A.Zaxvatkin fikricha, embrionizatsiya ontogenezning boshlang`ich bosqichlarining turg`unligini saqlaydi, chunki ular tashqi muhitdan muhofaza qilinganligi sababli muhim evolyutsion o`zgarishga uchramaydi. Bu umumiy qonuniyatdir. Himoyalanish ontogenezning jinsiy etilishiga yo`nalgan jarayonlarning takomillashuviga, soddalashuviga, embrionizatsiya ontogenezning qisqarishiga va bola tug`ishning boshqarilishiga imkon beradi. Tanlanish to`g`risida gap borganda, tabiiy tanlanish genotiplarni va u orqali individual taraqqiyot dasturini, ya’ni fenotipni tanlaydi. Binobarin, ontogenez jarayoni uning har bir bosqichi muhitga moslashganligi va pirovardida organizmning shaxsiy rivoji ta’minlanganligi bilan xarakterlanadi. 5. Ontogenez embrionizatsiyasi. Ontogenez embrionizatsiyasi deyilganda, evolyutsiya jarayonida rivojlanish bosqichlari bir qismining ona organizm yoki maxsus tuxum yoki urug` qobig`i himoyasida o`tishga layoqatlanishi tushuniladi. Bundan ko`rinib turibdiki, embrion rivojlanish tiriklikning boshlang`ich xossasi bo`lmay, aksincha, evolyutsiya natijasi hisoblanadi. Ontogenez embrionizatsiyasi tobora murakkablashayotgan murtakning himoyalanishi va muhim ichki muhitda rivojlanishiga qaratilgan. Embrionizatsiyaning himoyalanish ahamiyatini hayvonlardagi embrion rivojlanishining har xil tiplari evolyutsiyasi misolida ko`rish mumkin. Mayda va oziq zapasi kam bo`lgan tuxum qo`yyuvchi kovakichlilar, bulutlar, polixetalar, qisqichbaqasimonlar, chuchuk suvda yashovchi suyakli baliqlar, amfibiyalarda tuxumdan rivojlangan lichinka harakatlanib mustaqil hayot kechiradi. Aksincha, oziqqa boy yirik tuxum qo`yuvchi organizmlar — boshoyoqli molyuskalar, akulalar, ba’zi bir suvda va quruqda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar va tuxum bilan ko`payuvchi sut emizuvchilarda tuxumdan lichinka emas, rivojlangan embrion hosil bo`ladi. Mazkur organizmlarda murtak uzoq vaqt tuxum ichida rivojlangan, uning ozig`i hisobiga yashagan va qobig`i bilan himoyalangan bo`ladi. Sudralib yuruvchilarda va qushlarda amfibiyalarga nisbatan ontogenez embrionizatsiyasi kuchaygan bo`lib, u rivojlanishning dastlabki bosqichlarining suv muhitisiz taraqqiy etishiga va tuxumda murtakning to`liq rivojlanishiga qaratilgan. Ontogenez embrionizatsiyasining eng muhim natijalaridan biri murakkab holda bo`lgan murtakning tez va isrofgarchiliksiz rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Murtak morfogenetik korrelyatsiyalarining sistemaliligi, murakkabligi tufayli embrion rivojlanishi postembrion rivojlanishga nisbatan turg`un va qadimiydir. Embrion rivojlanishining turg`unligi rivojlanish darajasidan o`zgarishiga sabab bo`ladigan har qanday kichik mutatsiyalar paydo bo`lganda, bunday mutatsiyalarga ega formalarning nobud bo`lishi hisobiga ontogenez embrionizatsiyasini zararsizlantirishga qaratilgan bo`ladi. Demak, embrionizatsiya evolyutsiyada ontogenezning bir butunligini kuchaytirishga safarbar etilgan. Embrionning rivojlanishidagi ba’zi bir xossalarning ontogenezning postembrion davrida saqlanishi fatalizatsiya deb ataladi. Chunonchi, suvda ham quruqda yashovchilar, tog`ayli baliqlar, to`garak og`izlilar skeletida tog`ay to`qimasining saqlanishi, odam miya qutisi suyaklarining jag` suyaklariga nisbatan katta bo`lishi fatalizatsiyaga misoldir. Bilimni nazorat qilish uchun savollar. 1. Ontogenez, filogenez tushunchalarini sharhlang. 2. Biogenetik qonun mazmunini yoriting. 3. Filoembriogenez nazariyasini mazmunini ayting. 4. Anaboliya, deviatsiya, arxallakssislarga ta’rif bering va misollar orqali tushuntiring. 5. Neoteniya nima? Uning evolyutsion ahamiyati qanday? 6. Ontogenez evolyutsiyasini yoritib bering? 7. Ontogenezning qanday bosqichlarini bilasiz? Ularning sharhlay olasizmi? 8. Ontogenez embrionizatsiyaning evolyutsion ahamiyatini qanday tushunasiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |