Globallashuv yaxshimi-yomonmi?
Ha, bejizga bu galgi so’zimni ushbu qaydnomadan boshlamadim. Hozirda dunyoning hech qanday nuqtasi qolmadiki, inson nazari yetmagan bo’lsin. Dunyo ulkan bir to’r bilan chirmalgan-u, uning jilovi inson qo’lidadek go’yo. Buning isboti ham qarshimizda namoyon, uni Internet deya atamishlar zamondoshlarimiz. Globallashuvga kelsak, ushbu tushuncha bevosita Internetning insoniyat hayotiga kirib kelishi bilan bog’liq holda dunyoga keldi desak noto’g’ri bo’lmas. www xizmati o’z nomiga sodiq holda har qanday jabhada o’ziga xos yo’nalish yaratib olmoqda, yaxshimi-yomonmi har qanday holatda o’z yordamini taklif qilib ko’rmoqda. Bu haqda juda ko’p, xo’p mulohazalar aytildi, tinglandi. Shunday ekan, nega endi bu 8-mo’jizaning yaratuvchisi bo’lgan inson uning yordamidan foydalanmasin, o’zining joiz-nojoiz istaklarini amalga oshirishda xalqaro hayot bilan bog’lanmasligi kerak ekan, dersiz. Ayniqsa, hayotga yangicha nigoh, yangicha fikr bilan ko’z tashlayotgan yoshlarimiz shunday fikrlaydilar. Hozir gap Internet haqida emas. Men uni globalizmni tezlashiruvchi bir vosita sifatida tilga olib o’tdim.
Ajab zamonlarda yashayotganimiz rost, azizlar. O’zingiz o’ylang, dunyoning narigi burchida qaysi qishloqda nechta chaqaloq tug’ilgani-yu, ularning har birining ismlarigacha bilish imkoniga egasiz. Yoki bo’lmasa, sizga avvallari hech aloqasi yo’qdek tuyulgan kichik bir mamlakatning siyosiy nizolaridan boxabar bo’lib, tahlikaga tushasiz. Bu xuddiki, xalqimizning “bir beboshga o’n bosh” degan naqlining amaldagi isboti. Bu bizga yangilik emas. Xalqimizning asliyati shunday. Uy qursangiz yetti urug’ yordamga keladi. To’yingizda yetti mahalla xizmatda-yu izzatda. Chindan ham o’zbeklar uchun buning hech qanday yangiligi yo’qdek go’yo.
Ammo, dunyoning katta-kichik davlat-u davlatchalari bu haqda bosh qotirayotgan ekan, jiddiy o’ylashib ko’rmoqqa asos bor.
Bizda qayg’u ham, quvonch ham birgalikda baham ko’riladi. Ammo, hamma ham o’zbek emas-da! Bu hammaning ichida ingliz, nemis, farang, yapon, arab qo’yingki, hali siyosiy xaritaga kiritilmagan qabilalar ham bor. Ularning har birining qadriyatlari, o’rganishlari, prinsiplari-yu xarakteri bor. Albatta, ularni qadrlamaslik, e’tiborga olmaslik mumkin emas. Xuddi shu yerda ingliz siyosatdonlaridan birining so’zlarini keltirmoqlikni joiz deb topdim:”...Har qanday mamlakatning o’ziga xos iqlimi bor, bizki dunyoni umumqarashlar asosida shaklantirishni istayotgan ekanmiz, qishda issiqqa, yozda sovuqqa bo’lsa ham ko’nikishga majburdirmiz”.
Chindan ham, inson o’zini yakka holda baxtli, to’laqonli his qila olmaydi. Agar buni minglab insonlar –davlat miqyosida oladigan bo’lsak ham, bu haqiqat o’zgarmasdir. Hech qaysi bir mamlakat o’z holicha taraqqiyot topa olmaydi, rivojlana olmaydi. U qo’shni davlatlar bilan hamkorlik qiladi, turli bitimlar, shartnomalar asosida bir-biri bilan munosabatlar o’rnatadi. Bunda albatta o’z ehtiyojlari va manfaatlari doirasidan kelib chiqib ish tutadi. Ikkinchi tomon ham avvalgisidan farq qilmagan holda o’ziga munosib deb bilgan pozitsiyada harakat qiladi. Bu yerdagi manfaatlar to’qnashuvi yuqori darajadagi diplomatiya evaziga ijobiy hal etiladi.
Globallashuvni ham xuddi shu yo’sinda tushunsak, xato qilmaymizmi? Keling, bu savolga birgalikda javob izlab ko’ramiz.
Lug’aviy ma’nosi umumlashuv, qamrov degan tushunchani beradigan bu so’zning zamirida shunchaki “qulay tomonni tanlash” yotmasligini hammamiz tushunamiz. Umuminsonga tegishli bo’lgan muammolarni bir yoqadan bosh chiqarib yechish- hayrli va samarali. Qorni nonga to’ymaydigan bir xalqqa insonparvarlik yordamlarini berish, uning farzandini savodli qilish, rivojlanish tomon yetaklash -undan-da a’lo ish. Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarni seniki-meniki demay, birgalikda hal etish, dunyo miqyosida hech bir taqdirga befarq qaramaslik masalalari ko’rilayotgani-quvonarli.
Bu globalizmning men ilg’agan afzal tomonlari...
Yana boshqa tomoni ham borki, unda bu umumlashuvning nozik nuqtalariga ko’zim tushadi:
Globalizmni biz millat xususiyatlari, qadriyatlari, faqat o’zigagina xos bo’lgan madaniyati yo’qolishi evaziga qabul qilib olayapmiz!
Globalizmni biz “milliy” degan so’zdan avval qabul qilib olayapmiz!
Globalizm so’zini biz Internetdan ma’qul va noma’qul ko’rinishdagi axborot ichida o’qib qolyapmiz.
Globalizm gigant mamlakatlar manfaatiga xizmat qilish ehtimolini ko’zdan qochiryapmiz.
Bu so’zlar arzimas bo’lib tuyulsa-da, lekin uning asoratlari qanchalik katta muammolar tug’dirishini har bir davr tarixi o’zicha isbotlaydi. Xalqning millat bo’la olishi uchun mustahkam “milliy” xususiyatlari bo’lmog’i shart! Yo’qsa, uning tashqi ta’sirlar tufayli osongina tanazzulga yuz tutishi muqarrardir.
Agar ko’changizda katta bir nog’ora tinimsiz na’gma qilsa, unga o’yinga tushib ketishdan o’zingizni qanday to’xtata olasiz?Agar huv okean ortida qorinni yopmaydigan kofta urfga kirsa, uni qizingizga “butun dunyo shuni kiyayapti” degan shior bilan olib bersangiz, qaysi musiqani tanlagan bo’lasiz? Bularga javob topa olishimizga ko’zimiz yetmaydi. Chunki, bularning hammasi tabiiy sodir bo’layotgandek go’yo. Rost, hech kim sivilizatsiyaga to’sqin bo’lolmaydi, dunyo bitta eshikni qulflab qo’yish bilan bekilib qolmaydi.
Fikrim so’ngida, shuni ta’kidlashni ixtiyor qildim: Kema dengizga tushgach, to’lqinlar ixtiyorida qoladi. U shunchaki boshqarilishi mumkin: o’ngga-chapga. Bu bilan to’lqin o’z yo’nalishini o’zgartirmaydi. Istasa, kemaga yordam beradi, istamasa dovul turib,yo’ldan adashtiradi. Biz, bizkim, o’zbek xalqi hamisha jilovni o’z qo’limizda ushlab turishga muvaffaq bo’laylik, ko’zlagan manzilimizga bexato yo’ldan yuraylik. Va nihoyat, globallashuv yaxshi bo’ladimi, yoki yomon, u bizga faqat yaxshilikka xizmat qilsin
|
Do'stlaringiz bilan baham: |