Kutubxonachi.uz
50
kinoya bilan kular ekan va birdan miyasiga fikr quyildi: — rostdan ham yetib bo‘lmas yuksaklikdan turib
Yerdagi odamlarga haqiqatni aytib berish uchun taqdir Filofeyni kosmik orbitaga quvgan bo‘lsa-chi?”
Yopirilib kelayotgan fikrlar og‘ushiga g‘arq bo‘lgan Bork saylovoldi uchrashuvi translyatsiyasining
boshlanishini unutib qo‘yayozdi. Soatga qaradi — soat olti bo‘lib qopti. U o‘zini televizor turgan
mehmonxonaga urdi. Naq ustidan chiqdi! Ko‘rsatuvni olib boruvchi teletomoshabinlarni ekranga,
saylovchilarning prezidentlikka mustaqil nomzod Oliver Ordok bilan uchrashuvi haqida “Alfa-Beysbol”
sportzalidan olib boriladigan teleko‘rsatuvga taklif qilar edi.
Sportzalning gumbazlari osti liq to‘la odam. Odam shu qadar ko‘pki, ko‘zing tinib ketadi. Havo
mavjlarida asalari uyasidan kelayotganday g‘ovullagan tovush eshitilar edi. Son-sanoqsiz odamlarning
yuz-ko‘zlari, rang-barang basharalari Borkning ko‘z oldidan o‘tdi. Zal ichining bezaklari nomzodning
qo‘mondasi yomon ishlamaganligini ko‘rsatar edi. Sportzal gumbazi tagida kulib turgan Ordokning surati
solingan katta havo shari osig‘lik turibdi. U yer-bu yerda har xil shiorlar ko‘zga tashlanadi: “U quyi
ijtimoiy tabaqalarni yaxshi biladi”, “Ordok — bo‘lajak prezident”, “Ordok yangi ekologik dasturni olg‘a
surmoqda”, “Ishsizlar Ordokka ishonishadi!”, “Feministkalar birinchilikni xohlaydilar!”, “O’zimizning
Ordok uchun ovoz beraylik!” va hokazo. Operatorlar ustalik bilan shiorlarni yirik qilib ko‘rsatishar edi.
Voqealar rivoji ana shunday katta uchrashuvlarga mos edi. Shovqin-suron, estrada musiqasi,
sharhlovchilarning dadil ovozlari, tartib-intizomni miq etmay kuzatib turgan politsiyachilar. Oliverning
o‘zi ham tantanaga yarashib turar edi. U shaxdam harakat qilar, bo‘yi o‘rtadan pastroq bo‘lganidan
tomirlari bo‘rtib chiqqan bo‘ynini cho‘zib kallasini baland ko‘tarib turar edi. Kulganda quruqshagan lablari
jonlanib ketar, o‘sha kulgi ortidagi sergakligi va hozirjavobligini ko‘zidan bilib bo‘lmas edi. U o‘zining
pakanaligini tetiklik, harakatchanlik, ovozining jarangdorligi bilan xaspo‘shlaydigan konferansega juda-
juda o‘xshar edi. Ordok minbarga o‘tayotganda zalda gulduros qarsaklar yangradi, uni ikki tomondan
maslahatchilari va yordamchilari kuzatib bordi. Prezidentlikka nomzod paydo bo‘lishi bilan gurra-gurra
fotoreportyorlar ko‘z ochib yumguncha nishonga olishdi. Bir daqiqa chamasi ana shu efir vaqtida xalq
bilan uchrashuv muhiti miting boshlanishidan oldin xuddi ana shunday bo‘lmog‘i kerak edi, bu esa
amerikacha demokratiyaning amalda ekanligini, saylovoldi kampaniyasi uchun mas’ullarning
ishchanligini yana bir marta namoyish qilar edi.
Nima uchundir kun bo‘yi tashvish tortgan va kutaverib charchagan Bork namoyishning oddiyligini
ko‘rib yengil tortdi va o‘zining kerak-nokerak asabiylashganidan o‘ksindi.
Chindan ham faqat bir shaxsga — Oliver Ordokka tikilib qolgan olomonda me’yor doirasidan
chiqadigan biron harakatni topish qiyin edi. Ordokning ovozini kuchaytirish uchun mikrofonlar
o‘rnatilgan, luqma va xitoblarga ko‘milib ketgan nomzodning nutqidan ulkan zal gumbirlar edi. Ordok
ustalik bilan so‘zladi, dolzarb masalalarga urg‘u berdi. Nomzodning so‘zi nishonga tekkanda, eng muhim
masalalarni ko‘targanda bir necha bor olqishlar yangradi. Prezidentlikka nomzod o‘ziga siyosiy ishonch
jamg‘arish, olomonni o‘ziga qaratish, rom qilish uchun bor kuchini sarfladi. Buning uchun u ketayotgan
prezidentning po‘stagini qoqdi, kongressni, ommaviy axborot vositalarini, senatorlarni qattiq tanqid
qildi, qandaydir korporatsiyalar va kompaniyalarni, moliya tuzilmalarini har biri ayrim holda va birgalikda
nimalarnidir qilolmagan, nimalarnidir bera olmagan, daromadlarini yashirgan, kishilarning farovonligiga
putur yetkazgan deb tanqid ostiga oldi, bularni o‘rniga qo‘yishga va undan bir necha bor yaxshilashga
va’da berdi. Nutqining ana shu qismi juda ko‘ngildagiday chiqdi, butun zal hayajonga tushdi, shunda u
o‘z nazarida va yig‘ilganlar ko‘z o‘ngida semirganday bo‘ldi. Buni muvaffaqiyat deydilar.
Robert Bork kecha telefon orqali qilgan suhbatlari haqida Ordok nima der ekan deb uni diqqat bilan
kuzatib turdi: samoviy rohibning maktubi haqida Ordok hozircha og‘iz ochgani yo‘q. Bu, ehtimol,
yaxshidir, ehtimol, ana shunday siyosiy yig‘inda haligiday narsani tilga olishning hojati yo‘qdir? Balki
olomonni avrash, chalg‘itish va kundalik hayotning chakalakzoriga boshlab borish bilan ajratilgan
vaqtini tugatishni maqsad qilib qo‘ygandir.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |