www.ziyouz.com
kutubxonasi
108
— Yetti yuz ellik uch xotin-qiz o‘zini o‘zi yoqibdi-ya!
— Absurd, absurd!
— Xudo ursin agar, Klara Xodjaevna, xudo ursin agar! Bu haqda matbuotda necha martalab aytdi.
Qaysi bir shoir g‘azal ham bitdi.
Ideologiya peshonamda tik turmish yigitdan so‘radi:
— Kim ekan u shoir, o‘rtoq Meliev?
— Mixail Dudin, — dedi Meliev.
— Dudin? Oti aytib turibdi — burjua mafkurachisi!
— Burjua mafkurachisi emas, — dedi Meliev.
— Burjua mafkurachisi bo‘lmasa, tirnoq orasidan kir izlaydimi? She’r yozaman desa, ana,
qanchadan-qancha aktivistka xotin-qizlarimiz bor! Xotin-qizlarimiz orasidan ikkita kosmonavt yetishib
chiqdi. Daje, AQShda ham ikkita kosmonavt xotin-qiz yo‘q!
— Yo‘q, Dudin lennngradlik shoir, — dedi Meliev.
— Leningradlik shoir? Leningradlik shoir O‘zbekistonda xotin-qizlar yonayotgani bilan nima ishi
bor? Bilamiz, sovet adabiyotida hali ham ana shunday dissidentlar uchrab turadi! Dissident Soljenitsin
kabi badarg‘a etsak, bilardi!..
— Dudin katta shoir, Klara Xodjaevna, — dedi Meliev. — Sotsialistik Mehnat Qahramoni...
— Sotsialistik Mehnat Qahramoni? Nima deb yozibdi? Esingizda bormi?
Meliev yon cho‘ntagidan bir dasta ro‘znoma oldi. Bir supraday-supradayini yoyib o‘qidi:
Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda
Bu haqda yozilmas bizlar tomonda,
U qanday og‘riqdir, sho‘rlik gullarni
Olovga yo‘llagan, yoqqan gulxanni?
Ularga ayondir men bilmagan sir:
Ne sabab olovga bo‘ldilar asir?
Bu haqda yozilmas, aytilmas so‘zlar
Kul ustida qanot qoqmas qaqnuslar
Tutun-la qovushib o‘rlaydi haryon
Manguga tark etar tanadagi jon
Isyondir bu, soxta hayot qa’rida
Chimildiq ko‘rmagan kelin bag‘rida
Onalar yoshidan chaqnagan o‘tdir
...Dunyo-chi, beparvo ko‘z yumib o‘tdi...
Olamni bosmoqda shomning sharpasi
Qolmadi jahonda shodlik nafasi
Dam sayin tug‘ilar menda ham shuki
Bu yorug‘ olovda poklanish erki
Bu haqda yozilmas bizlar tomonda
Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda!
Bor dunyo soqovdir, so‘z demas xudo
Inson kelajagi yonar dahr aro!
— Inoskazatelstva! — dedi Ideologiya. — Bu inoskazatelstva! Sotsialistik realizm metodiga yot
asar! Sotsialistik madaniyatni barpo etish va mehnatkashlarni kommunistik ruhda tarbiyalash —
reaktsion burjua ideologiyasiga, shuningdek, o‘ng va so‘l opportunizm ideolopiyasiga qarshi,
burjuaziyaning reaktsion madaniyati va kapitalistik turmush tarzi oldida tiz cho‘kab sajda qiluvchilarga
qarshi, sovet ideologiyasiga dushman bo‘lgan millatchilik va kosmopolitlik ruhidagi
buzg‘unchiliklarga qarshi adabiyotda, san’atda va ilm-fanda siyosatdan qochish va g‘oyasizlikka qarshi
hujum qilish, demakdir!
— Kim biladi, Klara Xodjaevna, — deya ming‘illadi Meliev.
— Bu asar rayonimiz xotin-qizlariga tegishli emas! — dedi Ideologiya. — Rayonimiz xotin-qizlari
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |