www.ziyouz.com
kutubxonasi
65
o‘tiravering, — Zohid shunday deb bir oz sukut saqlagach, qizga qaradi:— Nuriddinova,
bo‘lgan voqeani bir boshdan aytib bering.
— Anavi qog‘ozlaringizda bor-ku hamma gap? — dedi ayol.
— Men o‘zlaridan eshitmoqchiman. Siz aralashmay o‘tiring.
Qiz xo‘rsinib qo‘ydi. Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, unga o‘sha sharmandali voqeani
eslash og‘ir edi. O‘sha voqeadan so‘ng yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsa mayli edi.
O‘shandan beri bu holatni necha marta bayon etdi. Yigitning shirin so‘zlariga uchib,
o‘smirlikning bevosh sururiga bandi bo‘lib, o‘sha mashinaga chiqmaganida, dugonasiga
qo‘shilib uyiga ketaverganida, o‘sha imorat ichiga kirmaganida bu mashmashalar yo‘q
edi. Imorat sari yurayotganida aql ko‘zi ko‘r edi. Birinchi yigit bilan rohat bahrida
suzayotganida ham ojiz edi. Bu aql ko‘zi qurg‘ur ancha kech ochildi. Bilmayin bosilgan
tikonning azoblarini bilganida edi bevoshlik ko‘chasiga qadam qo‘ymagan bo‘larmi edi...
Zohid uning qiynalayotganini sezib, dalda berish maqsadida:
— Demak, 1986 yil, 21 dekabr, — deb qog‘ozga shu sanani yozdi.
— Adamlarni ko‘rgani kasalxonaga boruvdik...
— Soat nechada? Kim bilan boruvdingiz?
— Soat to‘rtlarda... Dugonam Shahlo degan qiz bilan... Ko‘chada to‘rtta yigit turgan
ekan. Moshinada aylantirib kelamiz, deyishdi. Shahlo uyiga ketdi. Men chiqdim.
— Mashina kimniki edi?
— Bilmadim.
— Taksi edi, — dedi ayol aniqlik kiritib.
— Xola, siz aralashmay turing, — dedi Zohid unga tanbeh berib. — Demak, mashina
kimniki edi?
— Taksi edi...
— Taksiligini qaerdan bildingiz?
— Haligi... anaqasi bor edi.
— Nimasi?
— Ko‘k chirog‘i... Keyin tomida ham belgisi bor edi.
— O‘sha mashinada anhor bo‘yidagi imoratga bordinglarmi? Birinchi bo‘lib sizga kim
yaqinlashdi? Botirovmi?
— Voy, u bola bo‘lmagan, — dedi ayol.
— Xola, siz menga xalaqit beryapsiz. Chiqib turing, — dedi Zohid qat’iy tarzda. Keyin
fikri qat’iyligini anglatish uchun o‘rnidan turib, eshikni ochdi. Ayol endi baland
kelolmasligini fahmlab, asta o‘rnidan turdi. Turish jarayonida qizining yelkasini
chimchiladi.
— Ovsarmisan, muncha lalayasan? — U eshik ostonasiga yetganida Zohidga eshitilarli
tarzda ming‘irladi: — Tergovlaring ham ordona qolsin. Meni adoyi tamom qilasanlar hali.
To‘rttagina go‘rso‘xtani ushlab qamash qo‘llaringdan kelmasa, nimalaringga
kerilasanlar?!
Zohid joyiga o‘tirgach, so‘roqni davom ettira olmadi.
So‘roqni yakunlab, qiz chiqib ketganidan so‘ng ham ancha paytgacha qo‘li ishga
bormadi. «Menga qolsa, — deb o‘yladi u, — Botirov bu ishga aralashgan bo‘lsa ham
qamamas edim. «Zo‘rlash»... deymiz. Bu qanaqasiga zo‘rlash bo‘lsin? Bitmagan
imoratga o‘z oyog‘i bilan yurib borgan. Birov uni sudramagan. Qo‘l-oyoqlarini ushlab
turmagan hech kim. U dod solib yordamga chaqirmagan. Nimasi zo‘rlash buning?
«Nomusga tegish»... deymiz. O‘sha imoratga kirgunicha nomusi bo‘lganmi o‘zi? Zohid
buni ham so‘radi qizdan. Qiz o‘shangacha hech kim bilan yaqin bo‘lmaganini aytdi. Lekin
Zohid bu gapga uncha ishonmadi. Bu rohatni avval totib ko‘rmagan qizning ovloq joyga
indamay kirib borishi mumkin emasday tuyuldi unga.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |