www.ziyouz.com kutubxonasi
124
Mayklga birinchi shaharoq yoqib qoldi, biroq “shoshgan qiz erga yolchimas” degan maqolni
eslashib, uni bundan qaytarishdi. Ikkinchi shahar hech kimning didiga mos kelmadi. Uni yerliklar
qurgandi, uylarning yog‘och devorlarini qurt yeb, po‘k qilib qo‘ygandi. Uchinchi shahar Timotining
ko‘ngliga xush yoqib qoldi — katta ekan! To‘rtinchi va beshinchi shaharlar hammaga kichkina bo‘lib
ko‘rindi, ammo oltinchisini ko‘rib hammaning, hatto onalarining ham og‘zi ochilib qoldi, “Voy-bo‘!”,
“Zo‘r!”, “Ana buni shahar deydi-da!” kabi xitoblar yangradi.
Shu yerda elliktacha muhtasham bino bus-butun saqlanib qolgandi, ko‘chalari changli bo‘lsa-da,
tosh yotqizilgan edi. Maydonlardagi ikki-uchta ko‘hna favvoralardan hamon nam sizib turar,
botayotgan quyosh nurlarida jimirlab ko‘ringan suv jilg‘alari butun shahardagi hayotning yagona
zuhuri edi.
— Shu yer, — bir ovozdan dedi hamma.
Ota qayiqni bandargohga olib keldi-da, qirg‘oqqa sakrab chiqdi.
— Mana, keldik ham. Bular barchasi — bizniki. Endi shu yerda yashaymiz!
— Yashaymiz? — Maykl shoshib dedi. U shaharga qaragancha oyoqqa turdi, so‘ng ular raketani
qoldirgan tomonga yuzini o‘girdi. — Raketa nima bo‘ladi? Minnesota nima bo‘ladi?
— Mana, — dedi ota. U radiopriyomnikni Mayklning mallarang boshiga taqadi. — Tingla.
Maykl quloq sola boshladi.
— Hech narsa yo‘q, — dedi u.
— To‘g‘ri. Hech narsa yo‘q. Hech narsa qolmagan. Hech qanaqa Minneapolis, hech qanaqa raketa,
hech qanaqa Yer qolmagan.
Maykl bu dahshatli kashfiyot xususida biroz xayol surib turdi-da, g‘inshib qo‘ydi.
— Shoshma, Maykl, — taraddud bilan dedi ota. — Buning evaziga men senga ko‘proq narsa
beraman.
— Nima? — Qiziquvchanlik ko‘z yoshlarini to‘xtatib qoldi, biroq agar otaning bundan keyingi
kashfiyotlari avvalgisiday qayg‘uli bo‘ladigan bo‘lsa, Maykl hoziroq ho‘ngrab yig‘lab yuborishga tayyor
edi.
— Bu shaharni men senga in’om etaman, Maykl. U seniki.
— Meniki?
Timoti qayiqdan sakrab tushdi.
— Qaranglar, yigitlar, balandga! Ha, yana ham balandga!
U otasi bilan baravar o‘ynardi, o‘ynaganda ham qotirib o‘ynardi, jonini jabborga berib o‘ynardi.
Hamma narsa joyiga tushib, o‘rnashib olganlaridan keyin u ehtimol o‘n daqiqaga biron xilvatga
boradi-da, yig‘lab ko‘nglini bo‘shatib oladi. Biroq hozir “oila ta’tilda” o‘yini ketayotir va ukalari o‘ynab
olishlari kerak.
Maykl va Robert qirg‘oqqa sakrab chiqishdi. Ular onalarining ham bandargohga chiqib olishida
yordamlashib yuborishdi.
— Opachangizni ehtiyot qiling, — dedi ota; faqat anchadan keyingina uning nimani ko‘zda tutib
shunday deganini anglab yetishdi.
Shunday qilib, ular shosha-pisha ulkan qizil tosh shahar tomon yurib ketishdi, ular shivirlab
gaplashar edilar, — o‘lik shaharlarda nimagadir shivirlab gapirging, quyosh botishini tomosha qilging
keladi.
— Besh kundan keyin, — asta dedi ota, — men raketamiz turgan joyga qaytib boraman va
xarobazorga berkitib qo‘ygan ozuqalarni olib olaman. Bir yo‘la xotini va qizlari bilan Berta Edvardsni
ham qidirib ko‘raman.
— Qizlari bilan? — takror so‘radi Timoti. — Nechta ular?
— To‘rtta.
— Buning oxiri voy bo‘lmasa deb qo‘rqaman-da, — asta boshini chayqab dedi ona.
— Qizaloqlar. — Maykl marslik sanamlarning tosh haykallari yuzini ermak qilib, aftini burishtirdi. —
Qizaloqlar.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |