Nazorat uchun savollar
1. Qadimgi Rimda fetsiallarning vazifalari haqida ma'lumot bering?
2. Qadimgi Rim diplomatiyasida fetsiallikka o‘tish tartibi qanday edi?
3. Rim davlatida boshqa davlat elchilarini qabul qilish bo‘yicha maxsus tartib qachon joriy etilgan?
4. Puni urushlari davrida O‘rtaer dengizi mamlakatlari nechta lagerga ajralgan edi?
5. “Divide et impera” iborasi mohiyatini tushuntirib bering?
6. Imperiya davrida Rimda diplomatik aloqalar nazorati kimlar tomonidan amalga oshirilgan?
7. Klavdi imperatorligi davrida o‘tkazilgan islohotlar haqida nimalarni bilasiz?
8. Imperiya davrida tashkil etilgan diplomatlar tayyorladigan maxsus maktablarda asosan qanday fanlar o‘qitilgan?
9. Fetsiallikka o‘tish bosqichlar haqida ma'lumot bering?
10. Imperiya davrida ichki diplomatik aloqalar qanday ko‘rinishda edi?
4-mavzu. O‘rta asrlarda Yevropada xalqaro munosabatlar va diplomatiya.
Reja: 1. Vizantiya diplomatiyasi
2. Papa diplomatiyasi
3. Feodal tarqoqlik davrida diplomatiya
Tayanch iboralar: Sharqiy Rim imperiyasi, Yustinian isloxotlari, apokrisiarlar, Strasburg qasami, Verden shartnomasi, gerold
Vizantiya diplomatiyasi. Ibtidoiy demokratiyaga asoslangan, asosan, diniy xarakterga ega bo‘lgan qadimgi Sharq mamlakatlari hamda huquqiy jihatdan ancha yuksalgan Yunoniston va Rim diplomatiyalari ta'sirida shakllangan Vizantiya diplomatiyasi ilk o‘rta asrlardagi xalqaro munosabatlar tizimida yetakchi mavqyega ega bo‘lgan.
G‘arbiy Rim imperiyasi german qabilalari tomonidan istilo etilgach, uning sharqiy hududi uzoq vaqt hukm surdi. Sharqiy imperiyani rasmiy suratda Rim imperiyasi deb atash davom etdi. Bora-bora bu nom yo‘qolib, uning o‘rnini “Vizantiya imperiyasi” degan nom egalladi (Imperiyaning poytaxti qadimda Vizantiya deb nomlangan bo‘lib, 330-yilda imperator Konstantin Buyuk unga Konstantinopol deb nom bergan). Bolqon yarim oroli, Egey dengizidagi ko‘plab orollar, Kichik Osiyo, Suriya va Falastin, Misr va Mesopotamiya, Kavkazortining bir qismi, Qrimning janubiy qirg‘oqlari imperiya tarkibiga kirgan. Bunday ulkan hududlarga ega bo‘lgan davlatni saqlab qolish va rivojlantirishda nafaqat harbiy salohiyat, shu bilan birga diplomatiya ham alohida ahamiyatga ega edi.
Rimning qulashi va feodalizmning ilk elementlarining paydo bo‘lishi xalqaro munosabatlar tizimiga katta ta'sir ko‘rsatgan. Feodal munosabatlarga asoslangan varvarlar jamiyatida tashqi siyosat muhim ahamiyat kasb etgan. Harbiy o‘ljalar va imkon qadar yangi yerlarni egallashni maqsad qilgan hukmdorlar bir-birlari bilan tinimsiz urushlar olib borganlar. Oxir oqibat tashqi aloqalarni tartibga solish maqsadida qabilalar o‘zaro murosaga kelishga, shu maqsadda turli shartnomalar imzolashga majbur bo‘lganlar. Shu tariqa yangi tartibdagi o‘ziga xos bo‘lgan xalqaro munosabatlarning shakllanishiga asos solganlar.
Varvarlar vaqti-vaqti bilan Sharqiy Rim imperiyasi hududlariga ham xavf sola boshlaganlar. O‘zida Rim imperiyasi an'analarini saqlab qolgan Vizantiya yosh varvar davlatlarining ichki va tashqi siyosatiga kuchli ta'sir o‘tkaza olgan. Vizantiya diplomatiyasidagi dabdababozlik, uddaburonlik, ayyorlik, o‘z maqsadlari yo‘lida savdo, madaniy, diniy aloqalardan samarali foydalana olish qobiliyati ilk o‘rta asrlar diplomatiyasining umumiy sifatlarining shakllanishida katta rol o‘ynagan.
Vizantiya tashqi siyosati Yustinian I (527565) davrida eng gullagan davrini boshdan kechirgan. Uning varvarlar tomonidan bosib olingan g‘arbiy hududlarni qaytarib olinishida diplomatik ustamonlik eng katta rol o‘ynagan. Vizantiya diplomatiyasining asosiy maqsadi, varvarlarni qo‘rqitishga emas, balki ularni imperiya manfaatlariga xizmat qildirishga qaratilgan edi. Yustinian varvar qabilalarini bir-biriga gij-gijlash va o‘zaro urushlar keltirib chiqarish orqali ularni kuchsizlantirishga yerishgan. Ko‘plab tarixchilar Vizantiyaning varvarlarga nisbatan siyosatini shaxmat donalarini boshqarishga qiyoslaydilar. Sharqiy Rim imperiyasining diplomatik xizmati varvar qirolliklari uchun andoza qilib olingan.
Bundan tashqari, boshqa davlatlarning ichki ishlariga harbiy aralashuv Yustinian siyosatining vositalaridan biri edi. Bunday siyosat vandallar va ostgotlar bilan bo‘lgan urushlarda yorqin ifodasini topgan.
Xristian dinini yoyish ham Vizantiya imperatorlarining eng muhim diplomatik qurollaridan biri edi. Konstantinopoldagi saroyda apokrisiarlar deb nomlangan papaning doimiy vakillari faoliyat ko‘rsatganlar. Ular Vizantiya hududidagi diniy marosimlarni tashkil etish, cherkov va monastirlar barpo etish ustidan nazorat olib borardilar. Shu bilan birga ularga saroydagi voqea-hodisalarni zimdan kuzatish va yangiliklardan papani xabardor etib borish vazifasi ham yuklatilgan. Rus davlatida xristianlikning yoyilishi Vizantiyaning katta diplomatik g‘alabasi bo‘ldi. Xristianlikni qabul qilgan mamlakatlarda Vizantiyaning ta'siri o‘rnatilardi. Vizantiyaga qaram bo‘lgan ruhoniylar qatlami, savodlilikning yagona sohibi sifatida varvarlar davlatlarida katta rol o‘ynagan.
Birinchi vazir boshqaruvi ostida tashqi ishlar vaziri va uning idorasi (magister officiruem, keyinchalik “logofet droma”) faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu idora katta tarkibga ega bo‘lib, uning ixtiyorida barcha tillardan tarjimonlar mavjud edi. Alohida qonun asosida elchilarni qabul qilish bo‘yicha marosimlarning murakkab tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu tartiblarga qat'iy amal qilinishi shaxsan imperator nazoratida bo‘lgan.
Konstantinopol saroyi qoshida elchilik xizmatining ham ma'lum qoidalari ishlab chiqilgan. Elchi hukmdorning vakili hisoblangan va muzokaralarni faqatgina berilgan vakolatlar doirasida olib borishi mumkin edi. Ushbu qoidani buzgan elchi qattiq jazoga tortilgan. Faqatgina kamdan-kam hollardagina imperator vakillariga butun ma'suliyatni o‘z bo‘yniga olib, mustaqil muzokaralar olib borishga ruxsat berilgan. Elchilarga imperator tomonidan alohida yorliq taqdim etilib, unda elchining vakolatlari aniq ko‘rsatilgan.
Odatda, elchilar yuqori martabali kishilar orasidan saralab olinib, ularga unvonga egalik qilmagan bo‘lsa, yuqori unvonlar maxsus berilgan.
Vizantiya elchilariga o‘zga mamlakatlarda xatti-harakat va yurish-turishning aniq qoidalariga rioya qilish buyurilgan. Elchi xushmuomalalik bilan o‘zga saroyda ko‘rgan barcha narsalarni qo-yilmaqom darajada maqtay olish qobiliyatiga ega bo‘lishi talab etilgan. Ammo, buni shunday amalga oshirishi lozim ediki, bu Vizantiya tartiblariga nisbatan gina sifatida namoyon bo‘lmasligiga e'tibor qaratilgan.
Rasmiy jihatdan elchilarga davlatlarning ichki ishlariga aralashmas- lik buyurilgan. Lekin, amalda har doim ham bunga rioya qilinmagan. Elchilar tuzgan shartnoma faqatgina imperator ratifikatsiya (tasdiqlangandan) qilganidan so‘ng kuchga kirgan.
Elchilar daxlsizligi tamoyili varvarlar tomonida tez o‘zlashtirib olingan. Biroq, shuni ta'kidlash lozimki, varvar qirollarining elchilik- larida Vizantiya odatlariga xos bo‘lmagan xususiyatlar ham uchraydi. Varvar a'yonlari orasida muzokaralarning yozuv-chizuv qismini mustaqil olib borishga qodir ma'lumotli insonlar kam edi. Varvar davlatlari elchilari asosan ruhoniylardan tayinlangan bo‘lib, ular bilimli va uddaburon Vizantiya elchilari oldida “ip esha olmaganlar”.
Rim diplomatiyasiga qaraganda huquqiy jihatdan yanada mustahkamlan- gan Vizantiya diplomatiyasi ilk o‘rta asrlardagi xalqaro munosabatlarda muhim rol o‘ynashi bilan birga arab va fors, shuningdek, rivojlangan o‘rta asrlar diplomatiyasida o‘chmas iz qoldirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |