Bog'liq XALQARO MUNOSABATLAR VA DIPLOMATIYA TARIXI LOTIN yangi
Respublika va imperiya davrida elchilik tartiblari. Miloddan avvalgi IV – III asrlarda Rim uzoq qabilalar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga yerishgan davrda haqiqiy elchilik munosabatlari shakllangan.
Elchixona – legadiya, elchilar – legatlar deb atalgan. Elchilar Senat a'zolari orasidan saylangan. Ular qat'iy yo‘riqnoma asosida ish olib borganlar. Yunon manbalarida aytilishicha, rimlik elchilar qo‘lida oltindan yasalgan maxsus uzuk–muhri bo‘lgan. Ushbu uzuk–muxr orqali elchilar xalqaro shartnomalarga imzo chekkanlar. Rimga qaytib kelgan legatlar oqsoqollar kengashi (Senat) huzurida xisobot berganlar. Faqat ayrim xollardagina xalq yig‘inida (Forum) ham ularning xisobotlari tinglangan.
Miloddan avvalgi III-II asrlarda boshqa davlat elchilarini qabul qilish bo‘yicha maxsus tartib joriy etilgan. Do‘stona aloqadagi davlatlar yoki dushmanlarcha munosabatdagi davlatlar elchilari turlicha kutib olingan.
Do‘stlik aloqalari mustahkam bo‘lgan davlat elchilari Rimdan tashqaridayoq tantana bilan kutib olingan. Tantanali ziyofatdan so‘ng elchilar Rimdagi eng shohona bezatilgan binolardan biriga joylashtirilgan. Rim shahrida kechqurunlari tashkil etiladigan turli ko‘ngilochar bazmlar, bayram dasturxonlarida elchilar senatorlar va boshqa oliy darajadagi zodagonlar bilan yonma-yon joylashganlar, ularga qimmatbaho in'omlar berilgan. Dabdabali kutib olingan bu elchilar yertasi kuni imzolanadigan bitimlar Rim foydasiga hal etilishiga jiddiy qarshi ko‘rsata olmaganlar.
G‘anim davlat elchilari ancha sovuq kutib olingan. Ularni Rimdan tashqarida joylashgan oddiy binolarga joylashtirilgan. Ular umuman shaharga kiritilmagan. Ular joylashgan hudud qat'iy tarzda qo‘riqlangan. Senat a'zolari elchilarni shahar chetidagi ibodatxonada qabul qilganlar. Agar muzokaralar Rim uchun muvoffaqiyatli kechayotgan bo‘lsa, muzokaraning yakunlovchi kuni Rim shahriga ko‘chirilgan hamda elchilar sharafiga ziyofat tashkil etilgan. Aksincha hollarda esa elchilarga Rim hududini tark etish uchun qisqa muddat belgilanib, kech qolgan elchi shavqatsiz jazolangan. Dushman elchilari faqat Rim hududidagina qo‘riqchilar tomonidan himoyalangan bo‘lsa, do‘st davlat elchilari o‘z yurtlariga qadar kuzatib qo‘yilgan.
Imperiya davrida Rimda diplomatik aloqalar shaxsan imperator va uning konselariyasi nazoratida bo‘lgan. Klavdiy imperatorligi davrida o‘tkazilgan islohotlar jarayonida xalqaro aloqalarni tartibga solishga alohida e'tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, imperatorga bo‘ysunuvchi maxsus kotib lavozimi joriy etilib, u Rimning xalqaro munosabatlarida asosiy mas'ul xisoblangan. Rimning mashhur advokatlaridan biri hisoblangan Pamponiyning yozib qoldirishicha, Klavdiy davrida elchilarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Imperiya davrida Rim diplomatiyasi ikki xil ko‘rinishga ega bo‘lgan:
1) Tashqi diplomatik aloqalar – Rim hukmronligi doirasidan tashqaridagi davlatlar bilan xalqaro munosabatlar.
2) Ichki diplomatik aloqalar – Rim ta'siri ostidagi davlatlar bilan xalqaro munosabatlar.
Rim ta'siri ostidagi davlatlar avtonomiya huquqiga va iqtisodiy, siyosiy, diniy jihatdan ma'lum vakolatlarga ega bo‘lganlar. Ular Rimga elchilar jo‘natib, o‘z manfaatlarini Senatda himoya qila olganlar.
Vispasian davrida qo‘shni davlatlarda faoliyat olib borayotgan elchixona vakillari 3 nafargacha (ilgari o‘n nafar bo‘lgan) qisqartirilgan. Asosiy maqsad elchixonalar uchun ajratiladigan mablag‘ni cheklash bo‘lgan.
Domitsian davrida elchixonalarni mablag‘ bilan ta'minlash deyarli to‘xtatilgan. Elchilik mansabini fahrli deb xisoblagan aristokratiya vakillaridan elchilar tayinlana boshlangan.
Imperiya davrida patritsiylar orasidan yetuk diplomatlarni tayyorlash maqsadida maxsus maktablar faoliyat ko‘rsatgan. Ularga huquq, diplomatiya, ritorika, falsafa kabi fanlar chuqur o‘rgatilgan.