www.ziyouz.com
kutubxonasi
102
— O, yaxshi, yaxshi! Turmush sharoitlaringiz qalay, qiynalmayapsizlarmi o‘zi?
— Qiynalish qayoqda, hamma narsa yetarli. Uylarimizda gaz, radio, televizor bor. Har kuni
kechqurun kolxoz klubida kino ko‘rib turamiz. Biz paxtakorlar uchun hamma narsa muhayyo! — dedi
qizlar baxtiyorlarcha.
— Paxta terish qiyin emasmi?
Qizlar yuzlarida baxt va shodlik o‘ynab, o‘zlarining dil so‘zlarini izhor etdi:
— Paxta terishning nimasi qiyin? Paxta terish gul terishday gap! «Oq oltin»lar lo‘ppi-lo‘ppi
bo‘lib, bizga tabassum bilan termulib turadi. Biz avaylabgina olib, etagimizga solamiz!
— O, poeziya, poeziya!
— Paxta terish gul terishdan oson! Gulning tikani bor, avaylamasa bo‘lmaydi. Paxtaning esa
tikani yo‘q, shundaygina kaftimizga olib, etakka solamiz-qo‘yamiz, vassalom. Qaytanga kaftimizga
momiqqina tegib, jonimizga huzur bag‘ishlaydi, rohat bag‘ishlaydi.
— Kaftimizga momiqqina tegib... Ana o‘xshatish! Shoir bo‘lib keting-e!
— Biz paxtani yayrab, havas bilan, zavq-shavq bilan teramiz! Chunki paxta iftixorimiz!
— Ofarin, qizim, ofarin! Ana falsafa-yu, mana falsafa! Biz falsafani siz qo‘li gul dala
yulduzlaridan o‘rganishimiz kerak! Xo‘p, ona qizlarim, ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Vaqtlaringizni olganimiz uchun kechirim so‘raymiz!
Dala yulduzlari dala sari yelib ketdi. Ha, yulduzlar shoshilmoqda, ha, oppoq dalaga talpinmoqda.
Dala yulduzlari tushgacha yuz kilodan oshirib «oq oltin» terib xirmonga to‘kib, tolzor og‘ushidagi
dala shiyponiga keldi. Yulduzlar tushlik qilib, madaniy hordiq chiqardi.
— Dalada yurganlar tushlik qilmaydimi? — so‘radik biz brigadirdan.
— Ular mana bu madaniy hordiq chiqarayotgan ilg‘orlar bilan sotsialistik musobaqa o‘ynagan, —
dedi brigadir g‘urur bilan. — Ilg‘orlarga yetib olaylik deb, tush vaqtidayam paxta teradi, ilg‘orlarning
dam olib o‘tirganidan foydalanadi. Tadbirkor, serg‘urur qizlar-da! Ro‘mollarining uchida noni bor,
shuni yo‘l-yo‘lakay tishlab yeb, paxta teraveradi.
— O, ana buni chinakam mehnatsevarlik desa bo‘ladi!
— Dala mehri!
— Paxta ishqi!
— Vatanga fidokorlik!
Shu payt kolxoz agitmashinasi shiypon oldiga kelib to‘xtadi. Radiokarnaydan kolxoz agitatori
Javlonboy akaning jarangdor ovozi yangradi:
— Terim ilg‘orlariga shon-sharaflar! Aziz terimchilar, yarim kunda yuz kilogrammdan «oq oltin»
terib, el xirmoniga to‘kkan Xursandoy bilan Norguloyga tenglashingiz! Hozir eshittiriladigan «Baxt
yallasi» ana shu ikki ilg‘or dugonaning bugungi yutug‘iga bizning olqishimiz bo‘ladi! Diqqat, «Baxt
yallasi»!
Baxtiyorlar o‘lkasi bu — yayrashing, o‘ynang, kuling,
Bulbuligo‘yo bo‘lib, xo‘p sayrashing, quvnang, kuling,
Ter to‘kib sizlar shu yurtda bundanam baxtli bo‘ling...
Baxt yallasidan horg‘in ko‘zlar tiniqlashdi, bellarga, qo‘llarga quvvat kirdi, oyoqlarga darmon
kirdi.
Dala yulduzlari baxt yallasi qanotida yana dalalar sari yelib ketdi.
Biz ulkan to‘yxonani eslatuvchi paxtazor qo‘ynidan olam-olam zavq ila, quvonch ila qaytar
ekanmiz, quloqlarimiz ostida hamon «Baxt yallasi» jaranglab turdi:
Baxtiyorlar o‘lkasi bu...
Ufqda porloq kelajakdan darak berib, quyosh qizarib botmoqda...
Sergey BORODIN,
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |