Ko`pgina olimlar tomonidan olib borilgan kuzatishlar hamda ontogenezda rivojlangan ajdod belgilarini o`rganish shuni ko`rsatdiki, embrionda qadimgi ajdodlar voyaga etgan formalarining emas, balki ular embrionining belgilari takrorlanar ekan. E.Menert umurtqali hayvonlarda ajdod belgilarining rekopitulyatsiyasidagi o`zgarishlarni o`rganib, hech vaqt ontogenezda filogenez aniq va to`liq takrorlanmasligini, chunki takrorlanish organizmlarga emas, balki ayrim organlarga xosligini ta’kidladi. Chunonchi, sut emizuvchilar embrionining ma’lum rivojlanish bosqichida jabra yoylari va arteriyalar rivojlanadi. Lekin bu vaqtda ular baliq tuzilishini to`liq takrorlamaydi, chunki boshqa organlar o`z rivojida baliqlarnikiga nisbatan ancha ilgarilab ketgan bo`ladi. Gekkel filogenezning o`zgarishi faqat ontogenezning oxirgi davridagi o`zgarishlaridan iboratdir, degan edi. Ko`pgina tadqiqotlar Gekkelning bu fikri to`liq emasligiii ko`rsatdi. Bu sohada akademik A.N. Seversovning filoembriogenez nazariyasi diqqatga sazovordir. 2. A.N. Seversovning filembriogenez nazariyasi. Filembriogenez nazariyasini Seversov birinchi marta 1910 yili asoslab berdi. Keyinchalik esa uni yanada rivojlantirdi. Bu nazariya organlarning filogenetik yangilanishiga olib keladigan o`zgarishi qanday yo`llar bilan va qaysi bosqichda amalga oshishini ko`rsatadi. Mazkur masalani hal etish uchun Seversov evolyutsion paleontologiya, embriologiya va qiyosiy anatomiya fanlarida to`plangan ma’lumotlarga murojaat etdi. Uning ta’kidlashicha, ontogenez (embriogenez) da filogenetik ahamiyatga ega bo`lgan o`zgarishlar uch usulda amalga oshadi. Ular anaboliya, deviatsiya, arxallaksis usullaridir. Anaboliya yunoncha anabole — qo`shimcha demakdir. Anaboliyada muayyan organning individual rivojlanishi xuddi ajdodlarinikiga o`xshash amalga oshadi, lekin rivojlanishning oxirgi, bosqichida o`zgarish, ya’ni ajdodida bo`lmagan yangi belgi, xossa paydo bo`ladi, bu o`zgarish ajdodning rivojlanishiga nisbatan qo`shimcha ravishda vujudga keladi va organning rivojlanish muddati cho`ziladi. Seversov umurtqali hayvonlarning embrion rivojlanishini o`rganib, filembriogenezning anaboliya usuliga ko`plab misollar keltirdi. Masalan, ot ajdodlarida barmoqlarning o`zgarishini hozirgi zamondagi otlarning embrional rivojlanishi bilan taqqoslab, olti haftalik ot embrionining oyoqlarida uchtadan barmoq rivojlanishini, uchinchi barmoq bir oz katta, yon barmoqlar esa kichik, ularning har biri uchtadan falangaga ega ekanligini, so`ngra suyaklari qo`shilib, grifil suyaklarga aylanishini qayd qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |