www.ziyouz.com kutubxonasi
6
— O’yga cho‘mib qolibman.
— Tabiatga bunchalik shaydoligingni bilmas ekanman. Bugun ko‘zingni osmondan sira
ololmayapsan.
— Osmon juda ham chiroyli.
— Bilasanmi, men nima haqda o‘yladim, — asta davom etdi er, — bugun Xallga telefon
qilmaymizmi? Bir haftaga kelyapmiz deb aytamiz. Undan ko‘p emas. To‘g‘rim sizlarnikiga. Moviy
tog‘larga borayapmiz, deymiz. Qalay, zo‘r fikrmi?
— Moviy tog‘larga! — Ayol bir qo‘li bilan chodir chekkasidan tutdi-da, eri tomon keskin o‘girildi.
— Bu taklif, xolos.
— Xo‘sh, qachon bormoqchisan? — asabiy so‘radi ayol.
— Yo‘q demasang, ertaga ertalaboq jo‘naymiz, —shoshib javob berdi er. — O’zing bilasan, qancha
tez boshlasang, shuncha...
— Axir biz hech qachon bunday erta chiqib ketmagandik-ku?
— Bu yil shu istisno bo‘ladi, — er jilmaydi. — Holatni o‘zgartirib turganga nima yetsin. Osuda, tinch
yashash qanday yaxshi. Xullas, o‘zingdan qolar gap yo‘q. Yanglishmasam boshqa rejalaring yo‘qdir, a
? Qalay, boramizmi?
Ayol xo‘rsindi, chaynaldi, so‘ng dedi:
— Yo‘q.
— Nima?! — erning ovozidan qushlar cho‘chib tushdi, chodir bir silkindi.
— Yo‘q, — qat’iy dedi ayol, — men bormayman.
Er ayolga qaradi. Masala hal bo‘lgan edi. Ayol orqaga o‘girildi. Qushlar uchishda davom etdi.
Shamol quvgan o‘n ming burchak tezligida. Tongda quyosh billur ustunlar orasidan o‘z nurlarini
sochgancha uxlab yotgan Illa ustidagi tumanni haydab yubordi. Tun bo‘yi ayol yumshoq bulut
to‘shagi uzra suzgandek yerda parvoz qilib chiqdi. Tuman esa Illa yostiqqa bosh qo‘ygan zahoti
devorlardan oqib tushgan edi. Tun bo‘yi ayol mana shu harakatsiz daryo uzra dong qotib uxladi. Endi
bulut g‘oyib bo‘lmoqda va nihoyat daryo Illani bedorlik sohilida qoldirgancha uyquni urardi.
Ayol ko‘zini ochdi.
Uning boshida eri turardi. Eri bu yerda bir necha soatdan beri turgandek bo‘lib ko‘rinmoqda edi.
Nimagadir Illa erining ko‘ziga qarashga botinolmayotgandi.
— Yana shu tushni ko‘rdingmi? — dedi u. — Tinmay uyqingda gapiraverib, meni mijja
qoqtirmading. Vrachga ko‘rinmasang bo‘lmaydi.
— Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q.
— Uyqingda rosa alahsiraganing-chi,
— Shunaqami? — Ayol shoshib turib o‘tirdi.
Xona ichi sovuq edi. Tonggi g‘ira-shira yorug‘likda Illaning qomati namoyon bo‘ldi.
— Nima tush ko‘rding?
Ayol eslashga harakat qilib sukut saqladi.
— Kema. U yana osmondan tushdi, undan baland bo‘yli odam chiqib keldi va men bilan gaplasha
boshladi. U bir gapirib o‘n kular, bu esa menga yoqardi.
Mister K. qo‘li bilan ustunni turtdi. Hovur qoplagan iliq suv jilg‘alari xonadagi sovuqni haydab
chiqarmoqda edi. Mister K.ning chehrasi ma’nosiz edi.
— Keyin esa, — davom etdi ayol, — Nataniel York ismli bu g‘alati erkak, siz go‘zalsiz dedi va meni
o‘pib oldi.
— Xah! — qichqirdi er va orqaga o‘girildi.
— Bu bor-yo‘g‘i tush-ku, — dedi ayol o‘zicha xursand bo‘lib.
— Ahmoqona ayolcha tushlarni so‘zlashni qachon bas qilasan?
— Xuddi bolaga o‘xshaysan-a! — U so‘nggi bir parcha kimyoviy tumanga o‘zini tashladi. Zum
o‘tmay ayol asta kulib qo‘ydi.
— Men yana nimanidir eslay boshladim, — Iqror bo‘ldi ayol.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |