www.ziyouz.com kutubxonasi
136
ochmoq uchun atayin qamoq mojarosiga ro‘para qilganday edi. Qamoqdan-ku, bir necha
kunda qutuldi. Bilagidagi igna izlari ham yo‘qolay dedi. Biroq giyohvandlikning to‘ridan
qutulishi og‘ir kechdi. Xuddi achigan ovqat yeb qo‘yganday ko‘ngli aynib, qorin og‘rig‘i
boshlansa, to‘lg‘oq tutgan xotin kabi tipirchilab qoladi. Shunaqa paytda ko‘ngil
qamoqxonadagi yigitni qo‘msaydi. U ko‘ziga farishta bo‘lib ko‘rinadi. Kela qolsayu
bilagini siqib turib tomiriga em ignasini sanchsa. Og‘riq to‘xtasa. Bulutlar ustida
yonboshlab sayr qilganday orom olsa... O‘ttiz ming emas, o‘ttiz million so‘m beraman
degan tilxatga ham imzo chekishga tayyor... Uyida dastlab shu dard xuruj qilganida o‘zi
ham, xotini ham qo‘rqdi. Giyohvandlik to‘ridan chiqib ketish mumkinmi, degan muammo
er-xotinni tashvishga soldi. Sharifni qamoqxonadan uyga olib kelgan jingalaksoch yigit
xapdori tashlab ketmaganida ularning holiga maymunlar yig‘lashi mumkin edi. Xapdori
em bo‘lib, dard asta chekina bordi.
Boshqonlik kursisiga o‘tirgan kuni, yo‘qlanmagan mehmonday Asadbek kirib kelganida
ham xapdorini yutib, dard bilan olishayotgan edi. Sharif Asadbekning dovrug‘ini eshitsa
ham, o‘zini endi ko‘rayotgan edi.
Asadbek ustol qirrasiga ko‘kragini tirab, tirishib o‘tirgan boshqonga qarab turdi. Dard
picha chekinib, Sharif qaddini rostlagach, «Ha, nima bo‘ldi?» deb ham so‘ramadi.
— Yangi amallar qutlug‘ bo‘lsin, — dedi Sharifga qattiq tikilib.
Azobning asoratidan hali to‘la qutulmagan Sharif yuzini burishtirib, «Rahmat», dedi. U
indamay kirib kelib, bezbetlarcha o‘tirib olgan bu odamni vazirlik vakili deb gumon qildi.
— Meni tanimaysizmi? — dedi Asadbek.
— Ko‘zimga issiqroq ko‘rinyapsiz?..
— Men, Asadbekman! Shunaqa odamni eshitganmisiz?
Behush odam yuziga muzdek suv sepilsa, ko‘zi moshdek ochilgani kabi Sharif ham o‘zi
kutmagan holda, birdan sergak tortdi. «Shunaqa odamni eshitganmisiz?» Sharif
Asadbekni badqovoq, to‘ng, yovuz bir maxluqni eslatuvchi odam qiyofasida tasavvur
etardi. To‘g‘ri, qarashi o‘tkir ekan. Lekin bu qarashda ham, yuzlarida ham yovuzlik
alomati sezilmaydi. Kiyimlar shohona emas, barmoqlarda tilla uzuk, og‘izda tilla tishlar
yo‘q... Sharif Asadbekning qarashiga dosh berolmay o‘rnidan turib ketganini o‘zi ham
sezmay qoldi. Ustolni aylanib o‘tib u bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Asadbek o‘tirgan
o‘rnida jilmaydi. «Joyingizga o‘tiring», dedi. Sharif unga itoat etmay, ustol olib
ro‘parasiga o‘tirib «buyursinlar, taqsirim», degan kabi mo‘mintoy ko‘rinish oldi. «Qilich
bu olimchani qaysar, derdi, muloyimgina-ku?» deb o‘yladi Asadbek.
— Ishga kirishib ketdingizmi? — dedi Asadbek, undan ko‘z uzmay.
— Sekin-sekin bo‘lyapti, — dedi Sharif. U hozir qaynotasi bilan birinchi marta uchrashib,
xijolatda o‘tirgan kuyovbolaga o‘xshardi.
— Shu zavod dunyoga mashhur bo‘lishi mumkinmi?
— Ha... — dedi Sharif, — katta foyda berishi mumkin.
— Men dunyoga mashhur bo‘lishi mumkinmi, deb so‘rayapman. «Porto»mi,
«Napoleon»mi, hech bo‘lmasa «Beliy aist» darajasiga chiqa oladimi?
— Nega chiqmasin? Biz «Porto»dan o‘tib ketishimiz aniq. Men yangicha bir jarayon
asosida vino olishni taklif qiluvdim. Portugaliyaliklar qiziqib turishibdi. Bu jarayonni
yanada murakkablashtirish imkoniyatim bor. Zavodda ishlayotgan odam soni uchdan
ikkiga qisqaradi. Mahsulot hajmi uch baravar oshadi, sifati yetti-sakkiz marta
yaxshilanadi.
— Biz zavodni sotib olamiz.
— Biz deganingiz kim?
— Biz — ikkalamiz. Ya’ni, sizu men.
— Hazillashmang, mening pulim yo‘q. Undan keyin bu davlatning zavodi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |