www.ziyouz.com
kutubxonasi
57
Esxonasi chiqib ketgan Turdialiev xirilladi:
— Aytaman, qo‘yvor endi.
Kesakpolvon cho‘ntagidan uch-to‘rt pero chiqarib unga uzatdi:
— Tanlab ol, qaysi biri seniki?
Turdialiev titroq barmoqlari bilan otasi Moskvadan olib kelgan peroni tanlab oldi.
— Buni eskitib qo‘yibsan. Ertaga menga yangisini olib kelasan. To‘xta, yana bitta gap
bor: sinfda yigirma ikkita bola bor, a? Har bitta boladan besh tiyindan to‘plab berasan.
— Nimaga?
— Tupurganlaring uchun. Bitta tupurish besh tiyin. Sen o‘zing o‘n besh tiyin to‘laysan.
Seni deb bo‘ldi hammasi. Bilib qo‘ylaring: g‘iring desalaring — so‘yaman! Bitta-bitta
ushlab so‘yaman. — U shunday deb cho‘ntagidan buklama pichoqcha chiqargach,
Turdialievning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
Shu voqea bahonasida u o‘zi ham kutmagan holda sinfning zo‘riga aylanib qoldi.
Asadbek undan anchagacha nafratlanib yurdi. Kesakpolvon uning nafratini sezib turar,
ammo bu nafratni uyg‘otuvchi omilni idrok qila olmas edi. Garchi Asadbek «dushman
bolasi» tamg‘asi ostida yursa-da, uning boshqa olam farzandi ekanini tushunmasdi.
Tushunmoq uchun esa o‘zining valadi zino ekanini bilmog‘i lozim edi.
Maktabda, xususan, ularning sinfida o‘g‘irlik davom etar, chuv tushgan ayrim bolalar
yonida pichoqcha olib yuruvchi bu «detdomchi»dan qo‘rqishib indashmas, ayrimlari arzi
hol qilgan taqdirlarida ham undan gumonlari borligini bildirishmas edi. Asadbek yana ikki
karra nafrat nishoniga aylangach, Kesakpolvon uni tartibga chaqirmoqchi bo‘ldi:
— Ikkitasini boplab abjag‘ini chiqargin, keyin tuflamaydigan bo‘ladi. Nima, qamalishdan
qo‘rqasanmi? Bunaqa turgandan ko‘ra qamalib ketgan ming marta yaxshi.
Bu zaharli gapdan keyin Asadbek «yorildi»:
— Qamoqdan qo‘rqmayman, — dedi u. — Men qamalib ketsam oyimlarga kim qaraydi?
Kesakpolvon Asadbekning bu dardiga ham tushunmadi. Ona sutiga, mehriga qonmagan,
qalbi «onaga muhabbat» degan tuyg‘udan holi bu bola ona huzuridagi mas’uliyat, burch
degan tushunchalarni idrok qilishi mumkin ham emasdi.
Kesakpolvon o‘sha onlarda yuqori sinflarda o‘qiydigan zo‘rlarga ham yaqinlashishga
harakat qildi. Ulardan bir-ikki tepki yegach, bu yil bo‘lmasa kelasi yili maktabning
mutlaq zo‘ri martabasiga yetuvchi Asadbekdan durustrog‘i yo‘q ekaniga ishondi.
Asadbek «Sen bola, o‘g‘irlik qilma!» deb urganida ham ranjimadi. Asadbekning ko‘ngli
sovib, gaplashmay qo‘ygan kezlarida esa yuqori sinfda o‘quvchi Jalilni ishga soldi.
To‘g‘ri, avvaliga Asadbek bilan Jalilning oralaridan qil o‘tmas darajadagi do‘st
ekanliklarini bilib, g‘ashlandi. O‘zini Jalilning o‘rnida ko‘rishni istadi. Ammo bu do‘stlikni
uncha-buncha kuch buzolmasligini bilgach, Jalildan foydalanadigan bo‘ldi.
Bolalar uyidagi hayoti oyoqlab, «katta hayot»ga uchirma bo‘lishga hozirlik ko‘rib yurgan
kezlari bir ayol keldi. Tarbiyachilar uni «Sening onang», deb tanishtirishdi. Ayol
yig‘lamsirab «Bolam!» deganicha uni bag‘riga bosdi. Kesakpolvonning eti hatto
jimirlamadi. Bir paytlar bolalarga qo‘shilib onasini kutgan Kesakpolvon bo‘zlayotgan bu
ayolning onasi ekanini his eta olmasdi. Ayol shu sog‘inch, shu bo‘zlash bilan xarsang
toshni quchib mehrini bersa, balki tosh erib ketardi. Lekin Kesakpolvon o‘shanda qilt
etmadi.
Onasi urush ofatlarini, asirlik azoblarini, qamoq jafolarini aytib yig‘lardi.
Kesakpolvonning esa kiprigi qilt etmasdi. Kesakpolvon toshdan ham qattiqroq edi —
yorilmadi.
Onasi «uyga olib ketaman», dedi. «Baribir qaerdadir yashashim kerak-ku», deb ko‘ndi.
Jangda jarohatlanib asirga tushib qolgan, urushdan keyin qamalgan onasi Sibirda o‘ziga
o‘xshagan odam bilan topishgan ekan. U «Xohlasang «dada» de, xohlasang «Toshmat
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |