Kutubxonachi.uz
52
Ayol esa besh battar tutaqib, so‘zini davom ettirdi:
–
Sizlar uni genial olim deb atashingiz, u bizning ko‘zimizni ochdi-ku, deyishingiz mumkin.
Orbitadagi o‘sha nusxa men uchun — ablah, yaramas! — deb qichqirdi nihoyat ayol g‘azab bilan.
Ana shu so‘zlar yangragandan so‘ng guvillagan zal tildan qolganday bir lahza jim-jit bo‘lib qoldi. Hech
kim ayolning pishagini pisht demadi, hech kim uni tartibga chaqirmadi. Oliver ham o‘zini noqulay sezib,
ayolga g‘ing deya olmadi. Shundan so‘ng Amerikada xuddi shu paytda televizor oldida o‘tirganlarning
ko‘plarini larzaga solgan sahna boshlandi.
–
Mana, qaranglar, xudodan yashirmaganni qanday bandadan yashiray, qaranglar, men nima
qilay! — deb baqirib yubordi bir ayol, asabiy nafas olar ekan, barmog‘ini peshonasiga qadab. — Mana
bir necha kundir-ki, peshonamda o‘sha ofat, o‘sha dog‘, yaramas samoviy iblis tili bilan aytganda
Kassandra tamg‘asi! — uning yuzi teleekranda yirik ko‘rsatildi va ayolning peshonasidagi o‘sha mash’um
qizil dog‘ milt-milt etib turar edi.
–
Krem ham, upa-elik ham surib ko‘rdim, — dedi u bilinar-bilinmas uchib turgan lablarini kafti bilan
yopar ekan. — Yordam bermaydi. Yo‘qolmaydi. Kechami, kunduzmi farqi yo‘q! Bundan chiqdi, men
osmondagi badkirdorning nazorati ostida ekanmanda! Bundan chiqdi, u mening ko‘zimga barmog‘ni
tiqib: qarab qo‘y, sening bolang — o‘zingga qarshi, onasiga qarshi, hayotga qarshi chiqayotir, o‘zini
o‘ldirishlarini so‘rab signal jo‘natmoqda! Binobarin u tug‘ilishni xohlamaydi, u hayotdan qo‘rqadi, der
ekan-da! To‘g‘rimi? Uni hayotga nafrat bilan qarashga kim o‘rgatmoqda? hali tug‘ilib ulgurmagan o‘sha
homilani kim o‘limga mahkum etmoqda, yorug‘ dunyodan voz kechishga kim majbur qilmoqda? Fazodan
turib meni qandaydir dahshatli zondaj-nurlar bilan nurlantirishga kimning haqi bor? Biz bu yerda
o‘tiribmiz. Bizni ishontirmoqchi bo‘lishgan o‘sha daho Filofey osmondan turib o‘z nurlari bilan
xotinlardagi kassandra-embrionlarni timirskilaydi. Bizlarni nazorat qilib turadi! Bizlarni bu qadar ahmoq
deb barmog‘ini ko‘zimizga tiqadi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Siz faqat meni shunday deb o‘ylaysizmi?
ha, mana shu zalning o‘zida ham menga o‘xshaganlar bordir, bu ayollar o‘zlarida Kassandra tamg‘asi
nish urganini ehtimol hali bilishmas? Nima qilish kerakligini aytib beringlar, insonlar! Men nima qilishim
kerak? Men bolamni hayotdan qo‘rqqani uchun tug‘ilmasdan o‘ldiraymi? Demak, men, mening taqdirim,
mening hayotim uni qanoatlantirmas ekanmizda? Yoki men unga yerda jannat qurib berishim
kerakmidi? Qanday qilib? Shunday qilganimda o‘zim ham xursand bo‘lardim! Lekin men dunyoni qanday
tuzata olaman? Yoki men o‘zimni osishim kerakmi? — shunday deb ayol ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Yaqindagi qatorlardan qandaydir odamlar yugurib kelib uni ikki qo‘lidan ushlab olib chiqib ketishdi.
Zalda yana jimlik boshlandi. Ming-minglab odamlar yerga qarab miq etmay o‘tirishdi. Hamma bu
yerga Oliver Ordokni deb kelishgan bo‘lsa ham hozir uni butunlay unutib qo‘yishgan edi. Telekameralar
minbardagi Ordokni chetlab o‘tar ekan, goho o‘tirganlarning yuzlarini ko‘rsatsa, goh umumiy manzarani
namoyish etar edi.
Ekranda Ordok paydo bo‘lib, ovozini chiqardi:
–
Men bu yerda hamma savollarga javob bera olamiz deb o‘ylamayman. Ehtimol, maxsus... — deb
so‘z boshlab edi, lekin zaldan chiqqan ovoz uning gapini yana bo‘ldi:
–
Kechirasiz, mister Ordok, — narigi burchakdan mikrofonga qarab murojaat qildi erkak kishi, —
aytmoqchi bo‘lganim xayolingizga yomon gap kelmasin. Biz siz tomondamiz, lekin ko‘rib turibsizki,
hamma tashvishda. Men o‘zim vrachman va hayajondaman, men bu ayolni tushunib turibman, u qattiq
hayajonlanmoqda, yana qancha ayol shu ahvolga tushib qolishi mumkin! Kim bo‘lishidan qat’iy nazar,
qandaydir bir kimsa, kosmosdan chiqqan bir qallobning hayotimizga tumshuq suqishiga nima haqqi
bor?! Birinchidan, buni konstitutsiyamizni buzish deydilar. Savol tug‘iladi: biz demokratik mamlakatda
yashayapmizmi yoki yo‘qmi? Biz o‘zimizga xo‘jayinmizmi yo yo‘qmi? Inson huquqlarini himoya qilish
degani qani? Shaxsning huquqlarini oyoqosti qilishga kimning haqi bor? Qandaydir nazariyaga, hatto
ilmiy kontseptsiyaga muvofiq yashash va ish ko‘rishga bizni kim majbur qila oladi.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |