www.ziyouz.com kutubxonasi
83
— Agar Tomni o‘zimiz bilan ola kelganimizda...
— Laf, yana o‘sha gapmi?
— Yo‘q, yo‘q, kechir, boshqa gapirmayman.
— Biz bu yerga Tom haqida o‘ylagani emas, tinch, tashvishlarsiz qarilik gashtini surgani kelganmiz.
Uning o‘lganiga necha yillar bo‘ldi. Uni ham, yerdagi sodir bo‘lgan hamma narsani ham unutishga
harakat qilishimiz kerak.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — dedi eri va yana issiqqa intildi. Uning ko‘zlari olovda edi. — Men bu haqda
boshqa og‘iz ochmayman. Shunchaki, haligi... Biz uning qabriga gul qo‘ygan yakshanba kunlari Grin-
Lon-Parkka qilgan safarlarimizni juda-juda qo‘msab ketayapman...
Moviy yomg‘ir mayin suvlari bilan uyni yuvar edi.
Soat to‘qqizda ular yotishdi; bir-birining qo‘lini ushlagancha ular jim yotar edilar, er 55 yoshda,
xotin 60 yoshda, yomg‘ir shovqiniga to‘la tubsiz zulmat qo‘ynida.
— Enn, — asta chaqirdi er.
— Ha? — javob berdi xotin.
— Hech narsa eshitmadingmi?
Ular birgalikda shamol va yomg‘ir shovqiniga quloq tutishdi.
— Hech narsa, — dedi xotin.
— Kimdir hushtak chaldi, — izoh berdi er.
— Yo‘q, men eshitmadim.
— Borib qaray-chi, har ehtimolga qarshi.
Er xalatini kiydi-da, butun uyni yurib o‘tib, tashqari eshikkacha bordi. Jur’atsiz qadamlarini
sekinlatib, asta eshikni itardi va yomg‘irning muzdek tomchilari yuziga urildi. Shamol esardi.
Eshik tagida mo‘‘jazgina qiyofa turardi.
Osmonni poralab chaqmoq chaqdi, uning bir zumlik yog‘dusida haligi qiyofaning chehrasi namoyon
bo‘ldi. U Lafarjga qarab turardi.
— Kimsiz? — qichqirdi chol titragancha.
Jimlik.
— Kim bu? Nima kerak sizga?
Hamon churq etgan tovush yo‘q.
Chol o‘zini o‘lgudek charchoq, zaif, madorsiz his qildi.
— Kimsan deyapman? — qichqirdi Lafarj yana.
Xotini orqadan keldi-da, erining qo‘lidan tutdi.
— Nega bunaqa qichqirayapsan?
— Naryoqda bir bola turibdi, menga javob berishni istamayapti, — dedi chol qaltiragancha. — U
Tomning o‘zginasi!
— Yur, uxlaylik, senga shunaqa tuyulgan.
— Ana u, hali ham turibdi, o‘zing qaragin.
Lafarj xotinim baralla ko‘rsin deb eshikni kengroq ochdi. Muzdek shamol, siyrak yomg‘ir orasidan
ular tomon o‘ychan qaragancha bir qiyofa turardi. Keksa xotin eshik kesakisiga suyandi.
— Ket! — dedi u qo‘lini silkitib. — Ket!
— Tomga o‘xshamaydi, demoqchimisan? — so‘radi chol.
Qiyofa qilt etmas edi.
— Qo‘rqib ketayapman, — dedi xotin. — Eshikni yop-da, ketdik, borib uxlaylik. Kerak emas, kerak
emas!...
Shunday deya u o‘zicha allaqanday duolarni o‘qigancha yotoqxona tomon ketdi.
Chol hamon shamolda turardi, qo‘llari muzdek nam havoda qotib qolgan edi.
— Tom, — asta dedi u. — Agar bu sen bo‘lsang, agar mo‘‘jiza ro‘y berib, bu yerga kelgan bo‘lsang,
men eshikni yopmayman. Agar sovqotib isingani uyga kirmoqchi bo‘lsang, kir va borib kamin tagida
cho‘zil, u yerda po‘stak yozig‘liq.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |