Qadimgi Hindiston. Qadimgi hind tashqi siyosat nazariyasi bo‘yicha asosiy manba miloddan avvalgi IV asrda yozilgan Kautilyaning "Artxashastra" asari hisoblanadi. "Artxashastra" – sanskritcha so‘z bo‘lib “moddiy boylik, siyosiy kuch va siyosiy iqtisod haqida kitob” degan ma'noni anglatadi. Ushbu asarda davlat tuzilishi, ma'muriy-xo‘jalik boshqaruvi, sud ishlari, harbiy va diplomatik san'at bo‘yicha qimmatli ma'lumotlar mavjud bo‘lib, unda “mandala” ("doira", "davlat doirasi") konsepsiyasi ilgari surilgan.
Mandala - bu tashqi siyosatga oid muayyan harakatlar va chora-tadbirlar majmuasi bo‘lib, uning asosiy g‘oyasi – “buyuk davlat barpo etish”dan iborat. Buyuk davlat ("jahon" saltanatining) barpo etilishi siyosatning oxirgi maqsadi hisoblangan.
Dushman va uning ittifoqchilari orasida adovatni keltirib chiqarish, raqib ittifoqchilari bilan separat (boshqalar bilan kelishilmagan, bir tomonlama) shartnomalar imzolash yoki ularga to‘g‘ridan - to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatish, ya'ni dushman mandalasini parchalab tashlash g‘olib chiqishning eng muhim vositasi sifatida tan olingan.
"Artxashastra"ga binoan, ittifoqchining asosiy xususiyati - foyda keltirish va itoatkorlik hisoblangan. Siyosat sa'natini egallagan podsho, birinchi galda shartnomalarning murakkab tizimiga tayanib, yakka hokimlikka intilishi lozim bo‘lgan. Siyosiy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida turli xil tinchlik bitimlari imzolash - siyosatning eng muhim vositasi deb ta'lim berilgan.
"Artxashastra" muallifi garovga olish amaliyotiga eng qulay usul sifatida baho bergan. "Tinchlik" davlatlarning uzoq va doimo birga mavjud bo‘lishini anglatmagan. Vaqtinchalik tinchlikka erishish - kuchliroq dushman ustidan g‘olib chiqishning eng yaxshi vositasi sifatida tavsiya etilgan. Asarda "siyosatning to‘rt usuli" ham tilga olingan:
1. O‘gitlar, pand-nasihatlardan foydalanish.
2. Sovg‘a-salomlar tarqatish.
3. O‘zaro nizo urug‘ini sepish.
4. Kuch ishlatish..
Diplomatik harakterdagi turli xil shartnomalarning ta'rifiga "Artxashastra"da katta e'tibor qaratilgan. Ular orasida teng huquqli va tengsiz, foydali va foydasiz, shartlari mavjud va shartlari yo‘q shartnomalar alohida belgilab ko‘rsatilgan.
Urush barcha usullardan foydalanib bo‘lgandan keyingina, oxirgi vosita hisoblangan. Podshoga g‘alabalarga imkon qadar jangsiz erishish tavsiya qilingan, chunki tinch yo‘l bilan bo‘ysundirish kamroq kuch va harajat talab qiladi.
Miloddan avvalgi I mingyillikning birinchi choragiga oid manbalarda "Duta" ("elchi") tilga olinadi.
"Artxashastra" elchining vazifalariga bag‘ishlangan bob mavjud bo‘lib, uchta turga ajratilgan: "muxtor", "cheklangan vakolatlarga ega" va "choparlar" (maktublar yetkazuvchi).
Elchining mahalliy aholi bilan aloqa qilishi podsho farmoniga ko‘ra man etilgan yoki cheklangan. Siyosiy asarlarda elchiga ko‘proq sukut qilish va eshitish qat'iy tavsiya etilgan. Maxsus diplomatik muassasa shakllanmagan bo‘lsa ham, elchilik vazifalarini podsho nomidan oliy mansabdor shaxslar olib borganlar. Elchilardan nomalarni yetkazib berish niqobi ostida raqibni yoki uning eng qudratli amaldorini yo‘q qilish maqsadida ham foydalanilgan.
Shuningdek, elchilar dushmanning joylashuvi, kuchlari, zahiralari haqida ham ma'lumotlar to‘plagan. "Artxashastra" da turli xil nomalarning (maktublar va xatlaming), shu jumladan, diplomatik tusdagi yozishmalarning qoidalari berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |