X
Xadda – Afg‘onistondagi eng yirik buddizm dini markazi. U mil. avv. II-V asrlarga oid bo‘lib, Jalolobod shahridan 9 km shimoli-sharqda joylashgan. Uning hududi 15 km2 bo‘lib, u yerdan budda diniga oid minglab yer usti monastlari va sun’iy bunyod etilgan g‘orlar topilgan.
Xaumavarka saklari – xaumani iste’mol qiluvchi saklar degan ma’noni bergan. Ular hozirgi Toshkent viloyati va Janubiy Qozog‘iston yerlarida istiqomat qilganlar.
Xumbuztepa yodgorligi Xorazm viloyati Hazorasp shahridan 17 km sharqda, Amudaryoning chap sohilida joylashgan. Bugungi kunda uning 4,6 ga qismi saqlanib qolgan. Xumbuztepa mil. avv. VII oxirlaridan milodiy III asrlargacha mavjud bo‘lgan yirik kulolchilik va diniy markaz hisoblanadi. Xumbuztepada olib borilgan stratigrafik tadqiqotlar natijasida uning uchta qurilish bosqichi aniqlangan. Birinchi bosqichda yarim yerto‘la va chaylalarning izlari, sopol ishlab chiqarish majmuasi, undan janubroqda ikki yarusli xumdon, ustaxona topilgan. Bu xumdon qurilish jihatdan mil. avv. I ming yillikning ikkinchi choragiga oid Marg‘iyonaning Uchtepa va Churnok yodgorliklaridan topilgan xumdonlarga o‘xshashligi aniqlangan. Ikkinchi bosqichida ishlab chiqarish obyektlari monumental xarakter kasb etib, yangi ustaxonalar quriladi. Yarim yerto‘la va chaylalar qum bilan to‘ldirilib, o‘rnida xumdonlar qurilgan. Bu davrga oid ibodatxona izlari topilgan. Sopol idishlarning ishlanishi birinchi bosqichdan farq qilib, xumchasimon idishlarning bo‘yin qismi alohida ajratilgan, gardishi uchburchaksimon, uchi o‘tkir qilib ishlangan. Silindrokonik sopol idishlar sirtining ba’zi bir qismlari qizil rang bilan bo‘yalgan yoki qizil rang oqizilgan. Kosa, tog‘orachalarning tashqi va ichki qismi esa qizil rang bilan bo‘yalgan. Bunday sopol idishlar Ko‘zaliqir yodgorligi uchun ham xarakterlidir.
Uchinchi bosqichga oid qurilish qoldiqlari aniqlanmagan, lekin bu davrga oid nihoyatda ko‘p sopol idishlarning parchalari va toshqollar topilgan.
Xumbuztepa yodgorligidan hunarmandchilik ustaxonalari, xumdonlar, ko‘plab kulolchilik toshqollari va axlat o‘ralari topilgan. Bu yerdagi xumdonlarning kattaligi 2,2 metrdan 7,5 metrgacha bo‘lib, ular atrofida kul, haykalchalarning siniqlari, idishni pishirishda ishlatiladigan tagliklar, pishgan va xom g‘isht bo‘laklari topilgan. Bu topilmalar Xumbuztepaning sopol buyumlar ishlab chiqarish hunarmandchilik markazi bo‘lganligini asoslaydi.
Xumbuzpeta yodgorligini o‘rganish jarayonida og‘irligi 50–100 gramm bo‘lgan loydan ishlangan tuxumsimon yadrolar topilgan. Tadqiqotchilar ularni mudofaa palaxmon toshlari deb baholaydilar. Bu esa o‘sha davrlarda qal’a himoyasiga aholining alohida e’tibor qaratganligini ko‘rsatadi. Keyingi yillarda yodgorlikda olib borilgan tadqiqotlar natijasida xumdonlarga yaqin joydan miloddan avvalgi V-IV asrlarga oid zardushtiylik ibodatxonasi izlari topilgan. Ibodatxonaning 12x12 metr maydonini egallagan markaziy zali va uning sharqiy qismidan oziq-ovqat ombori qoldiqlari aniqlangan. Omborxonadan yerga ko‘milgan 12ta xum va xumchalar topilgan, ularda turli donlar va oziq-ovqat mahsulotlari saqlangan. Ibodatxona hududidan ko‘zasimon idishlar, kosalar, suvdonlar, tog‘oralar, xum, xumchalar, turli terrakota haykalchalari, mil. avv. V-IV asrlarga oid bronzadan ishlangan kamon o‘q-uchlari, uning markazidan pishiq g‘ishtdan ishlangan 4ta ustun tagkursi topilgan. Xumbuztepadan mil. avv. V asrga oid hosildorlik xudosi – Anaxitaning ko‘plab haykalchalari topilgan. Tadqiqotchilar bu haykalchalarni, xorazmiylar e’tiqodi bilan bog‘liq suv xudosi – Xubbi bilan bog‘lashadi. Haykalchalar orasida sigir, ho‘kiz, sher, qo‘y, ot haykalchalari ham topilgan. Shuningdek, chavandozlarning haykalchalari ham topilgan bo‘lib, ulardan birining qalpog‘i konus shaklida, ya’ni cho‘qqili qilib ishlangan bo‘lsa, ikkinchisiniki Xorazmliklarning milliy telpagi – cho‘girmaga o‘xshab ishlangan. Buni xorazmliklarning cho‘girmasi (telpagi) bilan qiyoslash mumkin.
Xumbuztepa yodgorligidan sopol disk topilgan. Unda ilon tasviri bo‘rtma tarzda ishlanib, qizil rang bilan bo‘yalgan. Qizil rang bilan bo‘yalgan ko‘za dastasining bosh qismi sher va ayol tasvirlari bilan bezatilgan. Tadqiqotchilar fikricha, bu ko‘zalar diniy marosimlarda ishlatilgan va xorazmliklarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq.
Xumbuztepada ishlangan sopol idishlarga kulol ustalarning “X” va “T” shaklidagi tamg‘alarini qo‘yganlar. Sopol idishlardagi bu tamg‘alar dastlabki bosqichda idishni pishirishda ishlatiladigan tagliklar orqali qo‘yilgan bo‘lsa, Xumbuztepaning so‘nggi bosqichi – mil. avv. IV-III asrlarda sopol idishlarga o‘tkir buyum bilan pishirishdan oldin chizma tamg‘a qo‘yilgan. Sopol idishlarning parchalarida turli tasvirlar aks ettirilgan. Mil. avv. IV-III asrlarga oid bo‘lgan xumchaning yelka qismida ayol ma’budaning tasviri saqlanib qolgan. Qizil rangli ko‘zalar dastasining yuqori qismida sherning boshi bo‘rtma tarzda ishlangan. Bu sherga e’tiqod bo‘lganligidan darak beradi. Sovut kiygan otliq jangchining tasviri suvdonning parchalaridan topilgan. Tasvirda ot va jangchi ham plastinkalardan ishlangan sovut kiygan.
Xorazm hududidan birinchi marta ajdarho tasviri topilgan. U bilaguzuk qolipida aks ettirilgan. Ajdarho tasviri xorazmliklarga xos emasligini inobatga olgan tadqiqotchilar, xorazmliklar ahamoniylarga soliq sifatida bunday buyumlar tayyorlagan bo‘lishi ehtimoli bor degan fikrni berishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |