak», deya hayqirgim keldi.
(E. Vohidov)
24-dars. KIRISH SO‘ZLAR VA ULARNING
USLUBIY XUSUSIYAТLARI
Darsning maqsadi: O‘quvchilar ongida kirish so‘zlardan o‘rinli foydalana olish ko‘nikmasini shakllantirish.
R E J A:
1. Kirishlar haqida.
2. Kirishlar hamda modal so‘zlar munosabati.
3. Kirishlarning ma’no munosabatiga ko‘ra turlari.
1-topshiriq. Ehtimol, albatta, shubhasiz so‘zlari ishtirokida gap tuzing. Bu so‘zlarning qanday ma’no ifodalayotganini ayting.
2-topshiriq. Biror voqea-hodisaning bajarilishiga gumon bilan qarayapsiz. Ana shu gumon ma’nosini qanday yo‘l bilan ifodalaysiz?
Gap orqali ma’lum axborot ifodalanishi bilan birga, so‘zlovchining shu axborotga munosabati ham ifodalanadi. So‘zlovchining munosabati gapning kesim shakli (mayl shakli, bog‘lamalar va nol shakli) orqali hamda maxsus modal so‘zlar yordamida ifodalanadi. Masalan, albatta, shaksiz, shubhasiz, darhaqiqat, to‘g‘ri, ehtimol, balki, chamasi, taxminan va boshqalar.
So‘zlovchi gap orqali bayon qilayotgan axborotga qanday munosabatda ekanligiga qarab, yuqoridagi modal so‘zlardan muvofig‘ini qo‘llaydi: tasdiq munosabatini ifodalamoqchi bo‘lsa, darhaqiqat, haqiqatan ham, to‘g‘ri so‘zlaridan; ishonch munosabatini bildirmoqchi bo‘lsa, albatta, shubhasiz, shaksiz kabi so‘zlardan; gumon ma’nosini ifodalamoqchi bo‘lsa, ehtimol, balki so‘zlaridan; chama-taxmin ma’nosini ifodalamoqchi bo‘lsa, chamasi, chamamda, taxminan so‘zlaridan foydalanadi.
Eslab qoling. So‘zlovchining o‘zi bayon etayotgan fikriga ishonch, gumon, achinish kabi munosabatlarini ifodalovchi sintaksis birliklarga kirishlar deyiladi. Kirishlar so‘z va birikma holatida bo‘ladi.
Kirishlar gapning boshqa bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaydi. Shuning uchun u boshqa gap bo‘laklaridan farq qiluvchi alohida ohang bilan talaffuz qilinadi va yozuvda vergul bilan ajratiladi.
So‘zlovchining o‘zi ifodalagan fikrga munosabat turlari va har qaysi ma’no munosabatini ifodalaydigan kirish so‘zlarni 2-jadvalda ko‘ring.
2-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |