ORGANIK KIMYONING ASOSIY TUSHUNCHALARI
Organik kimyo predmeti
Uglevodorodlar va ularning hosilalari haqidagi ta’limot organik kimyo fanining predmetidir.
Organik kimyo uglevodorodlar va ularning hosilalarini o’rganuvchi fandir.
Uglevodorodlar – eng sodda (oddiy) organik birikmalar bo’lib, faqat ikki element (uglerod va vodorod) atomlaridan tarkib topgan bo’ladi. Masalan, CH4, C2H6, C3H8, C2H4, C3H6, C4H8, C2H2, C3H4, C6H6 va h.z.
Uglevodorodlarning hosilalari deganda uglevodorodlardagi bir yoki bir nechta vodorod atomlarining boshqa atom yoki atomlar guruhiga almashinishidan hosil bo’lgan mahsulotlar tushuniladi. Masalan,
“Organik kimyo” atamasi XIX asrning boshlarida uglerod saqlovchi birikmalar-o’simlik va hayvonlar organizmining asosini tashkil etishi isbotlangandan so’ng paydo bo’ldi. Bersellius o’simliklar va hayvon-lardan olinadigan barcha moddalarni organik moddalar bu birikmalarni o’rganadigan fanni organik kimyo deb atashni 1807 yilda taklif etdi. XIX asrning 20-yillarigacha ko’pgina olimlar organik moddalarni laborato-riyalarda anorganik moddalardan sintez qilib bo’lmaydi, ular faqatgina tirik organizmlarda qandaydir “hayotiy kuch” ta’sirida sintez bo’ladi deb hisoblar edilar (Vitalistik ta’limot, lotincha vita-hayot). Bunday fikrdagi olimlarning g’oyalari ko’p uzoqqa bormadi.
XIX asrning o’rtalariga kelib ko’pgina organik moddalar sintez qilindi. Jumladan 1824-yil Vyoller ditsiandan oksalat kislotani, 1828-yil mochevina (CO(NH2)2) ni; 1850-yil Bertlo yog’larni; 1861-yil Butlerov shakarsimon modda sintez qildi. Shundan so’ng organik birikmalarni nafaqat tirik organizmda, balki laboratoriyalarda ham sintez qilib olish mumkin degan xulosaga kelindi.
Hozirgi vaqtda 15 mln dan ortiq organik moddalar ma’lum bo’lib, ularning ko’pchiligi tabiatda mavjud emas, ular laboratoriyalarda sintez qilib olinadi. Ko’pgina organik birikmalar tarkibida uglerod va vodoroddan tashqari boshqa element atomlari jumladan, kislorod, azot, oltingugurt, fosfor, xlor, brom va shunga o’xshash elementlar ham bo’ladi.
Deyarli barcha organik birikmalar kovalent bog’lanishlidir. Shu-ning uchun ular molekulyar tuzilishli bo’ladi. Bu molekulalar juda oddiy, murakkab va hattoki polimer bo’lishi mumkin. Organik birikmalarning xossalari molekulasining shakliga va tuzilishiga bog’liq. Bundan tashqari kovalent bog’larning qutblanishi ham ularning xossalariga ta’sir ko’rsatadi. Odatda qutblanish molekula tarkibida uglerod atomiga nisbatan elektromanfiyligi kattaroq bo’lgan atom Masalan, xlor, azot yoki kislorod saqlaganda kuzatiladi. Bunday holatda atom va uglerod atomi orasidagi bog’ning qutblanishi sodir bo’ladi:
Ma’lumki, uglerodning ba’zi birikmalari (CO, CO2, karbonat kislota H2CO3 va uning tuzlari-karbonatlar va gidrokarbonatlar va shunga o’xshash qator birikmalar) anorganik kimyo kursida o’rganiladi. Buning sababi ularning kimyoviy xossalari anorganik birikmalarning xossalariga juda yaqin va o’xshashligidir. Umuman olganda, organik moddalar bilan anorganik moddalar orasida katta chegara qo’yib bo’lmaydi. Biroq organik birikmalar qator xossalari bilan anorganik birikmalardan farq qiladi. Bu o’z navbatida kimyoviy bog’larning tabiati bilan tushuntiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |