www.ziyouz.com
kutubxonasi
48
Bo‘tqa peshoyna ostidagi mo‘’jaz yukxonani ochib, bir shisha aroq bilan piyola oldi-da,
quyib uzatdi. G‘ilay uni bir ko‘tarishda bo‘shatgach, chuqur nafas olib qo‘ydi.
Kesakpolvon uning ruhiy holatini tushungandek, unga hamdard bo‘lgandek mehribonlik
qilib, sigaret tutdi. G‘ilay yana bir piyola so‘radi. Uni ham sipqorgach, sigaret tutatdi. Bir
necha nafasdan so‘ng yana so‘ragan edi, Kesakpolvon unamadi.
G‘ilayning shartga osonlik bilan rozi bo‘lganidan u ko‘p ham ajablanmadi. Chunki
sadoqat degan tushunchaning ruhi unga begona edi. «Xo‘jayiniga xiyonat qildi, sotdi»,
deb ham nafratlanmadi. Chuni «xiyonat — gunoh», degan tushunchadan ham yiroq edi.
Agar dunyo teskari aylanib, G‘ilayning o‘rnida o‘zi bo‘lib qolgan taqdirda, hech bir
ikkilanmagan holda shu yo‘lni tanlagan bo‘lardi. Dunyo-ku teskari aylanmas, u G‘ilayning
o‘rnida bo‘lmas. Lekin Asadbekning qo‘li titrab, niyati amalga oshmay, o‘zi nobud bo‘lib
hukmronlik supasiga Hosilboyvachcha ko‘tarilganida unga xizmat qilaverishi aniq edi.
Undagi betayinlikni Asadbek azaldan bilar, shu bois ham ko‘proq Chuvrindiga suyanardi.
Kesakpolvon cho‘ntak kesib yurgan kezlarida Asadbekning bir cho‘talchisi bo‘lardi.
Seryo‘talroq, nimjonroq bola edi. Kasalvand bo‘lgani uchunmi, Asadbek uning turish-
turmushidan xabar olib turardi. Yigitcha ham Asadbekka sodiq edi. Nomi cho‘talchi, asli
esa ayg‘oqchi edi. Qimorbozlarga xizmat qilib yurib, ko‘rgan-bilganlaridan Asadbekni
ogoh etib turardi.
Bir kuni Kesakpolvon kattaroq ovni mo‘ljal qilib, uni yoniga oldi. Ov yurishmadi-yu,
ammo yigitcha anqovlik qilib qo‘lga tushdi. «Uchastkovoy aka» deb murojaat qilishlariga
ko‘nikib qolgan milisa Kesakpolvonni tanir edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, u vaqti-vaqti bilan
Kesakpolvondan «sovg‘a-salom» olib turar, shuning evaziga ba’zi paytlarda, ba’zi
ko‘chalardan ko‘zlarini yumib o‘tardi. Bir kasofat bo‘lib, shayton yo‘ldan uribmi, ko‘zlarini
behos ochgan ekan, o‘sha yigitchadan gumonsirabdi. Kesakpolvon «Bu bola bizning
ukaxon», deb cho‘ntagini bir kavlab qo‘ysa, olam guliston edi. Shuni istamadi. Chunki
«Bu bizning ukaxon» degan uchtagina so‘z tildan osongina uchgani bilan, to gap
egasining qulog‘iga yetgunicha cho‘ntak orqali o‘tishi shart. Kesakpolvon esa mayda
o‘g‘riligiga borib, sarf-xarajatdan qochadi. U birovning cho‘ntagiga qo‘l solsa biron
nimani ilashtirib chiqishni xush ko‘radi. O‘z cho‘ntagidan chiqqan damlarda esa joni
sug‘urilganday tuyulib, azoblanadi. Yigitchani qutqarishdan bo‘yin tovlaganining ikkinchi
boisi — gap chuvalashmasin, dedi. O‘shanda Asadbek undan norizo bo‘lganida «Ikki
kishi o‘rniga bitta odam o‘tirgani durust emasmi?» deb o‘zini oqladi. Uning falsafasi
shunday edi: ikki kishi o‘rniga bir odam qamalgani yaxshi. Qamalguvchi odam kasalvand
bo‘lsa ham mayli, qamoqxonada joni uzilsa ham mayli... Kesakpolvon bu «falsafasi»
bayrog‘i ostida ko‘p ishlar qildi. Bugunga kelib bu bayroq yana ko‘tarildi. Faqat yozuv bir
oz o‘zgartirildi: Asadbekning mulki ikki kishiga emas, bir kishiga qolishi kerak!
G‘ilayning osongina bo‘yin egishi Kesakpolvonda hech qanday tuyg‘u uyg‘otmadi, demak
ham noo‘rindir. G‘ilay qarshilik ko‘rsatmagach, Kesakpolvon undan xavotirlandi.
G‘ilayning qayoqqa yoki kimga qarayotganini bilib bo‘lmaganidek, xayolida qanday
shumlik yashiringani ham noma’lum edi. Shu xavotir tufayli ko‘chaga chiqishganida «Old
tomonga o‘tir», deb Bo‘tqaga imo qilgan edi.
Mashina o‘rnidan jilganidan beri xayolning bir ulushi biqiniga botib turgan to‘pponchada,
o‘ng qo‘li esa qulluq qilganday ko‘kragida — to‘pponchani olishga shay edi. Ketma-ket
ravishda ming marta, balki undan-da ko‘p hariflarining kuragini yerga tekkizgan polvon
agar dono bo‘lsa, o‘ziga bino qo‘ymaydi, ming birinchi harifni ham albatta majaqlayman,
deb katta ketmaydi. Afsus shuki, Kesakpolvon u dono polvonlar toifasidan emas. Agar
G‘ilay tirsagi bilan turtib yuborsa, to‘pponchasi ish bermay qolishi, hatto Bo‘tqaning
o‘girilishga ham ulgurolmasligi mumkinligini o‘ylamaydi. Uning baxtiga G‘ilayda achinish
hissi yo‘q. Bo‘lsami edi, Hosilboyvachchaning o‘limi uning uchun izsiz ketmas, hech
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |