114-mashq. O‘qing. Uyushib kelgan to‘ldiruvchilarni toping, qanday ifodalanganiga va bog‘langanligiga e’tibor bering.
1. Insonlar ongida ona tabiatga mehr, yer, suv, olovni e’zozlash ustuvor bo‘lgan. 2. Olgan bilim va tajribangiz, odob-axloq, kasb-hunar bobidagi kamolingiz faqat yaxshilikka, bunyodkorlikka buyursin, avvalo. O‘zingizga, butun el-yurtimizga baxt-u saodat keltirsin. 3. Respublikamiz maktablari o‘quvchi hamda o‘qituvchilarini darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashni ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yaylik. 4. Qizlar urchuq bilan charxda ip yigirish, mato to‘qish, liboslar tikishni ham bilishlari lozim. («Avesto») 5. Yurtni balo-qazodan himoya eta oladigan o‘g‘lonlarga, yaxshi kelajak, porloq hayotni ravshan ko‘z bilan ko‘ra oladigan pok niyat avlodlarga olqishlar bo‘lsin. («Avesto») 6. «Avesto»da yigitlar kurash tushishni, chavandoz bo‘lishni, mol boqa olishni, chorvani yirtqich hayvon va qaroqchilardan muhofaza qila bilishni o‘rganishlari shartligi aytiladi. 7. Ona-Vatanga muhabbat, xalq, millat birligi, uning kelajak istiqboli, hayot farovonligi va tinchligini dildan jo‘shib kuyladilar. (Gazetadan)
115-mashq. O‘zingiz Said Ahmad asarlaridan uyushiq to‘ldiruvchilarga misollar topib yozing.
116-mashq. Ko‘chiring. Gaplardagi uyushiq aniqlovchilarni toping. Nutqda qanday ahamiyati borligini tushuntiring.
1. U to‘qayzorda sassiq alaflarning, qamishlarning, gulni payhon qiluvchi to‘ng‘izlarning ko‘pligidan ajablanmaydi. 2. Ikki kundan so‘ng uning xonasiga hali yigirmaga to‘lmagan qiz bilan yoshi ellikdan oshgan, odmi kiyingan, qotmadan kelgan ayol kirib keldi. Uning sho‘xligi, o‘yinqaroqligi bilinib turibdi. 3. Sochlari jingalak, rangi oq-sariqqa moyil, ko‘zlari o‘tkir boquvchi tabib yigit «Nima gap? Qayeringiz og‘riyapti?» deb ham o‘tirmay, avval Zaynabning ikki kaftini ko‘rdi, tirnoqlarini ohista ezdi, so‘ng bilak tomirini ushlab, boshini quyi egganicha, nimanidir ziyraklik bilan tinglayotganday jim qoldi. 4. Bevaning, ayniqsa, tirnoqqa zor bevaning zorli, g‘amli ohlariga tun qanday chidar ekan, zamin-u samo qanday chidar ekan? (Т.Malik)
117-mashq. She’rni yozing va yod oling. Uyushib kelgan sifatlovchi aniqlovchilarni toping hamda uyushiq sifatlovchilar bilan uyushmagan sifatlovchilarning farqini tushuntiring.
AYOL
Fikri yodim tortar chulg‘aydi xayol,
Munis-u mukarram o‘zingsan, ayol!
Тog‘dayin suyanchiq, ham jufti halol,
Vafodor, yelkadosh o‘zingsan, ayol!
Zukkolikda Тemur aqlin etgan lol,
Donish-u tadbirkor o‘zingsan ayol!
Yog‘iylar qaddini eta olgan dol,
Yurtiga fidoyi o‘zingsan, ayol!
Sheroziy kuylagan oy yuz, qora xol,
Qamarni dog‘ etgan o‘zingsan, ayol!
Barchaga barobar tilagan iqbol,
Oq ko‘ngil, soddadil o‘zingsan, ayol!
Mehringdan topmishlar daholar kamol,
Farzandlar ilohi o‘zingsan, ayol!
Bu dunyo ne uchun bilmaydi zavol,
Olamni asrovchi o‘zingsan, ayol!
(Shukur Dadash)
Do'stlaringiz bilan baham: |