O‘ylang: Uyushiq bo‘laklar bir xil gap bo‘laklari ekan, bir xil so‘z turkumi ham bo‘la oladimi?
Тayanch tushunchalar: sanash ohangi, teng bog‘lanish, tobe bog‘lanish, umumiy bo‘lak.
Quyidagi maqolning ma’nosini ayting hamda uni bahsga aylantiring. Shu maqolda uyushiq bo‘laklar bormi?
O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir.
108-mashq. Gaplarni o‘qing. Uni uyushiq bo‘lakli gaplarga aylantiring.
Namuna: Vatan ravnaqi uchun kuchini baxshida etadigan farzandlarni voyaga yetkazgan yurtning kelajagi buyukdir — Vatan ravnaqi, el-u yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun qalb qo‘ri, kuch-qudratini baxshida etadigan har jihatdan barkamol farzandlarni voyaga yetkazgan yurtning kelajagi buyukdir.
1. Qatag‘on qurbonlari — fitratlarning istiqlol uchun kurash dasturlarining asosida ham ona tilining mavqeyini saqlab qolishi masalasi turgan. 2. Ona tilimizni kelajakka sof holda yetkazib beraylik! 3. Ota-onalaringizning orzulari ushalgan muborak kunda sizga oq yo‘l tilayman. 4. Eng sodiq do‘st kitobdir. 5. Mustaqilligimizning shukuhli 13 yilligini munosib kutib olishga harakat qilayotirmiz. 6. Pilla hosilining mo‘l bo‘lganligi odamlarning kayfiyatiga jo‘shqinlik baxsh etyapti. 7. Milliy mafkura jahonda o‘zimizning munosib o‘rnimizni topishimizga xizmat qilishi kerak. 8. Kitobda Jom qishlog‘i tarixiga oid ma’lumotlar saqlanib qolgan. 9. Yoshlar litseyda ingliz tilini puxta o‘rganayotirlar. 10. Biz o‘z ustimizda doimo ishlab, jamiyatimizga yetuk insonlar bo‘lib yetishishimiz darkor. 11. Istiqlol xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqardi. (Gazetadan)
109-mashq. Quyida berilgan matnni o‘qing. Uyushiq bo‘laklarini toping hamda alohida ko‘chirib yozing.
KOMIL INSON — MILLAТ KELAJAGI
Komil inson — jamiki insonlarning haqiqatidir, ya’ni odamiylar odamiysidir.
Dunyoning tinchligi va farovonligi, insoniyat butunligi haqiqatan ham dono va oqil, pok niyatli odamlar faoliyatiga bog‘liq.
Ilohiy poklik va nafosat, e’tiqod va tafakkur bizni balo-qazolardan asraydi.
Тasavvuf ahli sig‘ingan ideal — Komil inson aslida xalq ideali, adabiyot ideali edi.
Har bir pok axloqli, ilohsevar shaxs komillikka intilishi va bu yo‘lda nasiba olishi mumkin.
Ma’rifat odamni ma’nan baquvvat, irodali va chidamli qiladi, shaxs sifatida shakllantiradi.
Komil inson tushunchasi bugun oldimizda turgan ulkan vazifalar — fuqarolik jamiyatini qurish, «ozod va obod vatan» uchun fidoyi farzand bo‘lish tushunchalari bilan bog‘lanib ketadi...
(Gazetadan)
Hurmatli yoshlar! Sizning fuqarolik burchingiz nimada? Fikrlaringizni o‘qituvchingizga aytib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |