www.ziyouz.com
kutubxonasi
106
qoziq aylanib qochdi. Ma’rab-ma’rab qochdi. O‘t lop etib to‘rkadi. O‘t endi burchakda uyug‘li qumga
qarab choldi. O‘t o‘zini qumga urdi. O‘t qumga ag‘nab-ag‘nab chinqirdi. O‘t qumga yumalab-yumalab
chinqirdi. O‘t tag‘in hovlini gir-gir aylanib-aylanib chopdi. Men bechora o‘t quvaman deb, tag‘in
ag‘nab tushdim. Men joyimdan turolmay-turolmay chirilladim. Men qo‘llarimni cho‘zib-cho‘zib
chirilladim. Bovujud, ko‘chadan o‘tkinchi-ketkinchilar chopib keldi.
— Ular-da o‘chirolmadimi-a...
— O‘chirgani shu-da, tirik qoldi, o‘chirgann shu-da! Bo‘lmasa, kelinimni suyagiyam qolmas edi!
Ko‘p ko‘p-da — o‘tni yetib olib, qumga bosib-bosib turdi. O‘tga satillab-satillab suv sepib turdi.
Gilamni ho‘llab-ho‘llab, o‘tga yopib-yopib turdi.
Men tizzamga tars-tars urib yig‘ladim. Men o‘kirib-o‘kirib yig‘ladim. Men aytib-aytib yig‘ladim.
— Ay, dala-dala demay; men o‘layin-a, ay, erkak bo‘lmay men o‘layin-a!..
— Beboqqina kelinim-a!..
— Ay, peshonam qursin-a, dunyoga kelmay men o‘layin-a!..
— Qo‘li kosov, sochi supurgi kelinim-a!..
— Darrov kiyimlarini yechib olmabsizlar-da, ena!..
— Kiyim kimni esiga kepti, deysan...
— Darrov kiyimlarini yechib olsa bo‘ldi edi, odam yonmas edi!
— Odam yonmas edi? Eb-e, odam yonmaganini ko‘ribsan! Odam yonsin-da! Odam gurillab-
gurillab yondi! Hamsoya-qo‘llar kiyimlarini yulib oldi. Baribir odam yondi! Odam tanasi yondi! Odam
gur-gur yondi!
— Qo‘ying-e, ena, odam ham yonadimi! O‘zlaring bo‘sh-bayov bo‘lib o‘chirolmagansizlar!
— Eb-e, eb-e, odam yonsin ekan-da! Odam yonar ekan-da! Ho‘l kundani yonganini ko‘rib
edingmi? Odam ana shu kundaday yonar ekan! Odam badanlari pish-pish etib yonar ekan! Odam
badanlaridan suv chiqib-suv chiqib yonar ekan! Odam badanlaridan suv oqib-suv oqib yonar ekan!
Odam badbo‘ydan-badbo‘y hid chiqarib-hid chiqarib yonar ekan!..
15
Kasalxona darvozasidan uchta mashina kirib keldi.
Mashina yo‘lak chetida oyoq ildi.
Mashinalardan kattalar tushdi.
Kattalar mashinalari oldida gapirib-gapirishib turdi.
Raisimiz biz tarafladi.
Raisimiz bizni qoshimizda bosh egib turdi. Bosh chayqab turdi.
— Hay-hay, falokat-da, —dedi. —Falokat. Qalay o‘zi, tilga keldimi?
— Go‘rda tilga keladimi! — dedi onamiz. — Ko‘zini ocholmaydi, go‘rda tilga keladimi!
— Falokat oyoq ostida degani shu-da. Siz endi, momo, oldiga boring-da, ko‘z-quloq bo‘lib turing,
boring.
Onamiz ichkarilab jo‘nadi.
Raisimiz menga qaradi. Zim-zimdan qaradi. Bir nima deyish uchun og‘iz juftladi. Tag‘in,
indamadi.
Raisimiz yer singalab-er singalab kattalar taraf ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |