O‘ylang: uyushiq bo‘lak va bog‘lovchi munosabatini qanday izohlaysiz?
Тayanch tushunchalar: grammatik shakl, teng bog‘lovchilar, teng bog‘lovchilar vazifasidagi yordamchi so‘zlar.
Quyidagi maqolning mazmunini ifodalang, shuningdek, uyushiq bo‘laklarni aniqlang.
Quyosh, suv va havo — eng yaxshi davo.
110-mashq. O‘qing. Gapning uyushib kelgan bo‘laklarini topib, uyushiq bo‘laklarni o‘zaro biriktiruvchi vositalarini ayting.
1. Bizning matbuot ham, radio ham, hamma-hammasi mana shunga qaratilgan bo‘lishi kerak. 2. U goh Тoshkentga, goh Andijonga ketib, uzoq-uzoq turib qolar edi. 3. Shu onda chiroq sharaqlaganicha borib shipga urildi-yu, yerga tushib chilparchin bo‘ldi va birdaniga ikkita o‘q chiqdi. 4. Yerga tushgan chiroq bir-ikki lopilladi-yu, avval ko‘k, keyin qizg‘ish alanga ko‘tarildi. 5. Mirhomidxo‘ja shoshib Qambarali akaning qo‘lidan pulni oldi-da, uning qo‘yniga tiqdi. 6. Bo‘taboy tin olmay, goh bosh chayqab, goh qoshini kerib, goh «Ana! O‘h,-o‘h-o‘h!» deb quloq soldi. 7. Odamlarda g‘ayrat va tashabbus yashnab ketdi. 8. Xotinining bu gapi Bo‘taboyning jon-jonidan o‘tib ketdi, lekin bundagi kuchli mantiq tilini bog‘ladi-yu hech narsa deya olmadi. 9. Usta Тurdialining gapi o‘rinli edi: modomiki hamma «qilko‘prik»dan o‘tar ekan, yo jannatga o‘tib ketadi, yo do‘zaxga yiqiladi. (A. Qahhor)
111-mashq. Uyga topshiriq. Berilgan hikmatni o‘qing. Shu hikmatni asos qilib olib, matn tuzing. Matningizda uyushgan bo‘laklar ishtirok etsin.
O‘zgalar aybiga tetik nazar sol,
O‘z aybing ko‘rgandek undan ibrat ol.
112-mashq. Uyushgan egalar ishtirok etgan gaplar tuzib yozing.
113-mashq. Ko‘chiring. Uyushgan egalarni toping, ular qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganligini ustiga yozing.
1. Bular orasida muloyimlari ham, bezbetlari ham, shirinso‘zlari ham, to‘nkamijozlari ham bo‘lardi. 2. Mardonaga nisbatan uyg‘ongan nafrat va zulm o‘ti azob otashidan ustun keldi. 3. Dard xurujidan xoli bo‘lganida, Mahmud akasining ko‘ziga qaraboq noxushlik hamda ko‘ngilsizlik yuz berganini anglarmidi... 4. Hozir ayni damda shu zulm va adovat tikanlari ilk nishona mevasini berdi 5. O‘choqqa chiqishga ijozat berilgani haqidagi xabar aytilganiga qadar ham Orzubek va Chuvrindi shu xildagi gaplarni gapirib o‘tirishdi. 6. Adang ham, men ham yana o‘n yil yashaymizmi, yuz yilmi, baribir bir kuni o‘tamiz. 7. Aqlli odam, esli odam hech qachon adashmaydi. 9. Kesakpolvon bilan yigit yarim soatlardan keyin chiqishdi. 10. Тurkistondan imon uzoqlashdi, oqibatda mustahkam bir davlatning yarmini Urusiya va Xitoy egallab oldi. Hozirgi har ikki davlatning qizil bayroqlari musulmonlarning qoni va joni ila qizarmishdir. 11. Qani edi, o‘sha asrlarga qaytilsa-yu, xorazmiylar, beruniylar, temurlar yetishib chiqsa.
(T. Malik)
Do'stlaringiz bilan baham: |