Kirish so‘zlarning uslubiy xususiyatlari
1-topshiriq. Reyter agentligining xabar qilishicha, shaksiz, fikri ojizimcha, shubhasiz, albatta kabi kirish so‘zlarni uslubiy xoslangan va ulsubiy betaraf turlarga ajrating. Uslubiy xoslanganlarining qaysi uslubga mansubligini ayting.
2-topshiriq. Тo‘g‘ri, ehtimol so‘zlarini gap bo‘lagi va kirish so‘z vazifasida ishlating. Ularning bir-biridan farqini ayting.
Kirishlar ham uslubiy xoslanish xususiyatiga ega. Shuning uchun so‘zlovchi o‘zi qo‘llayotgan nutq uslubiga muvofiq keladiganini tanlab qo‘llaydi. Masalan, shaksiz, shubhasiz, darhaqiqat, demak, fikri ojizimcha, avvalambor kabi kirish so‘zlar uslubiy xoslangan so‘zlardir. Ulardan, shaksiz, shubhasiz, darhaqiqat, demak, avvalambor, fikri ojizimcha so‘zlari kitobiy uslubga xos. Kitobiy uslubga xos bu so‘zlar o‘z ichida ichki xoslanishga ega: shaksiz, fikri ojizimcha — badiiy uslubga xos; bayon qilinishicha — publitsistik uslubga xosdir. Shuning uchun har qaysi kirish so‘zini o‘z o‘rnida ishlatish madaniy nutq belgisi sanaladi.
O‘ylang: Uslubiy xoslanish deganda nimalarni tushunasiz?
Тayanch tushunchalar: modal so‘zlar, kirish so‘zlar, kirish birikmalar.
Berilgan maqolning ma’nosini izohlang, fikr bayon qilayotganingizda kirish so‘zlardan ham foydalaning.
Тil bor, bol keltirar,
Тil bor — balo.
146-mashq. O‘qing. Kirish so‘zlarni ajrating. Kerakli o‘ringa vergul qo‘yib ko‘chiring.
1. Тo‘g‘ri-da, harna ko‘ngli yozilgani! Qolaversa kasal onasiga madad bo‘ladi. 2. Rais ham Ra’noxonning ahvolini sezdi shekilli haytovur yo‘q demadi. 3. Тo‘g‘ri qora kunga asrab qo‘ygan bug‘doyimiz ham, jo‘xori ham ko‘p edi. 4. Kun botmasidan oxirgi egatdagi kartoshkani ham terib oldik xayriyat. 5. Oyim chamamda bu gapni dadamga aytmadi. 6. Qiziq zakunchi kelib ketishi bilan oraga g‘ashlik tushdi. (O‘.Hoshimov) 7. Binobarin yoshlarimizni hayot so‘qmoqlaridan eson-omon olib o‘tish har bir insonning muqaddas burchidir. 8. Afsuski bugungi kunda mafkura, targ‘ibot va tashviqot kerak emas, degan noto‘g‘ri xulosa bilan yashayotgan odamlar ham uchrab turibdi. 9. Ma’lumki oqko‘ngil odam har qachon boshqalar baxtiga, ularning xizmatdagi yo shaxsiy hayotdagi yutuqlariga xuddi o‘z baxti, o‘z yutug‘i kabi qarab quvonadi. 10. Albatta, baxillik qon yo jon bilan o‘tadigan fiziologik hodisa emas. 11. Darhaqiqat, mundog‘ o‘ylab qaralganda, bola hadeb o‘ksinaversa kuygunchakka, kuygunchaklik hasadga, hasad esa baxillikka, nihoyat baxillik ziqnalikka aylanganini ko‘rish mumkin.
(M. Ismoiliy)
Do'stlaringiz bilan baham: |