136-mashq. Ajratilgan bo‘laklar ishtirok etgan gaplar tuzib, ularni izohlang.
22-dars. UNDALMALI MURAKKABLASHGAN
GAPLAR
Darsning maqsadi: Nutq jarayonida undalmalardan o‘rinli foydalana olish ko‘nikmasini shakllantirish.
R E J A:
1. Undalma haqida ma’lumot.
2. Undalmalarning gapdagi o‘rni.
3. Ularda tinish belgilarining ishlatilishi.
1-topshiriq. O‘rtog‘ingizning ismini aytib chaqiring va uni gap ichida keltiring. O‘rtog‘ingiz ismini bildiruvchi so‘zning qanday sintaktik vazifada kelishini ayting.
2-topshiriq. Opa, urma qalbimga tikan (H. Olimjon) gapi tarkibidagi opa so‘zining o‘rnini almashtiring. Almashtirganda qanday o‘zgarish ro‘y berayotganini ayting. Erkin o‘rin almashinish sababini tushuntiring.
So‘zlashish jarayonida tinglovchining diqqatini o‘z nutqingizga qaratish uchun ko‘pincha uning nomini aytib yoki opa, aka, singil, tog‘a, amma, xola kabi so‘zlar orqali murojaat qilasiz. Ba’zan tinglovchiga murojaat ifodalovchi so‘zni qo‘llash orqali unga shaxsiy munosabatingizni ifodalaysiz. Masalan, Arpangizni xom o‘ribmanmi, uka. Do‘ndig‘im, o‘ynoqlab yuratur. Onajonim, balki bir kun Aytganingday bo‘lar to‘y (A. Oripov).
Eslab qoling. So‘zlovchining nutqi qaratilgan shaxs yoki predmetni ifodalab, gapning boshqa bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaydigan so‘z yoki so‘zlar birikmasiga undalma deyiladi.
Undalmalar so‘zlovchi nutqi qaratilgan shaxsni bildirganligi uchun u ko‘pincha shaxs bildiruvchi so‘zlar bilan ifodalanadi. Badiiy nutqda esa shaxs bildirmaydigan jonli va hatto jonsiz predmetlar ham undalma vazifasida kelishi mumkin. Masalan, Qani, ayt, maqsading nimadir sening, Nega tilkalaysan, bag‘rimni, ohang (A. Oripov).
Undalmalar gapning boshqa bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaganligi sababli uning o‘rni erkin bo‘ladi, lekin undalma gapning qayerida kelishiga ko‘ra, alohida-alohida vazifa bajaradi. So‘zlovchi tinglovchining diqqatini nutq jarayoniga jalb qilishni maqsad qilib olsa, u vaqtda undalma gap boshida keladi.
So‘zlovchi tinglovchilarga murojaat etish orqali unga subyektiv munosabatini ifodalashni maqsad qilib olsa, u vaqtda undalma gap o‘rtasi va oxirida keladi. Masalan, Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim. Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am?! (A. Oripov)... Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo — Sen beshik emassan, dorsan, tabiat (A. Oripov).
Juda muhim. Undalmalar nutq jarayoniga undalgan, diqqati jalb qilingan shaxs-predmetlar bo‘lgani uchun bosh kelishikda turadi. Bu jihatdan u egaga o‘xshaydi, lekin undash ohangi bilan talaffuz qilinishi va kesim bilan moslashmasligi bilan egadan farq qiladi.
Solishtiring: Ahmad keldi. — Ahmad ega. Kesim bilan grammatik bog‘langan.
Ahmad, keldi. Ahmad — undalma. Kimningdir kelganligi Ahmadga aytilyapti, kesim bilan grammatik bog‘lanmaydi. Undash ohangi bilan talaffuz qilinadi.
Juda muhim. Undalmalar gapning boshqa bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaganligi uchun yozuvda doimo boshqa gap bo‘laklaridan vergul bilan ajratiladi. Gap boshida kelib, kuchli undash ohangi bilan aytilsa, undalmadan so‘ng undov belgisi qo‘yilishi ham mumkin. Masalan: Odamlar! Eshitmadim demanglar.
Do'stlaringiz bilan baham: |