Sodda hayvonlar, zamburug`lar, ko`p o`simliklar murakkab hayot sikli bilan xarakterlanadi. Ayrim guruh o`simliklar, chunonchi, moxlar, paporotniklar ontogenezida jinsiy va jinssiz bo`g`inlar, gaploid va diploid fazalar gallanib turadi. O`simliklarda hayot siklining murakkabligiga qaramay, rivojlanishning na gaploid fazasi, na diploid fazasi nasl berishga qodir emas. Nasl qoldirishda rivojlanishning har xil fazalari cheklangan imkoniyatlarga ega bo`lgani sababli, ontogenezda nasllar gallanishi organizmlarning ko`payishi uchun yagona moslanish deb talqin etilishi kerak. Shu nuqtai nazardan olganda, keyingi evolyutsion rivojlanishda gametofitning reduksiyalanishi hisobiga urchishning soddalashishi tasodifiy hol hisoblanmaydi. Hayot siklining soddalashishi ontogenezdagi barcha jarayonlarning sifat jihatdan o`zgarishiga olib keladi. Rivojlanishning gaploid fazadan diploid fazaga, metamorfozsiz to`g`ri rivojlanishga o`tishi (reptiliyalar va umurtqalilarning boshqa yuksak vakillarida) ana shunday sifat o`zgarishlaridan iborat. Metamorfozsiz to`g`ri rivojlanishda yangi tug`ilgan organizm voyaga etgan organizmning hamma belgi va xossalarini o`zida mujassamlashtirgan bo`lib, faqat tanasining kichikligi bilan undan farq qiladi. Metamorfozli rivojlanish esa bir qancha davrlarni o`tgandan keyin namoyon bo`ladi. Shunga ko`ra, metamorfozli rivojlanishdan metamorfozsiz rivojlanishga o`tishni yerdagi evolyutsiya jarayonlarining eng so`nggi oqibatlarining muhimlaridan biri deb hisoblash kerak. Har xil sistematik guruhlarga mansub organizmlarda ontogenezning differensiya-lanish ko`lami o`zaro farq qiladi. Viruslar va faglar mustaqil ontogenezga ega emas. Chunki ularning hayotini bakteriyalar, o`simliklar, hayvonlar hayotisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Bu hodisa viruslar va faglar tuzilish jihatdan juda ibtidoiy ekanligidan dalolat beradi. Bir hujayrali organizmlarning ontogenezi juda sodda bo`ladi. O`simliklar ontogenezining differensiyalanishi cho`zilgan bo`lib, embrionning rivojlanish davrlari bilan cheklanmaydi va butun ontogenez davomida amalga oshadi, bu bilan hayvonlardan tubdan farq qiladi. Hayvonlarda differensiyalanish va organlar hosil bo`lishi jarayoni asosan embrional davrga to`g`ri keladi. Ko`p hujayrali organizmlar ontogenezida ro`y beradigan differensiyalanish o`zining izchilligi bilan xarakterlidir. Differensiyalanish, ayniqsa, ontogenezning erta davrlarida jadal sur’atlar bilan boradi. Organizmning har qanday adaptatsiyasi ontogenetik differensiyalanish bilan bevosita yoki bilvosita bog`liq. Chunki differensiyalanish organizmlar reaksiya normasini, strukturalarning funktsional xilma-xilligini oshiradi va oqibatda organizmlar turg`unligini mustahkamlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |