Nazorat uchun savollar
1. Qadimgi Sharqning qaysi davlvti xalqaro munosabatlarni tartibga solishda sulolaviy nikohdan keng foydalangan?
2. Qadimgi Mesopotamiya tarixida kim o‘zini “To‘rt iqlim” humdori deb e'lon qilgan?
3. "Buyuk" davlatlar podsholari o‘zaro yozishmalar chog‘ida bir-birlariga qanday murojaat qilganlar?
4. Qadimgi Misr diplomatiyasi haqida eng qimmatli ma'lumotlar qaysi manbada keltirilgan?
5. Qadimgi Misr diplomatiyasida "Fir'avn maktublar uyi" nomli maxsus muassasaning vazifasi qanday?
6. "Artxashastra"ga binoan, ittifoqchining asosiy xususiyati nimadan iborat?
7. Qadimgi Xitoy diplomatyasida “Yuyshi” mansabidagi shaxsning vazifalari nimalardan iborat bo‘lgan?
8. Mandala so‘zining ma'nosi?
2-mavzu. Qadimgi Yunonistonda xalqaro munosabatlar va
diplomatiya.
Reja: 1. Prokseniya va amfiktoniyalar
2. Elchilik tartiblari
3. Klassik davrda xalqaro munosabatlar
4. Ellinizm davrida xalqaro munosabatlar
Tayanch iboralar: prokseniya, amfiktoniya, Kseniya, ieremnemon, ker'yuks, angelos, 1-Afina dengiz ittifoqi, Peleponnes ittifoqi, Yunon-Eron urushi, Kalliy sulhi, Peleponnes urushi.
Prokseniya va Amfiktoniyalar. Insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi o‘choqlaridan biri hisoblanadigan Qadimgi Yunonistonda fan va texnika, madaniyat va maorif bilan bir qatorda xalqaro munosabatlar, diplomatik bilimlar, siyosiy ong va dunyoqarash ham yuksalib bordi. Garchi qadimgi Sharq mamlakatlari – Misr, Akkad, Bobil, Ossuriya, Xett, Hindiston va Xitoy kabi davlatlarda diplomatik munosabatlar va elchilik tartiblari o‘zining shakllanish jarayonini boshlab bergan bo‘lsa, bu jarayon antik Yunonistonda yangi bosqichga qadam qo‘ydi.
Qadimgi Yunonistonda xalqaro aloqalar va xalqaro huquqning eng qadimgi shakli – “Prokseniya”, ya'ni mehmondo‘stlik edi. Prokseniya ayrim shaxslar, urug‘lar, qabilalar va davlatlar o‘rtasida amal qilar edi. Biror mamlakatga tashrif buyurgan elchilar, avvalo, o‘zlarining proksenlariga murojaat qilardilar va ular diplomatik muzokaralarda yetakchi o‘rinni egallardilar. Proksenlar huquq, savdo-sotiq, soliq va sud ishlarida, aholi bilan davlat o‘rtasida asosiy vositachi hisoblanganlar. Ular aholining shaharga bo‘lgan ahloqiy munosabatlarini ham tartibga solib turganlar. Shaharda istiqomat qiluvchi chet elliklar mehmondo‘stlik ilohasi – Kseniya himoyasida deb hisoblangan.
Xalqaro munosabatlarning yana bir qadimiy institutlaridan biri – amfiktoniyalardir. “Amfiktoniya” so‘zi yunoncha so‘z bo‘lib, “atrof hududlarda yashovchilar” degan ma'noni anglatadi. Amfiktoniyalar ibodatxonalarda tashkil etilgan diniy ittifoqlar hisoblangan. O‘ta muhim va ardog‘da bo‘lgan xudolar qoshida tashkil etilgan bu ittifoqlar urug‘ ichidagi, urug‘lararo, qabilalararo munosabatlarni tartibga solgan. Bayramlar arafasida har qanday urushlar amfiktoniyalar tomonidan qat'iyan ta'qiqlangan. Ushbu ta'qiqqa amal qilmaganlarga nisbatan “muqaddas urush” – ieromimiya e'lon qilingan. Bundan ko‘rinib turibdiki, amfiktoniyalar nafaqat diniy, shu bilan birga siyosiy xarakterga ham ega bo‘lgan.
Amfiktoniyalarning asosiy vazifasi ilohiy bayramlarni munosib nishonlash, umumiy qurbonliklar tashkil etish, aholi va turli jamoalarning ehsonlari evaziga to‘plangan xazinani himoya qilish, uni maqsadli sarflash, diniy qoidalarni buzganlarni jazolash kabilardan iborat edi. Amfiktoniyalardan eng yirigi Fermopil – Demetra ibodatxonasi bo‘lib, u 12 ta qabilani o‘zida birlashtirgan. Har bir qabila 2 tadan ovozga ega bo‘lgan. Tashkilotning bosh organi umumiy yig‘in hisoblanib, yig‘in raisi ieremnemon deb atalgan. Umumiy yig‘in-yilda 2 marta – bahorda va kuzda chaqirilgan. Ieremnemon qabila boshliqlari orasidan ovoz berish yo‘li bilan saylangan. Amfiktoniyaning har bir a'zosi unga kirishdan oldin qasamyod qabul qilgan. Qasamyod matni quyidagicha edi: – “Amfiktoniyaga qarashli hech bir shaharni vayron qilmayman. Uning suvlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olmayman. Qasamyodni buzganlarga qarshi hamma bilan birgalikda urush e'lon qilaman, uning shaharlarini vayron qilaman. Xudoning xohishiga qarshi borganlarni shafqatsiz jazolayman”.
Amfiktoniyalar miloddan avvalgi V–IV asrlarda Yunoniston siyosiy hayotida qudratli ta'sirga ega bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |