www.ziyouz.com
kutubxonasi
46
— Asad, nima bo‘ldi? — dedi ostona hatlab.
— Ho‘kizga o‘xshab bo‘kirma, dedim, senga.
— Asad, nima bo‘ldi?
— Nima bo‘lganini ko‘rmadingmi?
— Ko‘rdim... Nimaga o‘ldirding?
— O‘lgisi kelgan ekan, o‘ldi. Menikiga uni ajali haydab kelgan. Endi sen gapni
chuvallashtirmay qo‘ya qol.
— Nima uchun mendan yashirding?
— Yashirganim yo‘q. O‘zing qayoqdagi tezaklarni terib yuribsan? Choyxonangdan chiqib
qayoqqa g‘oyib bo‘lding?
«Surishtiribdi-da...» — deb o‘yladi Kesakpolvon. Shu fikrning o‘zi uni bir oz tinchlantirdi.
«Har holda butunlay surib chetga chiqarmabdi», deb taskin topay deganda Shayton
alayhila’na asta kelib qulog‘iga shivirladi: «Bu ishni kecha rejalashtirmagandir? Uch-to‘rt
kun pishitgandir? Mahmud bilan fikrlashgandir?..»
Shayton shivirini tilga chiqarmoqchi edi, Asadbek gapirtirgani qo‘ymadi:
— Boyvachchani ko‘mdir. G‘ilay seniki. Nima qilsang qil: oyog‘idan osasanmi, qaynoq
suvga bo‘ktirasanmi, o‘zingning ishing. Ertalabgacha yigitlari qo‘l qovushtirib, salom
beradigan bo‘lishsin.
Bu topshiriq shivirlayotgan shaytonni nari surib, yuragiga chiroq yoqdi. Och yotgan
ajdaho birdaniga o‘nlab odamlarni tiriklayin yutib qanday rohatlansa, Kesakpolvon
shunday huzurlandi. Bu buyruq Kesakpolvon uchun kutilmagan baxt edi. Shu baxt
quyoshidan ko‘zlari qamashib, iyib ketdi.
— O‘zing tuzukmisan? — dedi mehribonlik bilan.
— Nima, oldin buzuqmidim? — deb to‘ng‘illadi Asadbek.
Gap bir oz sovuq ohangda aytilgan bo‘lsa-da, Kesakpolvon buni hazil sifatida qabul etib,
do‘stining yelkasidan quchdi.
— Tez bo‘l, imillama! — deb buyurdi Asadbek.
— Eshvormagan — nomard! — dedi Kesakpolvon. — Ertalab hammasi emaklab kelib,
etagingda namoz o‘qiydi.
— Katta ketma. Isi chiqmasin. Namoz o‘qishlari shart emas, ammo hammasining og‘zini
tikib chiqasan. Bittasi ovoz chiqarsa... keyin mendan xafa bo‘lib yurma.
Keyingi gap iyib turgan ko‘ngilga muz parchalarini sochdi.
— Sen... og‘ayni... oliftagarchilik qilma. Shu paytgacha qaysi ishning isini chiqaruvdim?
— Jirillama!
Kesakpolvonning tili bir qichidi-yu, ammo o‘zini tiydi.
— Xo‘p, jirillamasam jirillamadim, — deb to‘ng‘illaganicha tashqariga chiqdi. Ko‘cha
eshigini ochib, Bo‘tqani chaqirdi.
— Manavini bir balo qilib, yukxonaga joyla.
Bo‘tqa uchun shu buyruqning o‘zi kifoya qildi. Bir daqiqaning o‘zidayoq qonga belangan
murda ikki buklanib, yukxonadan joy oldi. Bo‘tqa buyruqni ijro etgach, «yana xizmat
bormi, akaxon?» deganday eshik og‘zida qo‘l qovushtirdi.
— Ko‘tar buni, og‘zini och, — dedi Kesakpolvon G‘ilayga ishora qilib.
Bo‘tqa uni tiklab, yiqilmasligi uchun bir qo‘li bilan suyab, ikkinchi qo‘li bilan yelim
tasmani ko‘chirdi. G‘ilay chuqur nafas oldi.
Kesakpolvon cho‘ntagidan sigaret chiqarib bittasini G‘ilayning labiga qistirdi-da,
yoqqichni yondirdi. Pilik yorug‘ida G‘ilayning yuzi yanada xunuk ko‘rindi. U och qolgan
odamday yutoqib tutatdi. Kesakpolvon yoqqichni o‘chirmadi, pilik alangasini uning
jag‘iga tutdi. Jag‘i kuygan G‘ilay boshini orqaga tortdi.
— Shunaqa, og‘aynichalish, — dedi Kesakpolvon, — xo‘jayinni almashtiradigan vaqt
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |