Bog'liq XALQARO MUNOSABATLAR VA DIPLOMATIYA TARIXI LOTIN yangi
Qadimgi Xitoy. Qadimgi Xitoyda diplomatik bilimlarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgan. Jamiyatning o‘qimishli qatlamlari orasida zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan, siyosiy vaziyatni nazariy va amaliy jihatdan tushunadigan, gapga chechan, ishning o‘ziga xos ustalari orasidan diplomatik vazifalarni bajaruvchi amaldorlar saralab olingan. Konfutsiy diplomatiya san'atiga o‘rgatishni podsholikni boshqarishdan keyin ikkinchi o‘ringa qo‘ygan.
Xitoy elchilari boshqa mamlakatga xizmat bilan yuborilganda ularga faqat og‘zaki ko‘rsatmalar berilgan. Diplomatik daxlsizlik haqida tushuncha mavjud bo‘lmasada, amalda har qanday podsholikda elchiga o‘ta hurmat bilan munosabatda bo‘lganlar.
Chjango davri hukmdorlarining saroylari qoshida "yuyshi" deb nomlangan elchilik bilan shug‘ullanuvchi amaldorlar xizmat qilgan. Ular hukmdor nomiga boshqa podsholiklardan etib kelgan barcha maktublarni qabul qilish hamda kelgusi muzokaralar uchun ma'lumotlar tayyorlash bilan shug‘ullanganlar. Davlatlararo munosabatlar nazariyasi va amaliyoti "Szun xen" maktabining faoliyati bog‘liq. Ushbu maktabning vujudga kelishi donishmand Guy Gutszi (mil. avv. IV-III asrlar) nomiga borib taqaladi. Maktabning nomi ikki turdagi davlatlararo ittifoqlarning nomidan kelib chiqadi - "szun" (vertikal bo‘yicha ittifoq yoki shimol-janub ittifoqi) va "xen" (gorizontal bo‘yicha ittifoq yoki sharq-g‘arb ittifoqi).
Miloddan avvalgi 221-yilda Sin podsholigi birinchi bor butun Xitoyni birlashtirgan. Istilolarni amalga oshirish Sin Shi Xuandi tashqi siyosatining asosiy vazifasiga aylangan. Miloddan avvalgi 202-yilda Sin sulolasi xalq qo‘zg‘olonlari natijasida ag‘darilgan. Imperiyada hokimiyat tepasiga Xan sulolasi keldi. Xan imperiyasining qo‘shni xalqlar bilan munosabatlarda avvalgi davrdan meros bo‘lib qolgan oykumena egotsentrik (o‘ta manmanlik, o‘zini dunyoga ustun deb bilish) konsepsiyasi katta rol o‘ynagan.
Ushbu rasmiy tashqi siyosiy doktrinaga qarshi "daosizm" falsafasiga oid asarlarda o‘zgacha konsepsiya uchraydi.
Qadimgi Xitoyning deyarli 2000-yillik tarixi davomida yaqin va uzoq qo‘shnilar bilan tashqi munosabatlarni amalga oshirishning muayyan tamoyillari ishlab chiqilgan. Qadimgi Xitoy diplomatiyasida ikki muhim konsepsiya o‘ziga xos ahamiyatga ega. Birinchisi konsepsiyasi avvalo, teng huquqli davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan.
Ikkinchi konsepsiyaga ko‘ra barcha o‘zga mamlakatlarga Xitoyning ehtimolli o‘lpon to‘lovchisi sifatida qaralgan.
Garovga olish amaliyoti Xan imperiyasining qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlaridagi odatiy hol bo‘lgan. Bu davrda elchilarni qabul qilishning maxsus marosimi ishlab chiqilib, uning maqsadi - elchilik yuborgan hukmdorning Xan imperatoriga nisbatan tobelik holatini aks ettirishi kerak bo‘lgan. Saroyda o‘rnatilgan qoidalarga bekami-ko‘st rioya qilinishiga katta ahamiyat berilgan. Elchilar albatta sovg‘alar bilan yetib kelardilar va Xan imperiyasi ham in'omlar berishga qizg‘anmagan. Elchilarni qabul qilish va ular tomonidan sovg‘alarni topshirish marosimi horijlik vakillarni kamsitadigan va o‘zga yurtlar hukmdorlarining tobe holatini aks etirishga qaratilgan bo‘lsada, imperiyaning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlari do‘stona bo‘lishiga katta e'tibor qaratilgan.