Metamorfozning soddalashuvi ontogenezning soddalashuviga sabab bo`ladigan yo`nalishdir. Umurtqasizlar bilan umurtqalilarda metamorfozning soddalashuvi organlar va to`qimalarning qayta qurilishiga gormonlar ta’siri ortishi tufayli amalga oshadi. Metamorfoz boshqarilishda ichki omillar ta’siriniig kuchayishi bu jarayonning muhit ta’siridan mustaqil bo`lishiga, uning tezlashishiga sabab bo`lgan. Chunonchi, amfibiyalarda qalqonsimon bez gormoni tiroksinning qonda ma’lum miqdorga yetishi tufayli metamorfoz yuz beradi. Metamorfozda organizmlar o`limini oldini olishning yana bir yo`nalishi uni ontogenezda tushirib qoldirishdir. Bu yo`nalish ayniqsa neoteniyada, ya’ni jinsiy yetilishning ontogenezning oldingi bosqichlariga lichinka holatiga ko`chishida ko`zga tashlanadi. Ontogenez evolyutsiyasining qayd qilingan yo`nalishida, birinchidan, metamorfoz bosqichi qisqarsa, ikkinchidan, nasl qoldirishga layoqatli organizm keyingi rivojlanish uchun zarur energiyani tejab qoladi. Biroq metamorfozning yo`qolishi u tashqi muhitda emas, balki maxsus tuxum qobiqlari ichida bo`lsa, bu yo`qolish embrion taraqqiyotini, nasl uchun qayg`urishni cho`zish orqali amalga oshadi. Bu hodisani A.Zaxvatkin rivojlanish «Embrionizatsiyasi» deb nomladi va u progressiv evolyutsiyaning bosh yo`nalishi, deb qayd qildi. Haqiqatan ham,bunday yo`nalish hayvonlar va o`simliklarning barcha guruhlarida kuzatiladi. Lichinka holatdagi rivojlanishdan qalin qobiqqa o`ralgan yirik tuxum qo`yishga o`tish (reptiliyalar va qushlarda), embrioni, ona qornida rivojlanib tirik tug`ishga o`tish (sut emizuvchilarda) embrionizatsiyaga yaqqol misoldir. Ontogenez bosqichlari qancha ko`p tuxum qobig`i ichida rivojlanib, tashqi muhitdan himoyalangan bo`lsa, unda embrion bosqichlar murakkabligi shuncha oz bo`ladi. Bunday sharoitda harakatlanib hayot kechiruvchi lichinkalardagi moslanishlar yo`qoladi hamda voyaga etgan organizmning shakllanishiga qaratilgan jarayonlar muhim ahamiyat kasb etadi. Lichinka holatdan tuxum ichida rivojlanishga o`tish uzoq muddatli rivojlanish uchun zarur oziqlar zapasining tuxumda ko`p bo`lishini talab etadi. Ontogenez embrionizatsiyasi tuxumda oziqning ko`p bo`lishi bilan uzviy bog`liqdir. Qayd qilingan hodisalarga ekologik nuqtai nazardan yondoshilsa, u holda mustaqil oziqlanishdan boqim oziqlanishga (reptiliyalar, qushlarda) yoki parazitlik bilan oziqlanishga (sut emizuvchilarda embrionning to`liq ona organizmi hisobiga voyaga yetishi) o`tishi kuzatiladi. Albatta yangi muhitga o`tgan embrion rivojlanishning dastlabki davridan boshlab unga moslanishi zarur. Shunga ko`ra, hasharotlar va yuksak umurtqalilarda tuxum embriogenezining dastlabki davrlaridayoq haqiqiy embrional va ekstraembrional qismlarga ajralish ro`y bergan. Keyingilardagi embrional moslanishlar — ikkilamchi murtak pardalar (amnion, allantois, xorion) rivojlanadi va ular orqali moddalar almashinuvi amalga oshadi. Bu murtak pardalari maxsus embrioadaptatsiya bo`lib, embriogenezning normal kechishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |