www.ziyouz.com kutubxonasi
126
vayrongar bo‘lib ketaverdi va oxiri Yerning boshiga yetdi. Radioning jim bo‘lib qolgani shundan.
Bizning qochib kelganimiz shundan. Tag‘in ham omadimiz bor ekan.
Boshqa bitta ham raketa
qolmadi. Biz aslo baliq tutgani kelmaganimizni bilish vaqti keldi. Men galga solaverdim, aytmasdim...
Yer halok bo‘lgan. Sayyoralararo aloqalar yangilanishidan oldin — agar ular yangilana olsa — asrlar
o‘tar. O’shandagi hayot tarzi o‘zining yaroqsizligini ko‘rsatdi va o‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirdi.
Sizlar endi-
endi yashay boshlayapsizlar. To o‘zlashtirib olmaguningizcha men bular barchasini sizlarga kunda
takrorlayveraman...
Gulxanga yana qog‘ozlarni tashlash uchun u gapdan to‘xtadi.
— Endi bizlar yolg‘izmiz. Bizlar va yana ikki-uch kundan keyin uchib keladigan bir hovuch odamlar.
Hammasini boshidan boshlashga shu kifoya. Yerdagi hamma narsa ustiga xoch qo‘yish va yangi
yo‘ldan borish uchun shu yetarli...
Otaning gapini tasdiqlagandek olov yorqinroq alangalandi. Hamma qog‘ozlar yonib bo‘lgandi,
faqat
bitta qog‘oz qolgandi. Yerning barcha qonun va dinlari halizamon shamol uchirib ketadigan mayda
issiq kulga aylangandi.
Timoti dadasi gulxanga tashlagan so‘nggi varaqqa qaradi. Jahon xaritasi... U buraldi,
olovdan
jingirtob bo‘ldi, kulga aylandi va tungi qora kapalakday uchib ketdi. Timoti yuzini o‘girdi.
— Endi men sizlarga marsliklarni ko‘rsataman, — dedi ota. — Qani, turinglar. Sen ham, Alisa.
Ota uning qo‘lidan tutdi.
Maykl yig‘lab yubordi, dadasi uni bag‘riga oldi-da, olib ketdi. Xarobazorlar yonidan o‘tib, ular
pastga, kanal tomonga yo‘l olishdi.
Kanal. Bu yerga ertaga yo birisi kuni qayiqda ularning bo‘lajak xotinlari — dada va oyilari bilan
quvnoq qizchalari kelishadi.
Tun bostirib keldi, ko‘kka yulduzlar sochildi. Ammo Timoti Yerni topa olmadi. U botib ketgandi.
Buni o‘ylamasdan bo‘larmidi...
Xarobazorlar orasida haqqush qichqirardi. Ota yana tilga kirdi:
— Onangiz bilan men ustozlaringiz bo‘lishga urinib ko‘ramiz. Bu qo‘limizdan kelishiga ishonaman...
Bizlar ancha narsani ko‘rishga va boshdan kechirishga ulgurdik.
Bu sayohatni biz ancha oldin, sizlar
hali dunyoga kelmagan paytlarda o‘ylab qo‘ygandik. Urushlar bo‘lmaganida ham biz, ehtimol, baribir
Marsga
uchib kelar, shu yerda o‘zimizcha yashab, o‘z hayot tarzimizni yaratgan bo‘lardik. Marsni ham
zaharlash uchun Yer tamadduniga yuz yil kerak bo‘lardi. Endi-ku, albatta...
Ular kanalga yetib kelishdi. U uzun, to‘g‘ri, sovuq bo‘lib, uning muzdek oynasida tun aks etib
turardi.
— Men har doim marslikni juda-juda ko‘rishni
xohlab kelardim, — dedi Maykl. — Qani ular, dada?
Siz va’da bergandingiz-ku.
— Ana ular, qara, — javob berdi ota. U Mayklni yelkasiga o‘tqazdi-da, pastni ko‘rsatdi.
Marsliklar! Timotining vujudi titrab ketdi.
Marsliklar. Kanal ichida.
Suv yuzida Timoti, Maykl, Robert, ona va otaning akslari ko‘rinib turardi.
Shovullayotgan suv ichidan marsliklar ularga unsiz uzoq, uzoq qarab qolishdi...
Tamom.
Ruschadan
Amir FAYZULLA
tarjimasi.
www.ziyouz.com
2008