www.ziyouz.com kutubxonasi
91
— Sen biz bilan uyimizga borasan. Men hammasini bilaman.
— To‘xta, — oraga suqildi politsiyachi, — u hibsga olingan! Uning ism-sharifi Dekster, qotilligi
uchun qidirilmoqda.
— Yo‘q, yo‘q! — piq-piq yig‘ladi ayol. — Bu mening erim! Nima, o‘z erimni tanimay o‘libmanmi?!
Boshqa ovozlar o‘z aytganida turib oldi. Olomon qaynar edi.
Missis Lafarj Tomni gavdasi bilan to‘sib oldi.
— Bu mening o‘g‘lim, sizlar uni hech qanaqangi ayb bilan ayblashga haqqingiz yo‘q! Biz uyga
borishimiz kerak!
Tom esa to‘xtovsiz qaltirar edi. Uning avzoyidan qattiq kasalga o‘xshardi. Olomon hamon bostirib
kelar, toqatsizlik bilan qo‘llarini cho‘zar, uni tutib olmoqchi bo‘lar edi.
Tom qichqirib yubordi.
U hammaning ko‘z o‘ngida o‘zgarmoqchi edi. Bu Tom edi, Jeyms ham, Svichmen ism-sharfli odam
ham edi, Betterfild ism-sharifli boshqa odam ham edi, bu shahar meri edi va YUdif ismli qiz ham, eri
Uilyam ham, xotini Klarissa ham edi. U bamisoli yumshoq, ularning tasavvuricha itoatgo‘y edi. Ular
qichqirar, bostirib kelar, o‘zlari tomon chorlar edilar. U ham ularga qo‘llarini keng yoyib, siltagancha
qichqirar va har bir qichqiriq uning yuzini o‘zgartirib yuborar edi.
— Tom! — chaqirdi Lafarj.
— Alisa! — yangradi yangi qichqiriq.
— Uilyam!
Ular yigitchani qo‘lidan ushlab oldilar, so‘nggi marta qichqirib, yerga yiqilmaguncha o‘zlari tomon
tortaverdilar.
U toshlar ustida yotardi — erigan mum qotmoqda edi, uning basharasi barcha basharalar kabi edi,
bir ko‘zi moviy, ikkinchi ko‘zi tillarang, sochi qip-qizil, malla, sarg‘ish, qora edi. Bir qoshi baroq,
ikkinchisi ingichka, bir qo‘li katta, ikkinchisi kichkina edi.
Ular barmoqlarini lablariga qo‘ygancha uning boshi uzra turar edilar. Ular egildilar.
— U o‘ldi, — dedi kimdir oxiri.
Yomg‘ir yog‘a boshladi.
Tomchilar odamlarga tusha boshladi va odamlar osmonga qarashdi.
Ular orqaga burilishdi-da, avval sekin, keyin tez-tez odimlar bilan uzoqlashishdi, keyin esa har
tomonga qarab chopib ketishdi. Faqat dahshat ichida qolgan mister va missis Lafarj bir-birining
qo‘lidan tutgancha, joylarida turar va unga qarar edilar.
Yomg‘ir osmonga yuzlangan, hech qanday tanish belgisi qolmagan basharani yuvar edi.
Enn unsiz yig‘lay boshladi.
— Ketdik uyga, Enn, endi qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, — dedi chol.
Ular qayiqqa tushishdi va zulmat ichida kanaldan suzib ketishdi. Ular o‘z uylariga kirishdi va
kaminga o‘t qalashdi, qo‘llarini o‘tga toblab isinishdi. Ular uxlagani ketishdi va holdan toygan,
qaltiragan ko‘yi yomg‘irning yana tomni nog‘ora qilib chalayotganiga quloq solib birga yotishdi.
— Tishsh, — to‘satdan dedi Lafarj yarim tunda. — Hech narsa eshitmayapsanmi?
— Yo‘q, eshitmayapman...
— Baribir chiqib qaray-chi.
U zim-ziyo xonani paypaslanib yurib o‘tdi-da, ochishdan oldin katta eshik oldida uzoq turdi.
Nihoyat eshikni lang ochdi-da, tashqariga ko‘z soldi.
Yomg‘ir bo‘m-bo‘sh hovliga osmondan suv quyib anhorni, ko‘m-ko‘k tog‘ yonbag‘irlarini yuvar edi.
U besh daqiqacha kutib turdi, so‘ng ho‘l qo‘llari bilan asta eshikni yopdi-da, lo‘kidonini surib qo‘ydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |