Ko‘zaliqir yodgorligi Amudaryoning chap sohilida Chirmonyob kanalining o‘rta qismida, Toshhovuz shahridan 85 km uzoqlikda joylashgan. Qal’a uchburchaksimon tepalik ustida bunyod etilgan, bu uning tarhini belgilagan. Ko‘zaliqir 25 ga hududga ega bo‘lgan va shinak, minoralar bilan mustahkamlangan, yo‘laksimon to‘rt qator mudofaa devori bilan o‘ralgan. Qal’a devorining har 36 m masofasida yarim aylanasimon burjlar qurilgan. Mudofaa devorlari yo‘lagining ichki qismida o‘choq izlari aniqlangan, ya’ni aholi dushman hujumi davrida devor ichida himoya qilingan. Qal’a hududining asosiy qismi tekislikdan iborat bo‘lib, aholi tomonidan o‘zlashtirilmagan. Tadqiqotchilar fikricha, bu yerda dushman bosqinlari davrida aholining chorvalari saqlangan bo‘lishi mumkin. Ko‘zaliqir qal’asining janubiy-g‘arbiy qismida 1 gektar hududida qurilgan saroy izlari topilgan. Saroy 20dan ortiq xonalardan iborat bo‘lgan. Saroyning shimoli-sharqiy qismida 6 ustunli zal bo‘lib, u alohida ajralib turgan. Zaldagi o‘choqlar va stollarning bir necha bor qayta ta’mirlanganligi aniqlangan. Tadqiqotchilar bu xonani katta ommaviy tadbirlar, marosimlar, bayramlar o‘tkaziladigan joy degan fikrni berishgan. Bu xonaning janub tomonida omborxona bo‘lgan. U yerdan donlar saqlangan o‘ndan ortiq xumlar va xo‘jalik o‘ralari topilgan. Ko‘zaliqir saroyining don saqlanadigan omborxonasidan sopol idishda yirik hajmdagi muhr izi topilgan. Muhrda o‘ralib yotgan ilon tasviri bo‘lgan, uning atrofi nur kabi taralayotgan to‘g‘ri chiziqlar bilan bezatilgan. Tadqiqotchilar buni xorazmliklarning o‘ziga xos urf-odatlari bilan bog‘laydi. Bu loy bo‘laklari “Barakat–kesak” deb nomlangan va u har yili yuqori hosil olishda o‘ziga xos e’tiqod ramzi hisoblangan. Y.A.Rapoport fikricha, muhrda ilon va quyosh tasvirining aks ettirilishi bu nihoyatda kam uchraydigan quyoshga e’tiqod ramzi bo‘lib, u suv (ilon) va quyosh (nur) ma’nolarini o‘zida jamlagan. Bu ikki muqaddas e’tiqod ramzlari mil. avv. IV-III asrlarda Xorazmning turli sopol buyumlarida aks ettirilgan. Ilon timsoli tabiatning uyg‘onishi bilan bog‘langan, shu sabab unga e’tiqod dehqonchilik bilan shug‘ullangan barcha xalqlarda, shu jumladan, xorazmliklarda ham keng tarqalgan. Saroyning markaziy qismida 2 metr qalinlikdagi devor bilan o‘ralgan kvadrat (270 m2) shaklda qurilgan xona bo‘lgan. Uning janubiy tomonidan asosiy hovliga chiqilgan. Hovli 800m2 maydonni egallagan bo‘lib, devor bo‘ylab xom g‘ishtdan ishlangan supalar qurilgan. Shimol tomonida boshqa supalarga nisbatan balandroq va keng qilib qurilgan supa topilgan. Tadqiqotchilar uni hukmdor taxtiravoni qo‘yilgan joy degan fikrni bildirishmoqda. Hovlining o‘rtasida baland platforma bo‘lib, bu yerda muqaddas olov yoqilgan. Platformaga yaqin joydan ko‘p miqdorda toza kul qoldiqlari bo‘lgan o‘ra topilgan. Qal’aning shimoliy tomonida qalin devorli, ichki qismi tor bo‘lgan 3ta minorali bino topilgan. Uning devorlarida olov izlari saqlanib qolgan, bu u yerda doimiy olov yonib turganligidan dalolat beradi. Qal’aning sharqiy tomonida temirchilik ustaxonasi qoldiqlari ham topilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |