www.ziyouz.com
kutubxonasi
49
bo‘lmasa bir harakat bilan o‘ch olishga intilar edi.
Hovliga bog‘lab qo‘yilgan it hech mahal «Hojam o‘lsa shu uyga xo‘jayin bo‘laman», deb
orzu qilmagani kabi Shomil g‘ilay ham «Hosilboyvachchadan keyin uning mulki menga
qoladi», deb fikrlamagandi. Agar birov «Hojang yaqinda itday o‘lim topadi,
tayyorgarligingni ko‘rib qo‘y», deb bashorat qilsami, bir oyli chaqaloqning kallasiday
keladigan mushtdan tatib ko‘rishi tayin edi. G‘ilayning shu xayolda yurmagani ham
Kesakpolvonning baxtidan. Agar mulkka egalik hissi uyg‘onsami, bu tuyg‘u jon
achchig‘iga nisbatan qudratliroq bo‘lar, oqibatda uni uncha-buncha zanjir jilovlay olmas
edi. G‘ilay qo‘l-oyog‘i bog‘langan holda, gardanidagi og‘riqdan azoblanib yotganida
hojasini ko‘z qiri bilan ko‘rib, nima qilishini fikrlagan, o‘zining chorasizligiga amin bo‘lgan
edi.
Keyingi kunlar ichi Hosilboyvachcha g‘olib odamning qadamlari bilan odimlay
boshlaganida G‘ilayning shum ko‘ngli bir noxushlikni sezgan, uni yo‘ldan qaytarishni
xayol ham qilgan, ammo hojasi o‘zgalarning maslahatiga yurmasligini bilgani uchun tilini
tiygan edi. U buyruqni bajaruvchi so‘qir jangchi edi, uzoqni ko‘ra oladigan basir sarkarda
emasdi.
Mashina Hosilboyvachchaning darvozasi qarshisida to‘xtaganida Kesakpolvon
«Tushaver» degan ma’noda G‘ilayga qaradi. G‘ilay o‘rnidan darrov jilmadi. Bir necha
soat ilgari bu ostonadan mag‘rur holda bosib chiqqan odamning endi bu uyga mutlaq
qaytmasligi uning qalbini eza boshladi, demak yolg‘ondir. Qalbi ezilmasa-da, bu uyning
hojasiz qolgani uning uchun noxush edi. Hozir mashinadan tushishi kerak. Hovliga kirib
«kennayi!» deb chaqiradi. (Hosilboyvachcha ham, xotini ham o‘zidan ancha kichik
bo‘lishsa-da, hojasining hurmatini qilib, «kelin» emas, «kennayi» derdi). Hojasining
(endi sobiq hojasining) zavjasi chiqqach, «Akam safarga ketdilar», deydi. Bunaqa hol
ko‘p bo‘lgan. Shu sababli ayol «qayoqqa ketdilar, qachon keladilar?» deb so‘ramaydi.
G‘ilay uchun shunisi durust.
Kesakpolvon bir necha nafasgina taraddudlangan G‘ilayning yelkasiga «tusha qol» degan
ma’noda asta turtdi. G‘ilay unga bir qaragach, mashina eshigini ochdi. Kesakpolvon
qo‘liga to‘pponchani oldi.
Mashina bilan uy orasidagi masofaga qil ko‘prik tortilgan, G‘ilay shu qil ko‘prik ustidan,
langar cho‘psiz borardi. Sal og‘sa o‘lim jariga qulaydi. Kesakpolvon gardaniga urib
o‘tirmaydi, tepkini bosa qoladi. G‘ilay buni bilgani uchun ham oshiqcha harakatdan o‘zini
tiydi. Hojasi qonga belangan, ikki bukilgan holda mashina yukxonasida yotibdi.
Asadbekning mulkiga ega chiqqan holda mag‘rur qaytmoqni xayol qilgan odam chorasiz,
bir janozaga, bir kafanga, ikki quloch yerga zor yotibdi. Kafansiz, janozasiz ketishi aniq,
ikki quloch yerga ega bo‘lishi esa Kesakpolvonning «marhamati»ga bog‘liq. U marhamat
qilsa, qabristonga tashlab o‘tadi. Go‘rkov egalari unutgan biron eski qabrga joylaydi.
Oqibatda biron kampirmi yo cholningmi suyaklari yonida uning jasadi ham chiriydi.
Qutlug‘ tabiatli shoh Jamshid bir buloq boshidagi toshga shunday bitik yozdirgan ekan:
Bul chashmaga bizdek baso lab urdilar,
Keldilar bir lahza, so‘ng ko‘z yumdilar.
Oldilar dunyoni mardlik, zo‘r bilan,
Eltmadilar, qoldilar bir go‘r bilan...
Haqiqat shulkim, hech kim mulkini orqalab o‘zi bilan u dunyoga olib ketmagan. Shoh
Jamshidday zot mulkini go‘riga elta olmaganidan keyin Hosilboyvachchaga yo‘l bo‘lsin!
Shohning-ku, o‘z go‘ri bor edi. Hosilboyvachchada shu ham yo‘q. Birovning qabridan joy
tekkaniga ham shukr qilsa bo‘lar.
Qil ko‘prikdan borayotgan G‘ilay ham, uning har bir harakatini kuzatayotgan
Kesakpolvon ham bularni o‘ylashmaydi. Birining maqsadi yangi hojalari bilan «yaxshi
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |