1-mavzu. Qadimgi Sharqda xalqaro munosabatlar va diplomatiya.
Reja: 1. Qadimgi Mesopotamiya
2. Qadimgi Misr
3. Qadimgi Xett
4. Qadimgi Ossuriya
5. Qadimgi Xindiston
6. Qadimgi Xitoy
Tayanch iboralar: diplomatiya, lugal, Kish lugali, fir'avn maktublar uyi, nikoh diplomatiyasi, garovga olish diplomatiyasi, xazianu, kontragent shartnoma, Aso odami, Ashshurbanipal kutubxonasi, al-Amarna arxivi, abarakku, rabshakku, marshipri, mandala, Artxashastra, duta, yuyshi.
Qadimgi Mesopotamiya. Diplomatiya qadimgi davrdagi xalqaro munosabatlarda davlatlarning siyosiy hamda qulchilikka asoslangan iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Aynan qulchilik munosabatlari qadimgi Misr, Akkad, Bobil, Ossuriya diplomatiyasi, Xett, Xindiston va Xitoy kabi davlatlarning vujudga kelishi va gullab-yashnashida muhim rol o‘ynagan. Miloddan avvalgi IV-III mingyilliklarda diniy, harbiy harakterga ega bo‘lgan kuchli davlatlar o‘z iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida qo‘shni davlatlarga bostirib kirganlar hamda ularning boyliklarini talaganlar, o‘zlarini esa qulga aylantirganlar. Xalqaro masalalar faqatgina urush bilan xal etilgan. II mingyilliklarga kelib qadimgi Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi xalqaro munosabatlarda diplomatiyaning o‘rni kuchayib borgan.
Miloddan avvalgi Sh-II mingyillikda Mesopotamiyada yigirmaga yaqin "en"lar, ya'ni, shahar-davlatlar mavjud bo‘lib, Mesopotamiyada gegemonlikka da'vogarlik qiluvchi dastavval "Kish podshosi" unvoniga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan. "Kish lugali" unvoni podsho-gegemonning an'anaviy unvoni bo‘lib qolgan.
Mesopotamiyaning tashqi aloqalari asosan Sharq tomon qaratilgan edi. Miloddan avvalgi IV mingyillikda Mesopotamiya Eronning yassi tog‘lik hududlari bilan jadal savdo aloqalariga ega bo‘lgan.
Miloddan avvalgi III mingyillikda Mesopotamiyaga keltirilgan mahsulotlarning aksariyat qismi aynan savdo karvonlari orqali ta'minlangan. Bu esa, savdo karvonlarining yorkin qatnovini ta'minlovchi o‘zaro kafolatlarni vujudga keltirishni talab etgan.
Kish hukmdori Menbaragessi (mil. avv. 2600 y.) ishtrokidagi bizga ma'lum bo‘lgan harbiy to‘qnashuvlardan eng qadimgisi Elam bilan bog‘liq edi. Elam keyingi asrlar davomida eng xavfli dushmanga aylangan bo‘lib, Mesopotamiya davlatlari aynan shu paytda to‘xtovsiz harbiy to‘qnashuvlar davriga kirib borgan. Kish hukmdorlaridan tashqari, Ur, Uruk, Lagash hukmdorlari ham o‘zlarini "Kish podshosi" deb nomlay boshlaganlar. Akkad sulolalariga tegishli bo‘lgan shohlar ham keyinchalik ushbu unvonni o‘zlarining unvonlari qatoriga kiritganlar.
Butun Mesopotamiya hududlarini o‘z ichida qamrab olgan davlatni birinchi bor Sargon barpo etgan. Akkad deb nomlangan bu davlat o‘zining tuzilishi jihatidan ham konfederatsiya, ham markazlashgan davlatni eslatgan. Yaqin Sharqda Misr va Elamning asosiy raqobatchisiga aylangan Akkad davlati uchun harbiy yurishlar an'anaviy tus olgan. O‘zini "to‘rt iqlim podshosi" deb e'lon qilgan Naramsin va elamliklar hukmdori Xit o‘rtasidagi birinchi xalqaro shartnoma hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Shartnomaga ko‘ra mag‘lub tomon hisoblanuvchi Elam podshosi katta tovon to‘lashdan tashqari, Akkadga nisbatan samimiy va do‘stona munosabatda bo‘lish, uning dushmanlariga qarshi harakatlarda harbiy yordam ko‘rsatish, dushmanlik kayfiyatidagi qochoqlarni tutib berish, Naramsinga dushmanlik qilganlarga panoh berishdan voz kechish kabi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.
Miloddan avvalgi II mingyillik birinchi yarmida Mesopotamiyada yetakchi davlatga aylangan Bobilning siyosiy tartibsizlik sharoitida yuksalishi harbiy muvaffaqiyatlar bilan birga o‘ta mahorat bilan olib borilgan diplomatiyaning natijasi edi. Bobil hukmdorlari qo‘shni davlatlar bilan diplomatik munosabatlalarni tartibga solishda sulolaviy nikohdan keng foydalanganliklari to‘g‘risida ham ma'lumotlar uchraydi. Bu davrda davlatlar o‘rtasida ko‘plab ittifoqlar (teng huquqli yoki tengsiz) tuzilgan. Biroq ularning barchasini umri qisqa bo‘lgan. Chunki diplomatik munosabatlarni kafolatlovchi huquqiy normalar xali shakllanib ulgurmagan edi. Agar ittifoq teng huquqli bo‘lmasa, unda gegemon-podsho qaram podsholiklarga, ularni doimo nazorat qilish maqsadida, o‘zining maslahatchilarini (xazianuni) yuborardi. Qaram podsholar bunday ittifoqning rahbariga yuborgan maktublarida unga "ota" yoki "hukmdor" deb murojaat qilganlar. Ularning majburiyatlari bitimlarda aniq belgilab berilgan bo‘lib eng asosiy vazifasi urushlar davrida harbiy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. Tuzilgan shartnomalar xudolar oldida qasam ichish bilan mustahkamlangan. Siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida harbiy kuch, ayyorlik, pora berib sotib olish, isyonlarni keltirib chiqarishdan foydalanilgan. Bunday usullarni Bobil hukmdorlari muvaffaqiyatli tarzda qo‘llaganlar.
Mari va Bobil o‘rtasidagi shartnomalardan birida siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida iqtisodiy "yordam"dan foydalanilganligini tasdiqlovchi ma'lumotlar keltirilgan.
Miloddan avvaigi II mingyillikning o‘rtalarida Yaqin Sharqda bir - biriga teng hisoblangan bir necha "buyuk" davlatlar mavjud edi: Misr, Kassitlar Bobili, Shimoliy Mesopotamiyadagi Mitanni davlati va Kichik Osiyodagi Xett podsholigi, Suriya, Falastin, Finikiya, Shimoliy Mesopotamiya va Kichik Osiyodagi kichik va mayda podsholiklar yoki knyazliklar "buyuk" davlatlarga qaram bo‘lib qolganlar.
"Buyuk" davlatlar podsholari o‘zaro yozishmalar chog‘ida bir-birlariga "birodar" deb murojaat qilganlar. Bir birlariga o‘zaro qimmatbaho sovg‘alar taqdim etishdiplomatik munosabatlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |