www.ziyouz.com
kutubxonasi
50
ishlab ketish», ikkinchisiniki esa mulkka ega chiqish. Iblis ularni o‘z chodiriga shu qadar
o‘rab-chirmab tashlaganki, G‘ilay ham, Kesakpolvon, Bo‘tqa, haydovchi yigit ham
«bizning taqdirimiz yukxonadagi boyvachchanikiga o‘xshasa-chi, go‘rga yetisholmay
yukxonada ikki buklanib yotsak-chi?» deb fikr qilishmaydi. Yaratganning o‘zi «Kallaa,
innal insana lo yatg‘o. An roa xus tag‘no»*, deganda shu toifa bandalar nazarda
tutilmadimi ekan, vallohi a’lam?
Tangrining emas, erining qudratiga ishonib qolgan, «Bu dunyo faqat yaxshi yeb-ichish,
yaxshi kiyinish, to‘y-hashamlarda zeb-ziynatlarni ko‘z-ko‘z qilib o‘tirish uchungina
yaratilgan», deb fikr qiluvchi, «Yashamoqdan maqsad nima?» deb so‘ralguday bo‘lsa, eri
bilan bir xilda «Yashamoqdan maqsad — mazza qilib yashamoqdir», degan javobni
qaytaruvchi, husn ila aqlning nomutanosibligini o‘zida mujassam etgan bu ayol
G‘ilayning gapiga darrov ishona qoladi. Xavotir hissi ko‘nglini zirillatmaydi. Ollohning
emas, erining quliga aylangan bu juvondan yana nimani kutish mumkin? Zanglagan
temir qafasda o‘tirgan qul bilan tilla qafasdagi qulning farqi bormi? Aslida-ku, ikkovi ham
bir — qul! Ikkovi ozodlikdan mahrum. Ammo temir qafasdagisi ozodlikni qo‘msaydi, tilla
qafasdagisi esa bu fazilatdan mahrum. Agar unga ozodlik berilsa ham qafasni o‘zi bilan
ola ketishni o‘ylaydi.
Shu toifaga mansub bu juvon bir necha qadam narida erining xorlangan holda yotgani,
G‘ilay aytgan «safar» indamaslar yurtiga ekani, adoqsiz ekani, oradan oylar o‘tib,
haqiqat bulog‘idan suv ichuvchi «mish-mishlar»ga ishonishni ham, ishonmasligini ham;
aza ochishni ham, ochmasligini ham bilmay garang yurajagini hozir bilmaydi.
G‘ilay aytadiganini aytib, orqasiga xotirjam qaytdi. U «Endi bu xonadonga
qaytmasman», deb o‘yladi. Kesakpolvonning xohishi bilan, yanada aniqroq aytilsa,
Asadbekning buyrug‘iga ko‘ra hojasi «safardan qaytgunicha» hech narsa bo‘lmaganday
har kuni shu yerda yurishi mumkinligi xayoliga ham kelmadi.
Mashina o‘rnidan jilgach, Kesakpolvon G‘ilayning yelkasiga urib qo‘ydi.
— Qoyilman, erkak degani shunaqa bo‘ladi. Endi, okasi ko‘zidan, sen ham charchading,
men ham ezilib ketdim. Bi-ir maishat qilmasak yorilib o‘lamiz. Bugungi maishat sendan.
Diding zo‘r, deb eshitganman. Qani, marjalaringning mazasini biz ham bir totib ko‘raylik-
chi...
— Gap yo‘q, okaxon, — dedi G‘ilay.
G‘ilayning «okaxon» deyishi Kesakpolvonga moydek yoqdi. G‘ilay qaysi tomonga yurish
lozimligini aytgan edi, Kesakpolvon uning gapini bo‘ldi:
— To‘xta, avval akaxoningni joyiga tashlab ketaylik, orqada dimiqib ketgandir, — dedi.
Keyin haydovchi yigitga qaysi qabristonga borilajagini tushuntirdi. Yo‘l-yo‘lakay
go‘rkovning uyi qarshisida to‘xtab, Bo‘tqa shirakayf bir kishini boshlab chiqdi. G‘ilay
yonidan joy olgan eski choponli go‘rkovdan irganib yuzini burdi. Ajab hol: odam
o‘ldirishdan irganmagan G‘ilay odam ko‘muvchidan irgansa?..
Mashina zulmat qo‘ynidagi qabriston yonida to‘xtagach, Kesakpolvon G‘ilayga qaradi:
— Tush, akaxoningni kuzatib qo‘y, harholda qadrdon edinglar, yana narigi dunyoda
sendan xafa bo‘lib, arazlab yurmasin.
G‘ilay bu buyruqqa ham itoat etdi.
Yo‘lga chiqishgan onda Kesakpolvon murdaning qaysi qabristonga eltilganini G‘ilay
bilmay qo‘ya qolsin, deb o‘ylagan edi. Keyin «Bilsin, o‘zi ko‘tarib kirsin, «g‘ing» desa
akaxoni yonidan joy olishini ham bilib qo‘ysin» degan qarorga keldi. G‘ilay mashinaga
qaytgach, pisanda qildi:
— Bu yerda ancha bo‘sh joylar bor.
G‘ilay uning nima demoqchi bo‘lganini fahmladi. Garchi ichida «o‘zingga buyursin», deb
o‘ylasa-da, tilidan boshqa gap uchdi:
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |