www.ziyouz.com
kutubxonasi
105
— Qichqirganimdan chopa kelsang, o‘larmiding!
— Qachon? Eshitganim yo‘q, xudo ursin agar, eshitganim yo‘q!
— Qancha qichqirdim, tom-toshni boshimga ko‘tardim, hovlini boshimga ko‘tardim. Dehqonqul-a,
kela ber-chi kela ber, deb qichqirdim.
— Eshitganim yo‘q, it bo‘layin agar, eshitganim yo‘q!
— El-xalqim, kela ber-chi kela ber, deb baqirdim. Qani, birovgina jonzot ovoz bersa, oting nima
desa!
— Bari menga o‘xshab dalada yurgan-da?
— Ha, dalang bilan qo‘shilib chalpak bo‘lgin, chalpakkina bo‘lgin! Ha, dalang bilan qo‘shilib
qo‘shmozor bo‘lgin, qo‘shmozorgina bo‘lgin! Shu ayolga bir nima bo‘lsin qani, men seni nima
qilaman ekan!
— O‘zi, nima bo‘ldi, ayting qanikayin?
— Ochiq mozor bo‘ldi, ochiq lahad bo‘ldi!
— Ko‘p baqirmang-e, ena, tevarak-boshdan-da uyatdir.
— Ichkarida jondaygina kelinim kuyib yotadi-da, men baqirmay kim baqiradi?!
— Xo‘p, nima bo‘ldi o‘zi? Bir boshidan ayting qanikayin?
— Bir qaradim: kelin ichkarida beshikka bag‘rini berib o‘tirdi. Bolasiga emchak berdi. Peshonasini
beshik tebratgich qo‘yib uxladi. Ay, kelin, bo‘l, dedim. Mayli, hozir, dedi. So‘g‘in hujramga kirib
ketdim. Kelindan hadeganda darak bo‘la bermadi. Ikki qaradim: ay, kelin, bo‘l, dedim. Mayli,
manavini emizib bo‘layin, mayli, dedi. Bir og‘iz qattiq-quruq gapirgan bo‘lsam, o‘layin agar, o‘libgina
ketayin, agar! Qaradim-qaradim: kelin qimirlamadi. Bor-e, dedim, bu dunyomdan u dunyom yaqin
bo‘lsa, menga nima, dedim. Hujramga kirib yotib oldim. Yotib-yotib, ko‘zim ketdi. Bir mahal,
oynadan birov qaradi. Men ko‘zimni bilinar-bilinmas ochib turdim. Kelin oynadan mo‘raladi.
Kaftlarini oyna tutib mo‘raladi. Men o‘zimni uxlamishga olib yotdim. Kelin oynadan mo‘raladi-
mo‘raladi... ketdi. Endi dalaga hayallab-hayallab boradi, eridan ko‘r bo‘lib gap eshitadi, dedim. Kelin
shu ketishida oshxonaga boribdi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q, burchakda turgan yermoyini olibdi-da,
yelkasidan quyibdi.
— Yelkasidan quyibdi? Yermoyini-ya?
— Yermoyini-da, yelkasidan-da! So‘g‘in, ko‘ylagi etagidan gugurt chaqibdi.
— O‘zi chaqibdimi?
— Bo‘lmasa kim chaqadi, o‘zi-da.
— Chopib bormadingizmi?
— Eb-e, tush bilibmanmi, o‘t qo‘yishini!
— Y
O
,
tavba, yo, tavbangdan...
— Bir mahal, chirillagan ovoz eshitdim. Avval-avval, nima emish, dedim. Shu yaqinda birov-
yarimni eri urayapti-yov, dedim. Hadahalab joyimdan turdim. Oynadan tashqari qaradim. Qarasam:
hovlida bir o‘t yonayapti. O‘t bo‘lib o‘t emas, kun bo‘lib kun emas! O‘t, deyin dedim — shu vaqtda o‘t
nima qiladi, dedim. Kelin tandir qizitayapti, deyin dedim — kecha tandir qizitib, non yopib olib edi-ku,
dedim, Bir mahal o‘t chinqirib qo‘ya berdi! Tavba dedim, o‘t ham chinqiradimi, dedim. Umrim o‘tib,
chinqirib yongich o‘t ko‘rmab edim-ku, dedim. Bir mahal, o‘t hovlini aylanib chopdi! Men tashqari
otilib chiqdim, Qarab turdim: o‘t hovlida zir-zir aylanib chopdi! O‘t chinqirib-chinqirib choldi! O‘t
buralib-buralib chopdi! O‘t o‘ynab-o‘ynab chopdi! O‘t eshilib-eshilib chopdi! Men ovoz qo‘yib chiriq
berdim. Seni yo‘qlab chiriq berdim. El-xalqim kela ber, deb chaqiriq berdim. Chiriq bera-chiriq bera
— o‘tni oldimga solib quvib qo‘ya berdim! Hovlini aylantirib o‘t quvaman-o‘t quvaman — qani endi,
yetolsam! O‘tni yetolmadim! Bir-ikki marta yetaman-etaman dedim ag‘nab tushdim. Bellarim zirqirab
og‘ridi. Joyimdan turolmay qoldim, yotgan yerimda: el-xalqim, qaerdasan, el-xalqim, kela ber, deb
baqira berdim. Bir balo qilib joyimdan to‘rkadim. Tag‘in o‘t quvib ketdim. O‘t o‘zini devor olib borib
urdi! O‘t o‘zini daraxt olib borib urdi! So‘g‘in, o‘t o‘zini... buzoqni ostiga otdi! Buzoq qoziq aylanib-
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |